Ilg’or texnologiyalar markazi


Shaxlo Utkurovna Turdikulova

Ilg’or texnologiyalar markazi direktori

+998 (71) 227-43-21

info@cht-tashkent.uz

cat-science.uz

2018 yil aprel oyidan Ilgʻor texnologiyalar Markazi ilmiy-tadqiqot muassasasi maqomida Innovatsion rivojlanish vazirligi tarkibiga kiritilgan.

Markaz vazirlikning texnologik maydonchasi boʻlib, u olimlar, innovatorlar va tadbirkorlar, barcha ishtirokchilar va umuman Oʻzbekiston Respublikasi uchun iqtisodiy jihatdan foydali boʻlgan qoʻshma yechimlar ishlab chiqish imkoniyatini beradi.

Ilm-fanga asoslangan texnologiyalarni tijoratlashtirish va trasnfe­ri borasida tubdan yangi yondashish - Markazning asosiy xususiyati hi­sob­lanadi. Markazning maqsadlari istiqbolli gʻoyalar va innovatsion ishlan­ma­larni shakllantirishga yordam berish, shuningdek, uskunalar va infratu­zil­mani almashish orqali yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlarni kompleks qoʻllab-quvvatlashdir. Markaz tadqiqot va innovatsiyalar sohasida yuqori standartlarni qoʻllashda yetakchilik qilishni maqsad qilgan. Mamlakatni innovatsion ekotizimini rivojlantirish va yangi “innovatsion fikrlovchi“ yoshlarni tayyorlashni, shu jumladan, fan sohasida gender tengligini qoʻllab-quvvatlashni taʼminlashda texnologik maydoncha boʻlib xizmat qiladi.

Markazning eshiklari doimo tajribali olimlar, shuningdek, ilm-fan hayotining ajralmas qismi boʻlgan yosh tadqiqotchilar va ishlab chiqaruvchilar uchun ochiq.

Markazining asosiy vazifalari quyidagilar hisoblanadi:

  • fundamental, amaliy ilmiy tadqiqotlarni va ilgʻor texnologiyalar sohasida innovatsion ishlanmalarni amalga oshirish;
  • maqsadli ilmiy-texnik va innovatsiya dasturlarini amalga oshirish, ilmiy-tadqiqot va rivojlantirish tuzilmalarni tashkil etishga koʻmaklashish;
  • ilm-fanga asoslangan texnologiyalarni va ilgʻor texnologiyalarni ishlab chiqish, modellashtirishda, maketlashtirishda,yangi innovatsion mahsulotlar tayyorlash va ularni sinovdan oʻtkazishda qatnashish; akademik, OTM va sanoat sohalarida ilm-fan bilan samarali hamkorlik qilish;
  • yangi istiqbolli gʻoyalar va ishlanmalarni shakllantirishga koʻmaklashish;
  • yoshlarning zamonaviy tadqiqot usullarini oʻrganishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, ilmiy tajribaga axborot texnologiyalari imkoniyatlarini joriy etish, xalqaro ilmiy aloqalarni kengaytirish va mustahkamlash.

Hozirgi vaqtda Markaz zamonaviy biotexnologiya, geofizika va nanomineralogiya, molekulalararo taʼsirlashuv va skrining, fizik-kimyoviy tadqiqotlar usullari bilan shugʻullanuvchi 4 ta laboratoriyadan, shuningdek, tijoratlashtirish boʻlimidan iborat.

Ishlab chiqarish bilan integratsiyalashuvning bir qismi sifatida davlat va xususiy kompaniyalar hamda tashkilotlarga tahliliy xizmatlarning keng spektri taqdim etiladi.

Ilgʻor texnologiyalar markazining asosiy ilmiy yoʻnalishlari:

  • Turli hil dorilar ishlanmalarini olish uchun samarali texnologiyalarni rivojlantirish (shu jumladan, antimikrobli va fungitsid xususiyatli, antibiotik va virusga qarshi, rekombinant dori darmonlar)
  • Istiqbolli, mamlakatimiz ishlanmasi boʻlgan dori vositalarining biologik taʼsirini skrining qilish
  • Ijtimoiy ahamiyatga ega kasalliklarning molekulyar genetika sohasidagi tadqiqotlari: irsiy (tugʻma patologiyali), multifaktorial va yuqumli kasalliklar
  • Tibbiyot va qishloq xoʻjaligi uchun klinik va biokimyoviy tadqiqotlar uchun zamonaviy sinov toʻplamlarini ishlab chiqish
  • Inson va boshqa tirik tizimlarni xemometrika va metabolimika sohasida fundamental tadqiqotlarni yangi yoʻnalishlarini rivojlantirish
  • Oʻsimliklarni mikroklonal koʻpayish texnologiyalarini rivojlantirish (dorivor, manzarali, qishloq xoʻjaligiga ahamiyatli)
  • Oʻzbekistonda asl metallar va nodir yer minerallashuvini baholash, izlash va geologik qidirish boʻyicha ilmiy metodologiyani ishlab chiqish - Oʻzbekiston hududining yopiq va noanʼanaviy mineralizatsiya turlari boʻyicha istiqbollarini baholash, mineral zaxiralar uchun istiqbolli maydonlarni aniqlash.
  • Texnogen va tabiiy jarayonlarni kuzatish uchun innovatsion geofizik texnologiyalarni ishlab chiqish.
  • Boyitish va qayta ishlash jarayonida foydali komponentlari konsentratsiyasi kam boʻlgan maʼdanlarni oʻrganish, foydali komponentlari kam kontsentratsiyali yopiq, katta hajmli va noanʼanaviy obyektlarni izlash va baholash.
  • Yangi kompozit materiallarni olish texnologiyasini, yuqori quvvatli lazer nurlanishining qattiq moddalar bilan oʻzaro taʼsirida mikronli membranalar va boshqalarni olish texnologiyasini ishlab chiqish.

Ilgʻor texnologiyalar markazi ishlanmalari:

  • Biokimyoviy tahlil uchun reagent toʻplamlari ishlab chiqildi - qonni laboratoriya sharoitida tashxislashda foydalanish uchun gemoglobin, bilirubin, glyukoza, karbamid, ALT, AST ni aniqlash
  • “Antigen-Kardiolipinli” preparatini ishlab chiqarish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligidan roʻyxatdan oʻtkazildi va ruxsatnoma olindi.
  • “Seysmik maʼlumotlarni qayd qiluvchi raqamli qurilma (stansiya)“ (Andijon GЕS da prototip oʻrnatilgan) yaratildi.
  • Mahalliy xom ashyodan aktivlashtirilgan koʻmir ishlab chiqarishning innovatsion usuli ishlab chiqildi, bu energiya isteʼmolini va uni ishlab chiqarish uchun uskunalar sarflashni kamaytirish imkonini beradi, IAP 03601 sonli patent mavjud
  • “Mikrobga qarshi genetik-muhandislik yangi avlod dorisi – Defenzin “ - patent olish uchun buyurtma berilgan.
  • Oʻsimliklarning tuz stressini kamaytirish, biologik azot bilan taʼminlovchi va fitopatogen mikroorganizmlar oʻsishini va rivojlanishini bostiruvchi “BioAzot-Antisalt“ gel holatidagi mikrobli biopreparat
  • Neft va gaz sanoati va energetika inshootlari ishlab chiqarishini avtomatlashtirish uchun dastur-texnik majmualari.

2018 yilgi asosiy natijalar

S.A.T. Science Accelerator

 

Innovatsion texnologiyalar rivojlanishiga koʻmak beruvchi samarali ekotizim yaratish maqsadida Markaz qoshida yuqori texnologik startaplar uchun innovatsion startap akselerator va inkubator yaratilgan, innovatsion gʻoyalarni haqiqiy mahsulotga yoki ish prototipiga aylantirish uchun texnik imkoniyatlarni taqdim etish, innovatsion tadbirkorlik, konsalting sohasida treninglar, seminarlar, mahorat darslari, imtiyozli sharoitlarda infratuzilmalar, xonalar, laboratoriyalar va asbob-uskunalar taqdim etish orqali ilmiy gʻoyalar va texnologiyalarni joriy etish uchun shart-sharoitlar yaratilgan.

Ilgʻor texnologiyalar markazining startap-akseleratori tabiiy fanlar sohasida innovatsion ishlanmalarning yosh mualliflari uchun tashkil etilgan boʻlib, har bir bosqich 6 oy davomida oʻtkazib boriladi.

Akcelerator faoliyati yoshlarni tabiiy fanlar sohasida ilmiy gʻoyalarni moliyalashtirishda innovatsion ishlanmalarga jalb etishga koʻmak beradi, ilm-fan, ishlab chiqarish va investorlar oʻrtasidagi yaqin aloqalar shakllanishi, istiqbolli gʻoyalar, mahsulotlar, ishlanmalar bankini yaratilishi, respublikada intellektual mulkni tijoratlashtirish sohasining keng targʻib qilinishi va innovatsion faoliyatni takomillashishiga hissa qoʻshadi.

GIST (Fan va texnologiya orqali global innovatsiyalar) startap trening

13-16 noyabr kunlari AQSH elchixonasi va Innovatsion rivojlanish vazirligi hamkorligida tashkil etilgan, Markaziy Osiyoda ilk borGIST (Fan va texnologiya boʻyicha global innovatsiya) boshlangʻich treningi boʻlib oʻtdi. Treningda Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Tojikistondan startap jamoalar ishtirok etdi. Tadbir global tadbirkorlik haftaligi doirasida oʻtkazilib, individual innovatsion imkoniyatlarni kengaytirishga, yangi startaplar tashkil etishga va mintaqada tadbirkorlik ekotizimini mustahkamlashga qaratilgan. 2011 yildan boshlab GIST dunyodagi 27 milliondan ortiq innovator va tadbirkorlarni jalb etdi, 220 million AQSH dollaridan ortiq sarflangan 8,4 mingdan ortiq startap mashgʻulotlar oʻtkazdi. Trening yakunida hakamlar uchta gʻolib jamoani tanlab oldilar, ular bir mingdan uch minggacha AQSH dollari miqdoridagi pul mukofotlarini olishdi.

 

Taʼlim va xodimlar:

 

4-28 iyun kunlari ITM bazasida “Geologiya va geoinformatika tizimlari“, “Zamonaviy biotexnologiya usullari“, “Molekulalararo taʼsirlashuv va skrining “, “Zamonaviy tahliliy fizik va kimyoviy usullar“ mavzularida yozgi maktablar tashkil etildi. Jami 40 nafar OTM talabalari yozgi maktablarda malaka oshirdi. Yozgi maktab yakunida treningni muvaffaqiyatli yakunlagan barcha ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.

I.M.Gubkin nomidagi RDU Toshkent filiali talabalari uchun yetakchi xorijiy mutaxassislar tomonidan elektrorazvedka - magnetotellurik zondlash usuli (MTZ) bilan bir oylik yozgi amaliyot va mahorat darslari oʻtkazildi.

Noyabr oyida xorijiy ekspertlar ishtirokida NGS-target sekvenirlash usuli boʻyicha oʻquv maktabi oʻtkazildi.