Yangiliklar

Vazir Kurchatov instituti vitse-prezidenti bilan onlayn muloqot oʻtkazdi

14-sentyabr kuni Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov va “Kurchatov instituti” Milliy tadqiqot markazi vitse-prezidenti Oleg Naraykin bilan onlayn shaklda muloqot boʻlib oʻtdi.

Tomonlar “Kurchatov instituti” Milliy tadqiqot markazi bilan ilmiy-tadqiqot faoliyatining turli yoʻnalishlarida hamkorlik masalalari, xususan, uzumchilik va vinochilik sohalarida birgalikda ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish boʻyicha muzokaralar olib bordilar. Suhbat avvalida Kurchatov instituti prezidenti Mixail Kovalchuk ishtirokidagi avvalgi uchrashuvda tomonlarni qiziqtirgan sohalarda qoʻshma tadqiqotlarni boshlashga kelishilgani qayd etildi.

I. Abdurahmonov shu payngacha erishilgan kelishuvlarga muvofiq Kurchatov instituti mutaxassislari bilan birgalikda qishloq xoʻjaligi xususan, uzumchilik va vinochilik sohalarini rivojlantirishga qaratilgan shartnoma tayyorlangani toʻgʻrisida maʼlumot berdi.

O. Naraykin Oʻzbekiston MDH mamlakatlari orasida oʻzi ilmiy salohiyati bilan doimo ajralib turgani, oʻzbek atoqli olimlari, akademiklari va professorlari jahon ilm-faniga ulkan hissa qoʻshib kelganini taʼkidladi. Shu munosabat bilan u Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, ilmiy institutlar va markazlar bilan keng formatli hamkorlikni birgalikda rivojlantirishga tayyorligini bildirdi.

Kurchatov institutining uzumchilik va vinochilik sohasidagi ilmiy-tadqiqot salohiyati bilan tanishish uchun Oʻzbekiston mutaxassislarining tashrifini tashkil etish masalasida, O. Naraykin shu yilning oktyabr oyida olimlar delegatsiyasini qabul qilishga tayyor ekanligini aytdi.

Innovatsion rivojlanish vaziri rossiyalik hamkorlarni joriy yilning noyabr oyida Toshkent shahrida oʻtkaziladigan INNOWEEK-2021 Xalqaro innovatsion gʻoyalar haftaligida ishtirok etishga taklif etdi.