Yangiliklar

Bayonot

“rost24.uz” portalida eʼlon qilingan “Innovatsiya boʻyicha 100 ga yaqin hujjat qabul qilindi, oʻndan ortiq tashkilot ochildi. Ammo natijadan darak yoʻq” maqolasi boʻyicha bayonot

Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan soʻnggi 5 yillikda qator ishlar amalga oshirilgan boʻlib, bu haqda vazirlik veb-saytida (mininnovation.uz), ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida (https://t.me/mininnovationhttps://www.facebook.com/mininnovation.uz) muntazam axborot berib turiladi, bundan tashqari vazirlik saytida vazirlikning hisobotlari (https://mininnovation.uz/uz/activities/3265https://mininnovation.uz/uz/activities/2744https://mininnovation.uz/uz/activities/2641 ) taqdim etiladi. Quyida vazirlik tomonidan amalga oshirilgan eng muhim ishlar toʻgʻrisida maʼlumot beramiz:

Birinchidan, ilm-fan va innovatsion faoliyatni tartibga soluvchi 2 ta Qonun qabul qilindi, natijada sohada raqobat, manfaatdorlik va javobgarlik muhiti shakllandi;

Ikkinchidan, Oʻzbekiston Respublikasi 2020-yilda Global innovatsion indeks reytingida 29 pogʻona yuqorilab, 122 oʻrindan 93 oʻringa koʻtarildi;

Uchinchidan, ilmiy hajmdor kichik seriyali innovatsion mahsulot ishlab chiqishga qaratilgan startap ekotizimiga asos solindi100 dan ortiq yangi innovatsion ishlab chiqarish tuzilmalari tashkil etildi;

Toʻrtinchidan, yangi ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish uchun shart-sharoitlar yaratilib, “Olim-tadbirkor-investor” platformasi doirasida 227 ta ilmiy ishlanmalar tijoratlashtirilib, umumiy qiymati 123,0 mlrd soʻmlik innovatsion mahsulotlar ishlab chiqarildi;

Beshinchidan, “COVID-19” infeksiyasiga qarshi 6 turdagi yangi mahalliy vaksinalar yaratildi va klinik oldi sinovlariga yetkazildi, ikkita mahalliy vaksina JSS tashkiloti tomonidan nomzod vaksina sifatida roʻyxatdan oʻtkazildi. Tijoratlashtirilgan “Rutan” preparati “COVID-19”ni davolash protokoliga kiritildi, SARS-CoV-2 infeksiyasini aniqlovchi test-diagnostikumlar yaratilib oyiga 500 ming dona toʻplam ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi;

Shuningdek, Xitoylik hamkorlar bilan hammualliflikda SARS-CoV-2 infeksiyasiga qarshi yangi vaksina – “ZF-UZ-VAC2001” yaratildi, tijoratlashtirish natijasida 8,5 mln dozada vaksinalar ishlab chiqarilib, aholiga emlanish uchun yetkazib berildi;

Oʻzbekistonda tarqalgan koronavirusning 250 dan ortiq namunalari genomlari toʻliq DNK ketma-ketligi aniqlanib, birinchi 112 ta namunasi maʼlumotlari dunyo GISAID (https://www.gisaid.org/submission-tracker-global/) maʼlumotlar bazasiga joylash natijasida Oʻzbekiston oʻz xududida tarqalgan koronavirus variantlari genomini toʻliq oʻqigan 50 ta davlatlar qatoriga kiritildi.

Oltinchidan, gʻoʻzaning yangi viltga chidamli zirxlangan gen-nokaut liniyalari yaratildi va uzun tolali gʻoʻzaning 3 ta yangi oʻta xavfli fuzarioz vilt kasalligiga chidamli PSSJ-FRP01”“PSSJ-FRP02”, va “PSSJ-FRP03” liniyalari yaratilib, AQSHlik hamkorlar bilan birgalikda roʻyxatdan oʻtkazilib dunyo gʻoʻza seleksionerlariga taqdim qilindi;

Yettinchidan, Amir Temur davridan yetishtirib kelinayotgan eng qadimiy “Oq dum” va ommalashgan “Qizil dum” uzum navlari zamonaviy in-vitro usulida qayta tiklandi, ularning onalik koʻchatzorlari tashkil qilindi hamda mahalliy uzumning 150 ta navi uchun DNKga asoslangan genetik pasportlari yaratildi.

Sakkizinchidan, mis tarkibli rudalardan qimmatbaho metallarni ajratib olish uchun mahalliy xomashyodan import analogiga nisbatan
2 baravar arzon yangi mahalliy kimyoviy reagent – flotoreagent ixtiro qilindi va konchilik sanoatiga joriy etish maqsadida yillik quvvati 500 tonnadan iborat kichik innovatsion ishlab chiqarish tashkil etildi.

Innovatsion rivojlanish vazirligi

Axborot xizmati