Yangiliklar

Zamonaviy bionik protez qoʻllar Toshkentda

 

Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Innovatsion ishlanmalarni joriy etish ilmiy-amaliy markazi va “Skolkovo” innovatsion markazining rezidenti - Rossiyaning “Motorika” innovatsion markazi bilan hamkorlikda joriy yilning 11-iyul kuni Toshkent shahridagi Protezlash va ortopediya markazida nogironligi bor shaxslar uchun bionik protez qoʻllar oʻrnatish amaliyoti boʻlib oʻtdi.

Tadbirning yurtimizda oʻtkazilishi soha rivoji uchun muhim qadamlardan biri boʻldi. Nogironligi bor shaxslarga bionik protez qoʻllarni oʻrnatish amaliyoti har bir mijozga individual tarzda yondashgan holda, olgan jarohatiga koʻra, 3D texnologiyasini qoʻllash orqali amalga oshirildi. Nogironligi bor boʻlgan qoraqalpogʻistonlik Xoʻjabayev Tengelbay 2015-yili ish jarayonida baxtsiz hodisa tufayli qoʻllaridan ajralgan. Bugungi amaliyot natijasida u nafaqat qoʻllariga ega boʻldi, balki ertangi kunga ishonchi, orzu-umidlari ortdi. Endi oʻzi har bir sogʻlom odam kabi kiyinish, ovqatlana olish imkoniyatiga ega boʻlganidan juda ham xursand.

Shuningdek, tadbirga tashrif buyurganlar Moskvalik tajribali mutaxassislardan bepul maslahat olish, bionik protez qoʻllar ishlash jarayonini kuzatish va shuningdek, bionik qoʻllar foydalanuvchilari bilan bevosita muloqot qilish imkoniga ega boʻldilar.

Shu oʻrinda aytib oʻtmoqchimizki, 2017-yildan Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi “Yashnobod” texnoparki rezidentligini olgan Mingbaevʼs Academy of Robotics kompaniyasi Oʻzbekistonda ilk bor inson qoʻlining bionik protezini ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻydi. 2017-yil dekabr oyida yurtimizda ilk bionik protez qoʻl bemorga qoʻyildi. Robotlashtirilgan bionik protezlar 3D-printerda chiqariladi, bu esa uning narxini ancha arzonlashtiradi.