Yangiliklar

Kutilmagan yangiliklar koʻp Qashqadaryoda

 Prezidentimizning 2021-yil 1-apreldagi “Ilmiy va innovasion faoliyatni rivojlantirish boʻyicha davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi farmoniga asosan respublikamizning 13 ta tumani, jumladan, Qashqadaryo viloyatidagi Nishon tumanini innovasion hududga aylantirish belgilangan.

Mazkur topshiriq ijrosini taʼminlash maqsadida chora-tadbirlar dasturi va yangi innovatsion loyihalarni oʻzida mujassam etgan “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqildi.

– Bu borada Nishon tumani hokimligi bilan uzviy hamkorlikda ish olib boryapmiz, – deydi Innovatsion rivojlanish hududiy boshqarmasi boshligʻi Olimjon Mavlonov. – Jumladan, Innovatsion rivojlantirish vazirligi tomonidan Qashqadaryo viloyatida 2017–2021-yillarda ilm-fan va innovatsiyaga umumiy qiymati 16,4 mlrd. soʻm 31 ta loyiha moliyalashtirilishini alohida taʼkidlash joiz. Hozirning oʻzida “Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi” tomonidan 3,3 mlrd. soʻm mablagʻ ajratilgani tufayli tashabbuskor tadbirkorlar tomonidan amaliy ishlar boshlab yuborildi. Natijada kelgusida qishloq xoʻjaligida 9, sanoat va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish sohasida 4 turdagi yangi mahsulot ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi.

YANTOQDAN CHORVA OZUQASI

Yantoq – aslida choʻl hududlari oʻsimligi sanaladi. Unga suvning keragi yoʻq. Qurgʻoqchilikda yantoq choʻponlarning joniga ora kiradi. Qoʻy-echkilar uni yil boʻyi isteʼmol qiladi. Tajribali chorvadorlarning aytishicha, yantoqdan tayyorlangan unning ozuqa birligi arpadan ikki baravar kuchli ekan. Lekin negadir keyingi paytlarda qiziqish kamaydi. Holbuki, chorva ozuqasi tayyorlashda yantoq tekin xomashyo hisoblanadi.

Shu jihatdan qaraydigan boʻlsak, “Yantoq va qamishdan foydalanib, gidroponika usulida tayyorlanadigan mahsulot asosida chorvachilik, baliqchilik va parrandachilik xoʻjaliklari uchun innovatsion yem ishlab chiqarish loyihasi” juda dolzarbligiga shubha yoʻq.

Ayni paytda chorvadorlar qishdan qanday chiqish haqida bosh qotirishayotgani hech kimga sir emas. Boisi, bitta beda senaj 30 ming soʻm, somon senaj yigirma ming soʻmga chiqdi.

Molning bir kunlik ozuqasi haqida gap ketyapti, axir. Ana shunday qiyin pallada yantoq ozuqasi choʻponlarning mushkulini osonlashtiradi. Nafaqat Nishon tumanida, balki vohaning deyarli barcha hududlarida vitaminga boy, toʻyimli ozuqa xomashyosi boʻlgan yantoqning 60-70 foizi ozuqaga yoʻnaltirilmasdan dalada qolib ketyapti-da. Demak, yantoqni qayta ishlab, granula shaklida yem tayyorlash orqali qoʻshimcha qiymat zanjirining yaratilishi viloyatning innovatsion iqtisodiy salohiyati oshishiga xizmat qiladi. Loyiha tashabbuskori “Shaxinabonu xazina barakasi” masʼuliyati cheklangan jamiyati raisi Ramidulla Astonovning aytishicha, ular bir yilga yetadigan xomashyoni zaxira qilib qoʻyishibdi. Ikki hafta ichida uskuna keltirilib, yem ishlab chiqarish boshlab yuboriladi.

 

CHIGIRTKADAN ... UN CHIQADIMI?

Ajablanmang, viloyatda faoliyat olib borayotgan taniqli tadbirkor Muzaffar Hamzayev “Merry – Cricket” masʼuliyati cheklangan jamiyatida ishlab chiqaradigan chigirtka uni uchun dubaylik ishbilarmonlar bilan shartnoma tuzib ulgurdi. U tez kunlarda 1 milliard 484 million soʻm evaziga xorijdan zamonaviy uskunalar keltiradi. Jihozlarni oʻrnatish uchun esa majmua sotib oldi.

Zararli chigirtkalar yil sayin koʻpayib, qishloq xoʻjalik ekinlariga jiddiy talafot yetkazmoqda. Birgina joriy yilda Gʻuzor, Dehqonobod, Qamashi, Nishon, Mirishkor, Chiroqchi, Yakkabogʻ va Shahrisabz tumanlari hududida 16 584 gektar maydonga bu zararkunandalarga qarshi kimyoviy ishlov berilgan. Kelgusi yilda ular viloyatning 130 ming gektar maydoniga tarqalish xavfi mavjudligi sababli kimyoviy vositalar, yoqilgʻi moylash mahsulotlari, ish haqi va ajratmalar, safar xarajatlari, ehtiyot qismlar va ishlov xarajatlariga 10 mlrd. 400 ming soʻm mablagʻ talab etilarkan.

Shu jihatdan olib qaraydigan boʻlsak, mazkur loyihaning amaliyotga tatbigʻi ikki taraflama foyda keltirishi aniq.

Tadbirkor chigirtka tutadigan uskunalarni keltirib, aholiga tarqatib, tutilgan chigirtkalarni xarid qilishni rejalashtiryapti. Chigirtka balosidan aziyat chekayotgan, har yili qilgan xarajati va mehnatiga kuyib qolayotgan dala mehnatkashi bunday uskunada zararkunandalarni tutib, daromad topishni zavqu shavq ila bajarishi turgan gap.

“KAPTARLI” GILAMI XORIJGA

Nishon tumanidagi “Kaptarli” mahalla fuqarolar yigʻinida istiqomat qilayotgan xotin-qizlar gilamchilikni yaxshi oʻzlashtirishgan. Ammo gilamdoʻzlar tayyor mahsulotni sotishga qiynalishyapti. Xorijga chiqarishga qishloq ayollarining qoʻli kaltalik qiladi. Shu bois chet ellik investor Juma Zabiullohning taklifi ularga maʼqul keldi.

Endi mahalliy xotin-qizlar afgʻon gilamlarini toʻqishni oʻrganadigan boʻlishdi. Dastlab oʻnta oilaga tegishli mutaxassislar yangicha usulda toʻqish sirlarini oʻrgatishadi. Keyinchalik ushbu loyiha bilan mahalladagi barcha xonadonlar drayver asosida qamrab olinadi. Gilam toʻquvchilar soni ortgach, maxsus guruhlar tuziladi va ular vohadagi boshqa tumanlardagi qishloqlarda yashaydigan opa-singillariga gilamchilik sirlaridan saboq beradilar. Mahsulot saqlaydigan ombor, zamonaviy ofislar bitkazib qoʻyilgan. Tayyor mahsulotlarni Yevropa va arab davlatlariga eksport qilishni tadbirkor oʻz zimmasiga oldi.

Aytish mumkinki, ushbu loyiha ishsizlikdan qiynalayotgan yuzlab nishonlik xotin-qizlarning bandligini taʼminlashi bilan ham ahamiyatlidir.

“XONADONBAY” USULIDA QUYONCHILIK

“Quyonchilik klasterida yetishtirilgan goʻshtdan keng assortimentdagi eksportbop tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish loyihasi” doirasida “Lucky - Rabbits” MCHJ tomonidan zotli quyonlarni innovatsion texnologiyalar asosida hududiy iqlim sharoitiga genetik moslashtirish va aholining kam taʼminlangan qismida “xonadonbay” usulida koʻpaytirish maqsadida zamonaviy seleksiya yaratiladi. Tumandagi ijtimoiy muhofazaga muhtoj, “temir”, “ayollar” va “yoshlar” daftarlariga kiritilgan fuqarolar istiqomat qilayotgan 40 ta xonadonning har biriga 40 tadan quyon tarqatiladi.

Shuningdek, “Akvaponika uskunalarini ishlab chiqarish va oʻrnatish, baliq goʻshti va chiqindilarini qayta ishlash asosida baliq uni, oqsili, file va “OMEGA-3” yogʻi ishlab chiqarish loyihasi”, “Quyosh fotoelektr panellaridan foydalanib, xona haroratini barqarorlashtirishga qaratilgan loyiha” ham tuman iqtisodiy salohiyatini oshirishga zamin yaratadi. Xususan, “AFGAN AGROGROUP” MCHJ tomonidan soya yetishtirish va soya yogʻi ishlab chiqarish loyihasi doirasida sarmoyadorlar tomonidan 10,4 mlrd.soʻm investitsiya mablagʻlari jalb etilib, 50 nafar yigit-qizning bandligi taʼminlanadi. Kelgusida viloyatning boshqa tumanlarini ham bosqichma-bosqich innovatsion hududlarga aylantirish rejalashtirilmoqda.

Olimlar tomonidan neft va gaz, qishloq xoʻjaligi va sanoat yoʻnalishlarida oʻttizdan ortiq ishlanmalar yaratilib, amaliyotga bosqichma-bosqich tatbiq etilishi moʻljallanganini ham aytib oʻtish joiz. Ushbu loyihalar voha aholisining bandligi va farovonligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etishi shubhasiz. Zero, Yangi Oʻzbekistonni barpo etishdan asl muddao ham odamlarni rozi qilish, maʼmurligini taʼminlashdir.

 

Sayfulla IKROMOV,
“XXI asr” muxbiri