Yangiliklar

Hindiston qishloq xoʻjaligi ekin navlari Oʻzbekistonda sinovdan oʻtkaziladi

 Innovatsion rivojlanish vazirligi mutaxassisi Akmal Nuriddinov, Genomika va bioinformatika markazi direktori Zabardast Boʻriyev va “Nath Bio-Genes CA” oʻzbek-hind qoʻshma korxonasi xodimlari Sh.Mirzayev, R.Laldan iborat delegatsiya Hindistonda xizmat safarida boʻldi.Xizmat safari davomida Hindistonning qishloq xoʻjaligi ekinlari urugʻchiligi, oziq-ovqat sanoati, genomika va biotexnologiya, farmatsevtika, Internet texnologiya (IT) yoʻnalishlarida faoliyat yuritayotgan ilmiy-tadqiqot muassasalari, yirik kompaniya va korporatsiyalar faoliyati bilan tanishildi va Oʻzbekiston bilan hamkorlik qilish masalalari muhokama qilindi.Delegatsiya “Nath Group” korporatsiyasi qoshidagi “Nath Bio-Genes India Ltd.» urugʻchilik kompaniyasining Aurangabad shahridagi filiali faoliyati, urugʻchilik va biotexnologiya boʻyicha ilmiy izlanishlari va erishgan yutuqlari bilan yaqindan tanishdi. Kompaniya paxta, sholi, makka, joʻxori, sorgo, tariq va sabzavot urugʻchiligini tashkil etish, ularni saralash va qadoqlash hamda ular ustida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish bilan shugʻullanadi. Shuningdek, korxonada oʻsimliklar uchun ozuqa moddalari va biokimyoviy vositalar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgan. Kompaniya tasarrufida 40 gektardan oshiq ilmiy-tadqiqot uchun moʻljallangan yer maydoni mavjud boʻlib unda asosan paxta, makkajoʻxori, sorgo, tariq oʻsimliklari boʻyicha ilmiy-tadqiqot ishlari olib boriladi, sabzavot va boshqa ekinlarning yangi navlari dala sinovlaridan oʻtkaziladi. Shuningdek, gulchilikni tashkil etish maqsadida maydonning bir qismiga yopiq maydon tashkil etilib, gullarning hudud iqlimida oʻsmaydigan navlarini yetishtirish ham yoʻlga qoʻyilgan. Mazkur ilmiy-tadqiqot maydonining asosiy qismida paxtaning yangi navlarini yaratish va uni sinovini tashkil etish yoʻlga qoʻyilgan. Jumladan, paxtaning erta pishar (120 kun), kechki (160 kun), baland va past boʻylik, changlanmaydigan, hashoratlarga chidamli nav va gibridlari yaratilgan. Shuningdek, biotexnologiya orqali paxtaning GMO navi (Bt cotton) ham yaratilgan boʻlib, undan asosan gibridlari olish uchun qoʻllanilib kelinadi. Kompaniya tasarrufida genomika va biotexnologiya boʻyicha kichik laboratoriya mavjud boʻlib, unda asosan paxta va sholining fusion genini qoʻshish orqali GMO (Bacillus thuringiensis – Bt) navlarini yaratish ustida ilmiy ishlar olib boriladi.Muzokaralar natijasida “Nath Bio-Genes India Ltd.» urugʻchilik kompaniyasi 2022-yil ekin mavsumida Oʻzbekiston tuproq-iqlim sharoitiga mos boʻlgan paxta, sholi, sorgo, tariq (Pearl millet), makkajoʻxori oʻsimliklarining nav gibridlarini Samarqand viloyati Paxtachi tumanida sinovdan oʻtkazishiga kelishildi. Oʻz navbatida, 2022-yildan boshlab sholi, sorgo, tariq (Pearl millet), makkajoʻxori va sabzavotchilikni rivojlantirish boʻyicha Oʻzbekiston ilmiy-tadqiqot institut va markazlar bilan hamkorlik qilish va qoʻshma loyihalarni amalga oshirish belgilandi. Xususan, paxtachilik va gen injeneriyasi boʻyicha Genomika va bioinformatika markazi bilan hamkorlikda ilmiy-tadqiqot ishlari olib boriladi.Shuningdek, korxona tasarrufidagi oʻquv xonalari va yotoqxonadan Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi mutaxassis va olimlarini oʻqitish, malakasini oshirish va stajirovkasini tashkil qilishda foydalanish hamda taklifga muvofiq korxona mutaxassislari tomonidan Oʻzbekiston hududida seminar-treninglar tashkil etish boʻyicha tayyorligi maʼlum qilindi.