Yangiliklar

"Тubdan yangilovchi” innovatsiyalardan – faol va tashabbuskor jamiyat sari

2018-yilda Prezidentimiz tomonidan davlat boshqaruv va ijrochi organlari hamda tashkilotlarning innovatsion rivojlanishdagi saʼy-harakatlarini birlashtirishga qaratilgan muhim hujjat – “2019-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini innovatsion rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilindi. Ushbu farmon bilan Oʻzbekiston Respublikasini 2019-2021-yillarda innovatsion rivojlantirish strategiyasi tasdiqlandi. Strategiyaning bosh maqsadi etib inson kapitalini rivojlantirish belgilandi. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi 2030-yilga kelib Global innovatsiya indeksi reytingida jahonning 50 ilgʻor mamlakati qatoridan oʻrin olishi asosiy vazifalardan biri oʻlaroq koʻrsatildi.

Respublikada soʻnggi yillarda innovatsion faoliyat borasida olib borilayotgan islohotlar natijasida Oʻzbekiston 2020-yilda Global innovatsion indeksi xalqaro reytingiga besh yillik tanaffusdan soʻng, 2015-yilga nisbatan 29 pogʻonaga koʻtarilgan holda qayta kiritildi.

Hozirda esa Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan 2022-2030-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini innovatsion rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqildi va hozirda tegishli tashkilot, muassasalar bilan muhokama qilinmoqda. Ushbu strategiya Oʻzbekiston Respublikasining 2030-yilga qadar Global innovatsiya indeksida dastlabki rivojlangan yetakchi 50 davlat qatoridan oʻrin egallashida hozirga qadar amalga oshirilgan izchil islohotlarning mantiqiy davomi hisoblanadi.

Xoʻsh, oʻtgan qisqa davrda mamlakatda ilm-fan va innovatsiyalar sohasida qanday fundamental ishlar amalga oshirildi?

Avvalo, oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida fan doktori ilmiy darajasiga ega professorlarning bazaviy lavozim maoshlari 2016-yilga nisbatan 3,2 barobar hamda ilmiy-pedagogik va mehnat faoliyati bilan shugʻullanuvchi ilmiy darajaga ega xodimlarga qoʻshimcha haq toʻlash tartibi joriy etilishi munosabati bilan respublikadagi olimlarning oylik maoshi 5 barobar oshirildi.

Ilm-fan va innovatsion faoliyatni yanada rivojlantirish hamda kadrlar ilmiy salohiyatini mustahkamlashning qonuniy asoslarini belgilovchi 3 ta muhim hujjat – “Ilm-fan va ilmiy faoliyat toʻgʻrisida”, “Innovatsion faoliyat toʻgʻrisida” va “Taʼlim toʻgʻrisida” qonunlar qabul qilindi.

Hozirda yurtimizda ilgʻor xorijiy tajribalar asosida ilmiy- tadqiqot ishlariga davlat buyurtmasi mexanizmi joriy etildi. Yangi tartib sifatida, yakuniy mahsulot va moliyalashtirish hajmi aniq boʻlgan tematik loyihalarga davlat buyurtmasi muntazam ravishda eʼlon qilinmoqda. Natijada raqobat muhiti shakllandi, doimiy grant mablagʻlarini olish imkoni yaratildi. 2017-yilga nisbatan bitta loyihani moliyalashtirish 3,5 barobarga oshdi hamda mablagʻlarning kamida 40 foizi ilmiy-tadqiqot faoliyatidagi zaruriy asbob-uskunalar, reagent va materiallar xaridiga yoʻnaltirildi.

Mamlakatda ilmiy hajmdor startap loyihalarini qoʻllab-quvvatlashda gʻoyadan isteʼmolchigacha boʻlgan barcha bosqichlarni qamrab olgan startap ekotizimi yoʻlga qoʻyildi. Ilk bor davlat grant mablagʻlari hisobidan startap loyihalarni qoʻllab-quvvatlash va moliyalashtirish tizimi shakllantirilib, umumiy qiymati 40,5 mlrd. soʻmlik 48 ta startap loyiha moliyalashtirildi va raqobatbardosh yangi mahsulotlarni ishlab chiqarish tashkil etildi.

Mamlakat iqtisodiyotiga ilmiy hajmdor yangi texnologiyalarni tezkor joriy qilish uchun texnologiyalar transferi amaliyotga kiritildi. Xorijdagi ilgʻor texnologiyalar transferi asosida umumiy qiymati 3,3 mln. AQSH dollari boʻlgan investitsiya loyihalari amalga oshirildi.

2018-2020-yillarda 18 ta ilmiy tashkilot, 10 ta ilmiy markaz va 4 ta texnopark tashkil etildi. Ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirishda manfaatdorlikka asoslangan “Olim–bank–tadbirkor” uchligi ishtirokida ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirishning yangi tizimi yoʻlga qoʻyildi. Ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish doirasida umumiy qiymati 149,5 mlrd. soʻm miqdordagi loyihalar tayyorlandi va ishlab chiqarilgan ilmiy hajmdor mahsuotlar hajmi 62 mlrd. soʻmdan oshdi.

Ilmiy laboratoriya uskunalarini xarid qilishning soddalashtirilgan tartibi joriy etildi. 2018-yildan hozirga qadar 9 ta ilmiy-tadqiqot muassasasiga 69 ta laboratoriya uskunalari oʻrnatildi hamda xarid qilishning yangi soddalashtirilgan tartibi boʻyicha 2020-yilda 15 ta ilmiy-tadqiqot muassasasiga 200 dan ortiq laboratoriya uskunalari xarid qilindi. Ilmiy- tadqiqot muassasalariga zamonaviy laboratoriya asbob-uskunalari xarid qilish uchun 30,4 mln. AQSH dollari hamda bino-inshootlarni taʼmirlash uchun 116 mlrd. soʻm ajratildi. Bundan tashqari ilmiy faoliyatni amalga oshiruvchi byudjet tashkilotlari tomonidan reaktivlar va reagentlarni xarid qilish davlat buyurtmachilari tomonidan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar asosida xarid qilinadigan tovarlar roʻyxatiga kiritildi.

Iqtidorli yoshlarning tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash hamda ularning ilmiy salohiyatini rivojlantirish maqsadida Innovatsion rivojlanish vazirligi huzurida Yoshlar akademiyasi tashkil etildi. Hozirda ushbu akademiyaga respublikaning barcha viloyatlarida oʻzining 15 nafar lideriga ega boʻlgan 2000 nafardan ortiq yoshlar aʼzo boʻlgan.

2020-yilda yosh olimlarning amaliy va innovatsion loyihalarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida Yoshlar akademiyasi tomonidan 30,2 mlrd. soʻmlik amaliy va innovatsion loyihalar tanlovi eʼlon qilindi.

2021-yil aprel oyida iqtisodiyotning real sektori va ijtimoiy soha ehtiyojlaridan kelib chiqib, ilmiy faoliyat natijalarini tijoratlashtirish samaradorligini yuksaltirish, shuningdek, xorijiy texnologiyalar transferini amalga oshirish va mahalliylashtirishga koʻmaklashish maqsadida Innovatsion rivojlanish vazirligi huzurida Innovatsiyalarni joriy qilish va texnologiyalar transferining milliy ofisi tashkil etildi.

Hududlarda innovatsion faoliyatni yanada jadallashtirish, mavjud ijtimoiy-iqtisodiy muammolarga ilmiy-texnik yechimlar taklifini shakllantirish, hududiy ilmiy-tadqiqot loyihalarining tijoratlashtirilishini taʼminlash, aholining, xususan, yoshlarning “mahallabay” tarzda gʻoya va tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash tizimini toʻliq tashkil etish maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarning innovatsion rivojlanish boshqarmalari tashkil etildi.

Dunyo tajribasiga muvofiq innovatsion ekotizim oʻzaro bogʻliq boʻlgan “tubdan yangilovchi” (disruptive), “barqaror” (sustainable) va “samarador” (efficient) innovatsiyalardan tarkib topgan. “Tubdan yangilovchi” innovatsiyalar anʼanaviylaridan mutlaqo farqli xususiyatlar va imkoniyatlarga ega boʻlgan mahsulotlar ishlab chiqarish yoki xizmat turlarini tashkil qilishdan iborat boʻlib, aksariyat hollarda katta mablagʻ talab qiladi. Biroq koʻplab yangi ish oʻrinlarini yaratishga sabab boʻlishi bilan katta ahamiyat kasb etadi. “Barqaror” (sustainable) innovatsiyalar – tez oʻzgaruvchan isteʼmol bozorida “tubdan yangilovchi” innovatsiyalarning barqarorligini taʼminlash va muntazam tarzda takomillashtirib borishdan iborat boʻlib, yangi ish oʻrinlarini yaratmaydi va katta mablagʻ talab qilmaydi (“tubdan yangilovchi” innovatsiya bozorini va xaridorini muqimlashtirib, jozibadorligini taʼminlab turadi).

Oʻzbekistonda “tubdan yangilovchi” – “barqaror” – “samarador” innovatsiyalarning siklik munosabatlarini (yaʼni innovatsiyalarni) yaratish uchun innovatsiyaning oʻzi kapital ishlashi – “innovatsiya-kapital-innovatsiya” davriyligini oʻzida mujassam etgan yaxlit tizim mavjud emas va uning asosiy jarayonlari oʻta tarqoq shaklda qolib ketmoqda. Innovatsion ekotizim subyektlariga ana shunday siklik innovatsion ekotizmning mazmun-mohiyatini tushuntirish, oʻqitish, faoliyat koʻrsatish uchun huquqiy-moliyaviy sharoitlar yaratish hamda har bir boʻgʻinning vazifa va majburiyatlarini belgilab berish 2030-yilgacha oldimizda turgan dolzarb vazifalardan biridir.

Mamlakatimizda 30 yoshgacha boʻlgan yoshlar soni 18 milliondan ziyod. Bu – aholining qariyb 55 foizini tashkil etadi. Bugungi kunda 18-30 yoshlilar orasida rasmiy ishsizlik 17 foiz ekani ham haqiqat. Birgina 2021-yil yakuniga koʻra yoshlar orasida yangi ish oʻrinlariga boʻlgan talab 1 350 mingdan ortadi. Mamlakatda ish bilan taʼminlanishga muhtojlar roʻyxatiga asoslangan “temir”, “ayollar”, “yoshlar” daftarlariga kirgan aholi dinamikasi saqlanib turibdi.

Respublikada aholi, xususan, yoshlar va xotin-qizlar bandligini taʼminlashga qaratilgan izchil islohotlar davomli tarzda olib borilmoqda. Jumladan, 2021-yil “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” deb eʼlon qilindi. Yoshlar bilan ishlash boʻyicha yangicha tizimlar joriy etilib, oʻgʻil-qizlarning takliflari “mahallabay” tarzda oʻrganilmoqda. Mamlakatning barcha hududlarida yoshlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash, kasb-hunarga oʻqitish orqali ularning bandligini taʼminlash tashkil etilmoqda.

Bugungi kunda respublika hududlarining rivojlanishi tabiiy resurslardan ekstensiv darajada foydalanish hisobiga amalga oshirilmoqda. Mavjud tabiiy resurslar zaxirasi kamayishi xavfining oshib borayotgani, mamlakat yalpi ichki mahsulotida (YAIM) ilmiy hajmdor (innovatsion) mahsulotlar ulushini oshirishda jahonning yetakchi davlatlarining ilgʻor tajribalarini oʻzida mujassam etgan sanoat klasterlarni tashkil etish zaruratini tugʻdirmoqda.

Jahon tajribasiga koʻra klasterlashtirish yetakchi davlatlar iqtisodiyotining taxminan 50% ni qamrab olgan. AQSHda 55% dan ortiq korxonalarning faoliyatlari klasterlar doirasida olib boriladi. Klasterlarning YAIMdagi ulushi esa 65% dan ortadi. Yevropa davlatlarida 2 mingdan ortiq klasterlar mavjud boʻlib, bu klasterlar innovatsion korxonalarni birlashtirish orqali bir tomondan samarador innovatsion faoliyatga erishayotgan boʻlsa, ikkinchi tomondan, yangi ish oʻrinlari tashkil qilish bilan aholi bandligini 38 foizga taʼminlamoqda.

Tahlillar shuni koʻrsatadiki, Oʻzbekistonda klasterlashtirish tizimini yaratish uchun klaster va klaster siyosatini rivojlantirish hamda uning dunyo iqtisodiyotiga integratsiyasini taʼminlashda davlat boshqaruvini yoʻlga qoʻyish, uning normativ-huquqiy asoslarini yaratish, sohadagi tushunchalar boʻyicha yagona konsepsiya va muvofiqlik mezonlarini ishlab chiqish, klasterlarning roʻyxatga olish reyestrini shakllantirish, ularning ilmiy-tadqiqot va oliy taʼlim muassasalari bilan yaqin hamkorligi (integratsiyasi)ni taʼminlash hamda sohaga yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash kabi zarur ishlar bajarilishi lozim.

Shu bilan birga innovatsiyadan yaratilgan qiymatning maʼlum qismini davriy va uzluksiz tarzda yana yangi mahsulot va ish oʻrinlari yaratishga qaytarish mexanizmlarini shakllantirish vazifasini ham ado etish davr talabidir. Sababi har qanday yangi mahsulot va ish oʻrni yaratuvchi “tubdan yangilovchi” innovatsiyaga doimiy kapital sarflanishi zarur.

Bu borada albatta, davlat byudjeti hamda maqsadli innovatsiya jamgʻarmalariga ajratilgan mablagʻlar “tubdan yangilovchi” innovatsiyalarni kapital bilan taʼminlovchi asosiy omil boʻlsa-da, samarador innovatsiya egalari va manfaatdor tashkilotlar, jumladan, tarmoq va klaster korxonalari hamda tijorat banklari (boshqa korxonalar) innovatsiyalardan yaratilgan kapitalning maʼlum qismini yana “tubdan yangilovchi” innovatsiyalarga oʻzaro manfaatdorlikka asoslangan mexanizmlar asosida uzluksiz qaytarib turishlari lozim.

Jahon tajribasiga koʻra Amerika Qoʻshma Shtatlari, Yevropa, Kanada va Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT)ga aʼzo davlatlarda uglerod va togʻ-kon korxonalari tomonidan yaratilgan kapitalning bir qismini mamlakatda ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik “tubdan yangilovchi” innovatsiyalarga doimiy yoʻnaltirish, innovatsion faoliyatga turli soliq imtiyozlari berish joriy qilingan. 2018-yildan boshlab AQSHdagi islohotlardan soʻng Avstriya, Daniya, Gonkong, Yangi Zelandiya, Singapur, Polsha kabi qator mamlakatlarda bunday amaliyotlar joriy etildi va mustahkamlandi.

Oʻzbekiston Respublikasining 2030-yilga qadar innovatsion rivojlangan 50 ilgʻor davlat qatoridan oʻrin egallashida bozor talablariga moslashuvchan milliy infratuzilmaning rivojlantirilganligi, mamlakatning ilmiy salohiyati, ilmiy-tadqiqot faoliyatlari samaradorligi va ularning tijoratlashtirilish darajasi, ishlab chiqarish va xizmatlar sohalarida dastlabki xom ashyo mahsulotlaridan isteʼmolchigacha boʻlgan butun taʼminot zanjirining uzluksizligini taʼminlash talab qilinadi. Mamlakatning eksport salohiyatini oshirishda xalqaro sifat sertifikatiga ega korxonalar soni qoniqarli darajada emasligi, yangi ish oʻrinlariga boʻlgan ehtiyojning oʻta yuqoriligi va aholi orasida kambagʻallikni kamaytirish, oʻsib kelayotgan yoshlarni va ishsiz ayollar qatlami bandligini taʼminlash, Oʻzbekistonda yuqorida qayd qilinganidek, yangi va barqaror innovatsion ekotizimni rivojlantirish ilm-fan, texnologiya va innovatsiya tizimida yanada izchil islohotlar olib borish zarurligini koʻrsatmoqda.

Bosh maqsadga erishishda strategiyaning asosiy vazifalari sifatida taʼlimning barcha bosqichlarida yaratuvchanlik, innovatsion tadbirkorlik va ratsionalizatorlik koʻnikmalarini rivojlantirish orqali innovatsion faoliyatni boshqarishda inson kapitalini yanada rivojlantirish belgilandi. Shuningdek, innovatsion infratuzilma subyektlari (texnoparklar, startap akseleratorlar, inkubatorlar va texnologiyalar transferi ofislari) tarmoqlarini tashkil etish orqali startap tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlash infratuzilmasini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratiladi. Yangi turdagi mahsulotlar va innovatsion texnologiyalar yaratishning gʻoyadan yakuniy isteʼmolchigacha boʻlgan kompleks tizimini taʼminlash orqali innovatsiyalarga boʻlgan talabni ragʻbatlantirish, innovatsion faoliyatni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning institutsional mexanizmlarini takomillashtirish orqali innovatsion faol korxonalar ulushini oshirish ham strategiyaning vazifalaridan hisoblanadi.

Inson kapitalini rivojlantirish bilan bir qatorda Innovatsion infratuzilma subyektlari (texnoparklar, startap akseleratorlar, inkubatorlar va texnologiyalar transferi ofislari) tarmoqlarini tashkil etish orqali startap tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlash infratuzilmasini rivojlantirish ishlari ham olib boriladi.

Innovatsiyalarni joriy qilish va texnologiyalar transferi markazlari faoliyatini keng yoʻlga qoʻyish orqali istiqbolli innovatsion loyihalar, startap tashabbuslarga akseleratsiya, logistika va moliyalashtirish xizmatlari koʻrsatiladi. Oʻz navbatida, texnologiyalarni litsenziyalash markazlari ilmiy-tadqiqot institutlari, universitetlar va ishlab chiqarish oʻrtasida yaqin hamkorlikni oʻrnatish, intellektual mulkni sotish uchun litsenziya shartnomalarini tayyorlash, texnologiyaning isteʼmolchilari bozorini qidirishga yordam beradi.

Venchur, kraudfunding kabi startap tashabbuslar va loyihalarni moliyalashtirishning zamonaviy mexanizmlarini shakllantirish, “Boʻlajak olim”, “Xakaton” tanlovlari, “Texnoveys” marafonlari kabi raqobat muhitiga asoslangan soddalashtirilgan moliyalashtirish tadbirlarini kengaytirish bozorga yangi xizmatlar va mahsulotlar kirib kelishini taʼminlaydi. Hududiy innovatsiya markazlari va texnoparklarni malakali kadrlar bilan taʼminlab, innovatsiya markazlari uchun yagona boshqaruv tizimi yoʻlga qoʻyiladi.

Oliy taʼlim muassasalarida tadbirkorlik muhiti va faoliyatini shakllantirish hamda ilmiy-tadqiqot natijalarining texnologik transferlari akademik “spin-off” kompaniyalarini tashkil etish orqali ragʻbatlantiriladi. Milliy brend mahsulotlar va xizmatlar, jumladan, raqamli dasturiy mahsulotlarning jahon bozorlariga samarali kirib borishi taʼminlanadi.

Xususiy sektorning ishlanma va tadqiqotlarga boʻlgan qiziqishini oshirish hamda ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorligini mustahkamlash, xususiy sektorning innovatsion faoliyatdagi ishtirokini va moliyalashtirilishini (co-finance) ragʻbatlantirish, shu jumladan, xususiy ishlanma va tadqiqot yoki moliyalashtirish faoliyati bilan shugʻullanayotgan korxonalar uchun maxsus qoʻllab-quvvatlash choralarini joriy etish boʻyicha ilk qadamlar tashlanmoqda.

Shuningdek, ilm-fan namoyandalari va tadbirkorlar hamda yoshlar oʻrtasida intellektual mulk obyektlarini muhofaza qilishning ahamiyati haqida maʼrifiy tadbirlar oʻtkazish ehtiyoji yuzaga kelgan. Ushbu sohada intellektual mulk obyektlaridan noqonuniy foydalanishni tartibga solishni mustahkamlash va javobgarlikni oshirish chora-tadbirlari ishlab chiqilib, amalga oshiriladi.

Yana bir muhim soha – kichik tadbirkorlikning innovatsion faolligini oshirishdir. Oʻz navbatida, aholining kichik innovatsion ishlab chiqarish faoliyatlarini davomli ravishda qoʻllab-quvvatlashda hududiy oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalarining mahalla institutlari bilan yaqin hamkorligini oʻrnatishga qaratilgan samarali mexanizmlarini joriy etish orqali mahalliy ilmiy, ratsionalizatorlik va startap ishlanmalarni tijoratlashtirish kengaytiriladi.

2022-2025-yillarda kichik innovatsion ishlab chiqarishni tashkil etish uchun tayyor “1000 ta innovatsion loyiha” portfelini shakllantirish va bosqichma-bosqich amalga oshirish talab qilinadi. Shuningdek, muvaffaqiyatli kichik innovatsion ishlab chiqarish korxonalarini respublikaning boshqa geografik hududlariga transfer qilib, hududlarning iqtisodiy ixtisoslashuvi, ilmiy-texnik salohiyati va mavjud resurslarini hisobga olgan holda innovatsion rivojlanishning hududiy dasturlari ishlab chiqiladi.

Hududlardagi iqtidorlarni aniqlash, ragʻbatlantirish va ularni ilm-fan bilan shugʻullanishlari uchun markaziy oliy taʼlim muassasalari, Yoshlar akademiyasi va Fanlar akademiyasi tizimiga “Akademik harakatchanlik” va “Boʻlajak olim” dasturlari orqali jalb qilish bilan yangi avlod ilm-fan jamoalari va maktablarini shakllantirib borish kabi ishlar bajarilishi kerak.

Oʻrni kelganida bu boradagi yutuq va muvaffaqiyatlarni ham aytib oʻtish joiz. Misol uchun, Samarqand viloyatining Urgut, Surxondaryo viloyatining Oltinsoy, Namangan viloyatining Chust va Andijon viloyatining Marhamat tumanlarini innovatsion poligonga aylantirish ishlari tadbirkorlar va aholi tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi. Mamlakat Prezidentining har bir hududdagi oʻziga xos xususiyatlardan kelib chiqqan holda rivojlantirish loyihalarini amalga oshirish tashabbusi oʻzini toʻla oqladi.

Innovatsion klasterlar tarmogʻini rivojlantirish orqali kapital yaratish uchun ham bir qancha chora-tadbirlar amalga oshirilishi koʻzda tutilgan. Chunonchi, ilgʻor xorijiy davlatlarning erishgan yutuqlarini inobatga olgan holda mamlakatimizda “klaster” va “klaster siyosati”ning yagona konsepsiyasi hamda qonuni ishlab chiqiladi. Startap va kichik innovatsion korxonalarni oʻzaro manfaatdor “pinotsitoz” (qamrab olib, oʻzlashtirish) mexanizmi asosida innovatsion klasterlar yoki yirik korxonalar tashkil etish, mavjudlarini modernizatsiya qilish innovatsion va yuqori texnologiyali mahsulotlar bozorining kengayishiga olib keladi.

Bunda jahon tajribasi asosida, ustav fondida davlat ulushi 50 va undan ortiq foizni tashkil etadigan xoʻjalik jamiyatlarining, shuningdek, davlat korxonalarining soliq solinishi lozim boʻlgan foydasining bir foizi miqdoridagi majburiy ajratmalarini “tubdan yangilovchi” innovatsiyalar yaratishga va joriy qilishga yoʻnaltirish nazarda tutilmoqda. Boshqa korxona va tashkilotlar, mulkchilik shaklidan qatʼiy nazar har chorakda sotilgan mahsulot qiymatining bir foizigacha boʻlgan miqdorda ilmiy faoliyat va “tubdan yangilovchi” innovatsiyalarga ixtiyoriy ajratilishi tizimi yoʻlga qoʻyiladi.

Tarixan qisqa davrda amalga oshirilishi koʻzlangan reja va maqsadlar mana shulardan iborat. Koʻp yillar davomida zamonaviy innovatsion yangiliklarni joriy qilishdan ortda qolib kelgan, mulkchilik munosabatlaridan ishlab chiqarish va xizmat sohasigacha boʻlgan juda keng tarmoqlarda kechagi kun tamoyillari va tushunchalari bilan yashab kelayotgan bir qancha sohalarga bunday oʻzgarishlar ijobiy turtki beradi, albatta. Pirovardida esa muntazam ravishda oʻz ehtiyojlari va muammolari yechimiga qaratilgan “tubdan yangilovchi” innovatsiyalarga sarmoya kiritish madaniyatiga ega innovatsion faol va tashabbuskor jamiyat shakllanadi.

Ibrohim ABDURAHMONOV,

Innovatsion rivojlanish vaziri, akademik