Yangiliklar

Buxoroda havodan suv oluvchi uskuna oʻrnatildi

 

Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Isroilning “Watergen Ltd.”, Xolon texnologiyalar instituti bilan hamkorlikda 14 may kuni Buxoro shahrida “Gen-350” atmosfera suv generatori oʻrnatildi. Havo namligidan foydalangan holda toza ichimlik suvini hosil qiluvchi mazkur havo-suv generatori qurilmasi bir sutkada oʻrtacha miqdorda 900 litrgacha toza suv ishlab chiqaradi.“Watergen” texnologiyasi asosidagi “GENiusTm”, “Gen-350” qurilmalari dunyodagi eng kam energiya sarflovchi havo-suv generatori boʻlib (AWG), u kam quvvat isteʼmoli bilan koʻproq suv hosil qilish imkonini beradi. Qurilma, shuningdek, bir nechta toʻsiqli filtr kaskadlar orqali havoni filtrlaydi.

Taʼkidlash joizki, atmosfera havosi namlikning ulkan rezervuari hisoblanadi va hatto quruq iqlimli hududlarda ham odatda 1 kv. m. havoda 6-10 gr.gacha suv boʻladi. Issiq quruq, choʻl hududlaridagi yerga yaqin joylashgan 1 kv. km. atmosfera qatlamlarida 20 000 tonna suv bugʻi mavjuddir.

Statistik maʼlumotlarga koʻra, dunyo aholining beshdan bir qismi suv taqchilligi muammosi mavjud hududlarda yashaydi. Bundan tashqari, jahon ahlining toʻrtdan bir qismi yer osti suvlari va daryolardagi suvlardan foydalanish imkoniyatini beruvchi infratuzilmalar mavjud boʻlmagan rivojlanayotgan mamlakatlarda istiqomat qiladi. Suv tanqisligi global muammoga aylanib ulgurgan hozirgi zamonda choʻl hududlarida suvga boʻlgan ehtiyojni qondirish, biologik tizimni muvozanatga keltirish, oʻsimlik va hayvonot dunyosini suv bilan taʼminlash maqsadida havodan suv olish loyihasini amalda sinash respublikamiz uchun oʻta muhim sanaladi.

Shunday qilib, ushbu qurilma Innovatsion rivojlanish vazirligi boshchiligida tajriba tariqasida sinovdan oʻtkazish uchun yurtimizda ilk bor Buxoro shahrida oʻrnatildi.

Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov 12 may kungi Isroil davlati delegatsiyasi bilan uchrashuvida ushbu loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirilgan taqdirda 2 oydan soʻng Qoraqalpogʻiston Respublikasining Moʻynoq tumanida ham qurilmani amaliyotga tatbiq etish masalalarini muhokama qildi. Vazir, shuningdek, kelgusida har bir xonadon uchun moʻljallangan havo namligidan foydalangan holda toza ichimlik suvini hosil qiluvchi kichik hajmdagi havo-suv generatori qurilmalarini ishlab chiqishni yoʻlga qoʻyish boʻyicha amaliy takliflar berdi.