Yangiliklar

Ibrohim Abdurahmonov: Olimlar tadqiqotlar oʻtkazishlari uchun sharoitlar yaratilmoqda, talablar ham oshmoqda!

 

 

6 may kuni Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov Fargʻona politexnika institutida Fargʻona, Andijon va Namangan universitet prorektorlari va oʻqituvchilari ishtirokida uchrashuv oʻtkazdi. Uchrashuvda olimlar, professorlar, doktorantlar, mustaqil tadqiqotchilar va Fargʻona Yoshlar innovatsiya markazi vakillari qatnashdilar.

− Oʻtgan yilning oktyabr oyida Prezidentimiz tomonidan 2019−2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini innovatsion rivojlantirish strategiyasi tasdiqlanib, mazkur strategiyaning asosiy maqsadi − inson kapitalini rivojlantirish ekani belgilandi, ­− dedi vazir. ­ − Shu bilan bir qatorda Oʻzbekiston innovatsion rivojlanish yoʻliga oʻtganini eʼlon qilar ekan, endi axborot va fanga yoʻnaltirilgan texnologiyalarni qoʻllashga taʼlim sohasini rivojlantirishga katta eʼtibor qaratmoqda. Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan 2018 yili yosh olimlarning qisqa muddatli ilmiy stajirovkalarini tashkil etish maqsadida uch marotaba tanlov oʻtkazildi. Hozirgi kunga qadar, 40 nafar yosh olimlarning AQSH, Xitoy, Germaniya, Rossiya, BAA va boshqa davlatlardagi yetakchi ilmiy markazlaridagi maqsadli ilmiy stajirovkalari moliyalashtirildi.

Vazir, shuningdek, bugungi kundagi doktorantura tizimidagi oʻzgarishlar, innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan taqdim etilayotganga amaliy va innovatsion loyihlarni taqdim etish tartibi haqida gapirdi.

Shu oʻrinda vazir 2019 yildan boshlab innovatsion rivojlanish vazirligi davlat ilmiy-texnika dasturlari doirasida bajariladigan innovatsion hamda amaliy loyihalar, shuningdek, oʻz xarajatlarini oʻzi qoplash asosida moliyalashtiriladigan ustuvor innovatsion, ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik va startap loyihalar tanlovlari natijalariga koʻra gʻolib boʻlgan jami 59 ta loyihani 45,4 mlrd. soʻm miqdorida moliyalashtirishga kirishganini qayd etdi.

− Avvallari bir olimga 30-40 million soʻm miqdorida grantlar ajratilgan boʻlsa, endi bu grantlarning summasi anchayin koʻpaydi. Har bir olim yoki olimlar jamoasiga 300 million soʻmdan 1 milliard soʻmgacha boʻlgan grantlar berilmoqda. Ammo talab ham oshgan! Endi olim maqola bilan emas, innovatsion mahsulot, yangi texnologiyalar, yoki sanoat namunasi bilan hisobot berishi shart qilib qoʻyildi. Toki olimlar tomonidan yaratilgan mahsulot yurtimiz iqtisodiyotiga foyda keltirsin, xalqning turmushi yanada farovon boʻlsin!

Oʻz navbatida, fargʻonalik olimlar va doktorantlar vazirlik tomonidan eʼlon qilinayotgan mavzuga doir grant tanlovlarida ishtiroklari sustligi, topshirayotgan loyihalari soni juda kam ekanligi tanqidiy tahlil qilindi va kamchiliklar koʻrsatildi. Vazir ularni faolroq boʻlishga undadi.

Bundan tashqari, Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish va novatorlik gʻoyalarini qoʻllab quvvatlash jamgʻarmasi tomonidan Fanlar akademiyasi 2018 yilda taqdim etgan roʻyxatlarga muvofiq oltita ilmiy-tadqiqot muassasalariga 173 turdagi 7,2 mln. AQSH dollari miqdoridagi ilmiy laboratoriya asbob-uskunalari xarid qilinishi, joriy yil uchun oʻn bitta ilmiy-tadqiqot institutlariga 8,4 mln. dollar miqdoridagi laboratoriya jihozlari xarid qilinishi koʻzda tutilganini va bu saʼy-harakatlar yurtimiz ilm-fanining yanada rivojlanishiga hissa qoʻshishini taʼkidlandi.