Yangiliklar

Vazir Qozon Federal universiteti talabalariga maʼruza oʻqidi

Innovatsion rivojlanish vaziri, akademik Ibrohim Abdurahmonov Qozon federal universitetining Fundamental tibbiyot va biologiya instituti talabalariga “Oʻzbekistonda agrobiotexnolgiyalar rivoji” mavzusida maʼruza oʻqidi.
Hozirda Jizzax shahrida Qozon federal universitetining filiali ochilgan. Oʻz navbatida mazkur universitet bilan Toshkentda omiks texnologiyalari laboratoriyasi tashkil etilmoqda.
Biologiya fanlari doktori, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi hamda Jahon Fanlar akademiyasi akademigi Ibrohim Abdurahmonov oʻz maʼruzasida paxtadan sifatli tola olish, uning qurgʻoqchilikka, zararkunandalarga va turli kasalliklarga chidamliligini oshirish maqsadida gʻoʻzaning genetik apparatini modifikatsiya qilinishi toʻgʻrisida gapirdi. U Oʻzbekiston olimlari tomonidan yaratilgan texnologiyani Tataristonda yetishtiriladigan ekinlar – bugʻdoy, arpa, grechixa, kartoshka kabi oʻsimliklarga nisbatan qoʻllash mumkinligini qayd etdi.
Akademik Abdurahmonov rahbarligida dunyoda birinchi marta paxtaning genlarini (RNK interferensiyasini) “oʻchirish” – gen-nokaut texnologiyasi yordamida ildiz tizimi rivojlangan, yuqori sifatli, uzun tolali, yuqori hosilli va erta pishadigan paxta navlari olingani talabalarda katta qiziqish uygʻotdi. Vazir talabalarni qiziqtirgan koʻplab savollarga javob berdi.