Yangiliklar

Ilmiy grant g‘oliblariga sertifikatlar topshirildi

23-sentabr kuni ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida eʼlon qilingan loyihalar tanlovlari g‘oliblariga sertifikatlar topshirildi. Tadbirda Innovatsion rivojlanish vaziri, akademik Ibrohim Abdurahmonov so‘zga chiqib, davlatimiz tomonidan ilm-fanga qaratilayotgan eʼtibor, ilmiy loyihalar natijadorligining muhimligi, yurtimizda mavjud ilmiy maktablarni rivojlantirish va yangilarini yaratish haqida so‘zladi.

– Ilm-fanni yangi usullarda rivojlantirishimiz zarur, – dedi vazir. – Olimlarimiz ilm-fanga xizmat ko‘rsatish infratuzilmalaridan foydalanishni o‘rganishi kerak. G‘oyalarimizni amalga oshirishda sinalgan, jahon standartlariga javob beruvchi xorijiy laboratoriyalarga buyurtmalar berish ishimizning samaradorligi va sifatini oshiradi.

Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan ilmiy tadqiqot ishlariga davlat buyurtmasi talablariga muvofiq ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida bajariladigan fundamental, amaliy hamda innovatsion loyihalar tanlovi muntazam o‘tkazib kelinmoqda.

Tadbirda 11 ta fan yo‘nalishi kesimida Fanlar akademiyasi hamda 3 ta vazirlik, 1 ta qo‘mita tasarrufidagi 10 ta ilmiy-tadqiqot institutlari, 14 ta oliy taʼlim muassasasi, 6 ta ilmiy markazi tomonidan ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida moliyalashtirilgan umumiy qiymati 67,2 mlrd. so‘m bo‘lgan 34 ta (22 ta amaliy, 12 ta innovatsion) loyihalar rahbarlariga sertifikatlar topshirildi.

Jumladan, 14 ta qishloq xo‘jaligi, 4 ta biotexnologiya va biologiya, 8 ta tibbiyot, 4 ta filologiya, psixologiya va pedagogika fanlari, 2 ta yer to‘g‘risidagi fanlar, 2 ta texnika, 2 ta farmakologiya va farmatsevtika, fanlari yo‘nalishida amalga oshirilmoqda. Bajarilayotgan loyihalar yakuniy natijalari qishloq xo‘jaligi sohasida agrotexnologiyalar, tibbiyot sohasida davolash texnologiyalari, farmakologiya va farmatsevtika yo‘nalishida dori vositalari va substansiyalar, texnik qurilmalar, tajriba-konstruktorlik namunalari, dasturiy mahsulotlar olishga qaratilgan.

Taʼkidlash joizki, joriy yilda umumiy qiymati 179,9 mlrd. so‘m bo‘lgan 158 ta tematik mavzu (48 ta innovatsion, 110 ta amaliy)lar eʼlon qilindi. Hozirda 12 ta fan yo‘nalishi bo‘yicha umumiy qiymati 81,6 mlrd so‘m bo‘lgan 71 ta tematik mavzular ( 52 ta amaliy, 19 ta innovatsion) uchun tanlovlar davom etmoqda.