Yangiliklar

Moʻynoqda yosh biologlar maktab oʻrmonlari yaratishadi

 

Innovatsion rivojlanish vazirligining Qoraqalpogʻistonga tashrifi yakuni boʻyicha Moʻynoqdagi oʻquv maskani yosh biologlariga alohida imkoniyatlar yaratildi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Orolboʻyi xalqaro innovatsiya markazining Moʻynoq filialida maktab oʻquvchilari uchun yosh biologlar tajriba uchastkasini tashkil etish va ushbu yer maydonida oʻquvchilarga boshlangʻich amaliy ekologik taʼlim berishni yoʻlga qoʻyish yuzasidan uch tomonlama kelishuv Memorandumi tuzildi.

Ushbu loyihada ishtirok etayotgan Toshkent shahridagi “Ecomaktab” ekologiya-resurs markazi oʻquvchilar uchun oʻquv dasturlarini tuzish, “Maktab oʻrmonlari” loyihasini qoʻllab-quvvatlash, ekologik bilim va madaniyatni oshirishga qaratilgan hamkorlikdagi tadbirlar uchun ekspert-metodik yordam koʻrsatishda ishtirok etadi.

Moʻynoq tumanidagi 7-sonli oʻrta maktab oʻquvchilari uchun Orolboʻyi xalqaro innovatsiya markazining ilmiy-ishlab chiqarish uchastkasida yer maydoni ajratilgan boʻlib, oʻquvchilarga olib borilayotgan laboratoriya tadqiqotlari boʻyicha maʼlumotlar beriladi, innovatsion yoʻnalishdagi tadbirlar bilan tanishtirib boriladi, amaliy mashgʻulotlarni oʻtkazish imkoniyatlari yaratiladi.

Ushbu hamkorlik yoshlarni ilm-fanga qiziqishlarini oshishiga xizmat qiladi, hududning ekologik holatini ijobiy tomonga oʻzgartirish uchun zamonaviy texnologiyalar, yangi bilimlardan foydalanishda muhim ahamiyatga ega boʻladi.