Yangiliklar

O‘zbekistonning Global innovatsion indeksdagi o‘rniga bag‘ishlangan press-konferensiya o‘tkazildi

1-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan press-konferensiya o‘tkazildi. Mazkur matbuot anjumani O‘zbekistonning Global innovatsion indeksdagi o‘rniga bag‘ishlangan bo‘lib unda Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov, Innovatsion rivojlanish vaziri o‘rinbosari Shahlo Turdiqulova hamda , Innovatsion rivojlanish vazirligi boshqarma boshlig‘i Shuhrat Otajonov ishtirok etdilar.

– Global innovatsion indeksda O‘zbekistonning joriy yilda 7 pog‘ona ko‘tarilishi bu mamlakatimiz innovatsion ekotizimining rivojlanishiga tashqaridan berilgan baho bo‘lib, mamlakatimizda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasidir, – dedi I. Abdurahmonov. – Global innovatsion indeksda yuqorilashimiz ilm-fanimiz rivojini, taʼlim sifatining oshganini anglatadi. Malakali mutaxassislar, muhandislar, olimlar, ilmiy maktablari bor mamlakatga investitsiyalar kiritiladi, aynan shu mamlakatlarda foyda katta keltiradigan yuqori texnolgiyali tovarlar ishlab chiqariladi. GII davlatlarga qaysi sohalarni rivojlantirishga eʼtibor berish kerakligini, qaysi yo‘nalishlarga qo‘shimcha mablag‘lar yo‘naltirish, qandaay islohotlar qilish kerakligi to‘g‘risida xulosalar qilish imkoniyatini beradi.

O‘zbekiston GII reytingida 132 davlat orasida 86 o‘rinda qayd qilindi. Bu natija mamlakatimizning reytingdagi o‘tgan yilgi o‘rnidan 7, 2015 yilgi o‘rnidan esa 36 pog‘ona yuqori.

Boshqaruv institutlar sifati yo‘nalishi bo‘yicha 2020 yilga nisbatan 1 pog‘ona, inson kapitali va ilmiy tadqiqotlar faoliyati yo‘nalishi bo‘yicha 5 pog‘ona, bozor rivojlanishi yo‘nalishi bo‘yicha 3 pog‘ona, biznesni rivojlantirish yo‘nalishi bo‘yicha 4 pog‘ona, ilm-fan va texnologiya yo‘nalishi bo‘yicha 13 pog‘ona va ijodiy mahsulotlar yo‘nalishi bo‘yicha 14 pog‘onaga ko‘tarilgan.

Reyting ko‘rsatkichlariga ko‘ra O‘zbekiston «AKT xizmatlari eksporti» (129 dan 87 ga), «To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarning kirib kelishi» (80 dan 58 ga), «AKT xizmatlari importi» (130 dan 115 ga), «Elektron tarzda ishtirok etish indeksi» (59 dan 46 ga), «Kelib chiqishi bo‘yicha tovar belgilari» (82 dan 71 ga), “ISO 9001 sifat sertifikatlari» (93 dan 83 ga) kabi indikatorlarda o‘z o‘rnini 10 dan 42 pog‘onagacha ko‘tarilib, umumiy reytingda ijobiy natijalarga erishdi. Bundan tashqari, mamlakatimizning reytingi 81 ta ko‘rsatkichning 9 ta ko‘rsatkichda 4 dan 9 tagacha ko‘tarildi, 15 tasida 1 dan 3 tagacha ko‘tarilgan bo‘lsa 15 tasida o‘rni o‘zgarmadi.

Mamlakatlar orasida davlatimizning «Yuqori darajadagi umumiy domenlar» (131 o‘rin), «Normativ sifat» (126 o‘rin), «Ilmiy-texnika nashrlar» (125 o‘rin), «Oliy taʼlim muassasalaridagi chet el fuqarolari soni» (105 o‘rin) va «Mobil ilovalar yaratish» (99 o‘rin) kabi indikatorlardagi past o‘rni umumiy reytingiga salbiy taʼsir qilib alohida eʼtibor talab etmoqda.

Global innovatsion indeks reytingida Ukraina (49-o‘rin), Armaniston (69-o‘rin), Qozog‘iston (79-o‘rin) va Qirg‘iziston (98-o‘rin) mamlakatlaring o‘rinlari o‘tgan yilgiga nisbatan pasaygan bo‘lsa, Xitoy (12o‘rin), Rossiya (45-o‘rin), Hindiston (46-o‘rin), Belarus (62-o‘rin) va Ozarbayjon (80o‘rin) kabi davlatlar reytinglari 2 pog‘onadan ko‘tarilgan.

Reytingda yetakchilikni bir necha yillar davomida Shveysariya egallab kelmoqda va bu yil Koreya 5 pog‘ona ko‘tarilib 5-o‘rinni, Xitoy 2 pog‘ona ko‘tarilib 12-o‘rinni egalladi.

Bu yilgi hisobotda O‘zbekiston 7 pog‘ona ko‘tarilgani evaziga eng ko‘p pog‘ona yuqorilagan mamlakatlar top-10 taligiga kirdi. Sobiq sho‘ro davlatlari ichida esa o‘sish dinamikasi bo‘yicha birinchi o‘rinni egalladi.

2021 yilgi GII reytingi natijalaridagi muhim xulosa -- innovatsiyalar bo‘yicha rivojlangan iqtisodga ega davlatlar (Shveysariya, Shvetsiya va AQSH) yetakchilik qilayotgan va innovatsiyalarning rivojlanganlik darajasi YAIMga va uni innovatsion rivojlanishga yo‘naltirilganligiga bog‘liq ekanligi ko‘rinsada, aslida Koreya (5 o‘rin), Singapur (8 o‘rin), Xitoy (12 o‘rin), Yaponiya (13 o‘rin) va Gonkong (14 o‘rin) kabi mamlakatlarning yuqori 15 talikka kirgani misolida innovatsion rivojlanish bo‘yicha Osiyo davlatlari kuchayayotganini ko‘rishimiz mumkin.
O‘zbekistonning innovatsion rivojlanishda milliy o‘lchamlarni to‘g‘ri belgilab olish, mamlakatning xalqaro miqyosda innovatsion rivojlanishini taʼminlash uchun 2019-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini innovatsion rivojlantirish strategiyasi qabul qilingan va undagi asosiy vazifalardan biri etib 2030 yilga qadar respublikamizni Global innovatsion indeks baholash reytingida yetakchi 50 ta davlat qatoriga kiritish pirovard maqsad etib belgilab olingan.