Yangiliklar

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Bo‘zatov tumanidagi 5 ta yoshlar jamoasining startap loyihasi moliyalashtirildi

Joriy yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi va O‘zbekistondagi YUNISEF tashkiloti bilan hamkorlikda tashkil etilgan ImkonLab (UPSHIFT) - ijtimoiy innovatsiyalar va ijtimoiy tadbirkorlik uchun ko‘nikmalarni rivojlantirish dasturi o‘z ishini boshladi. Ushbu dasturni amalga oshirish natijasida Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus, Mo‘ynoq, Bo‘zatov, Qo‘ng‘irot tumanlari yoshlari kasbiy mahorat va ko‘nikmalarini startap loyihalarda qo‘llash imkoniga ega bo‘ladilar.

Dastur doirasida yoshlar tomonidan taqdim etilgan eng yaxshi kichik hajmdagi startap loyihalari YUNISEF tashkiloti tomonidan moliyalashtiriladi. Loyihani amalga oshirish to‘g‘risida Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markaz va YUNISEF o‘rtasida shartnoma tuzildi.

23-sentabr kuni birinchi saralash bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tgan Bo‘zatov tumani yoshlar jamoalari hududda dehqonchilik salohiyatining kamayishi, tabiiy gaz yetishmasligi bois daraxtlar kesilishi, ishsizlik muammosi, uy sharoitida g‘isht ishlab chiqarish texnologiyasi, toza ichimlik suvining yetishmasligi kabi ijtimoiy masalalarning yechimlariga doir original g‘oyalarini taqdim etdilar. Taqdimot natijalariga ko‘ra 5 jamoaning har biri o‘z g‘oyalarini amalga oshirishi uchun 1000 AQSH dollari ekvivalentidagi pul mablag‘lari bilan moliyalashtirildi.

O‘z ishini muvaffaqiyatli boshlagan startaplar Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan eʼlon qilinadigan startap loyihalar tanlovlarida ishtirok etadilar.