Yangiliklar

Springer Nature elektron resurslaridan Oʻzbekiston olimlari foydalanishlari mumkin

Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi va xorijiy “Springer Nature” kompaniyasi yaqin hamkorlik aloqalarini davom ettirmoqda. Hamkorlik doirasida imzolangan shartnomaga asosan yurtimizdagi oliy taʼlim muassasalariga va ilmiy tashkilotlarga 2020-yil 1-yanvardan boshlab Springer Nature kompaniyasi elektron resurslaridan bepul foydalanish imkoniyati taqdim etildi.

Ushbu imkoniyatni taqdim etishdan koʻzlangan asosiy maqsad yil davomida xorijiy kompaniya jurnallaridan foydalanish, Oʻzbekistondagi oliy oʻquv yurtlarida oʻquv jarayonini hamda ilmiy tashkilotlarda tadqiqotlar samaradorligini oshirish, Springer Nature resurslari bilan tanishish, Springer Nature kompaniyasining reyting jurnallarida Oʻzbekistonning maqolalar va kitoblarining sifati va miqdorini oshirish hisoblanadi.

Oliy taʼlim va ilm-fanning kuchli raqobatbardosh tizimini yaratish Oʻzbekiston uchun muhim yoʻnalishlardan biri hisoblanadi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda ilm-fanning rolini kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratayotgani ilgʻor innovatsion ishlanmalar va yuqori texnologiyalarni qoʻllab-quvvatlash, ilmiy-amaliy tadqiqotlarning raqobatbardoshligini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Innovatsion rivojlanish vazirligi bu jarayonda ilmiy tadqiqotlar, yuqori texnologiyalar va innovatsion ishlanmalar sifatini oshirish, ularning natijalarini iqtisodiyotga izchil joriy etishda doimiy koʻmakchidir.

Jahon tajribasidan maʼlumki, ilmiy tadqiqotlar natijalaridan samarali foydalanish ilm-fanga davlat investitsiyalari oqimini koʻpaytirib, ilmiy tadqiqotlar sifati va natijadorligini oshiradi. Bu esa, oʻz navbatida, mamlakatda ilm-fan maqomini yangi pogʻonaga olib chiqishga koʻmaklashadi.

Shuningdek, yurtimizda ushbu resurslardan foydalanish istagini bildirgan oliy taʼlim muassasalari va ilmiy tashkilotlar koʻpligi hamda ushbu resurslardan foydalanish orqali xorijiy hamkorlarni topish, ular bilan birgalikda xorijiy grant tanlovlari doirasida investitsiya jalb qilish imkoniyatini oshirish maqsadida vazirlik respublikamiz olimlari uchun Springer Nature kompaniyasining elektron resurslariga 1 yil davomida bepul foydalanish imkoniyatini taqdim etdi.