Yangiliklar

Ilm-fanda erishilayotgan yutuqlar bardavom boʻlsin!

Hech kimga sir emas, 2016-yilga kelib ilmiy hamjamiyat oldida juda katta muammolar paydo boʻlgan, ilmiy tadqiqotlarga ishtiyoq kundan kunga yoʻqolib, olimlik maqomiga erishish havas boʻlmay borayotgan edi. Ilm va ijodkor ahlini hadeb qadamlarini surishtirilaverishidan bezib ketgan olimlar hadiksiragan, hafsalasi pir boʻlgan jamoalarga aylanib boʻlgandi.

Hammamizning esimizda, Shavkat Mirziyoyev 2016-yilning 30-dekabrida, tigʻiz Yangi yil bayrami arafasida, akademiklar va ilm-ahli bilan uchrashib, kun davomida har bir katta kichik takliflarni sabr-qanoat bilan tinglab, endigi yoʻl faqat ilm-fan va taʼlimni rivojlantirishda ekanini qayta-qayta taʼkidlagandilar. Koʻplar bunga ishonmagandek edi, lekin Prezidentlik lavozimiga kelishlari bilan Shavkat Mirziyoyev ilm ahli bilan yana 5 marotaba alohida uchrashib, mavjud muammolarni bosqichma-bosqich muhokama qildilar. Natijada, oʻtgan qisqa muddatda, yangi kashfiyotlar va innovatsiyalarni ragʻbatlantiruvchi mutlaqo yangi tizim yaratildi.

Ilm-fan va innovatsion faoliyatni tartibga soluvchi 2 ta Qonun qabul qilindi, natijada sohada raqobat, manfaatdorlik va javobgarlik muhiti shakllandi. Muhimi qoʻrquv yoʻqolib, erkin ijod qilishga sharoit paydo boʻldi.

Mamlakatimizda soʻnggi yillarda 20 dan ortiq yangi ilmiy tashkilotlar, 10 ta ilmiy markaz va 5 ta innovatsion texnoparklar tashkil etildi.

Olimlarning ish haqi 3 baravar oshirilib, fan nomzodlariga 30 foiz, fan doktorlariga 60 foiz ustama toʻlash tartibi joriy qilindi.

Ilmiy tashkilotlarga zamonaviy asbob-uskunalar xarid qilish uchun 32 million dollar, bino-inshootlarni taʼmirlash ishlariga 120 milliard soʻm ajratildi.

2022-yilga qadar ilm-fanga ajratiladigan mablagʻlarning yalpi ichki mahsulotga nisbatan ulushini 4 baravarga (3,6 trillion sum), 2025-yilgacha esa 6 baravarga (5,4 trillion soʻm) oshirish choralari belgilandi.

Hozirgi kunda olimlarimiz Germaniya, Xitoy, Hindiston, Turkiya, Rossiya, Vengriya va Belarus davlatlari bilan umumiy qiymati 62,9 mlrd. soʻmlik 70 dan ortiq xalqaro qoʻshma ilmiy loyihalarni amalga oshirmoqda va bu loyihalarga Oʻzbekiston davlati teng sherik sifatida mablagʻ ajratyapti. Avvallari bu faqat orzu edi xolos - ilmiy grantlar uchun xorij tashkilotidan mablagʻ qidirib yurar edik desak mubolagʻa boʻlmaydi.

Ilmiy-tadqiqot ishlariga davlat buyurtmasi mexanizmi asosida keyingi yillarda ustuvor yoʻnalishlar sifatida biotexnologiya, yashil energetika, resurslarni tejaydigan qishloq xoʻjaligi texnologiyalari, sunʼiy intellekt va tibbiyot sohasida yuqumli kasalliklar, onkologiya va kardiologiya yoʻnalishlarida yangi texnologiyalarni yaratish belgilab olindi.

Mamlakatda olib borilgan uzoqni koʻzlagan oqilona siyosat natijasida bugungi kunda olim va mutaxassislar, tarmoq korxonalari vakillari, ayniqsa iqtidorli yosh olimlar uchun yangi gʻoya va innovatsiyalarni generatsiya qiluvchi oʻziga xos platforma shakllanib bormoqda.

Olib borilgan islohotlar natijasida Oʻzbekiston 2020-yilda Global innovatsion indeks reytingida 29 pogʻona yuqorilab, 122 oʻrindan 93 oʻringa koʻtarildi.

Ilk marotaba mamlakatda ilmiy hajmdor kichik seriyali innovatsion mahsulotlar ishlab chiqishga qaratilgan startap ekotizimiga asos solindi.

Mamlakatda umumiy qiymati 75,1 mlrd. soʻmlik 108 ta ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish loyihalari, shuningdek 60,3 mlrd. soʻmlik 88 ta startap loyihalar moliyalashtirildi. Kelgusida har yili ushbu maqsadlar uchun 100 mlrd. soʻmgacha mablagʻ ajratilishi rejalashtirilgan.

Yangi ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish uchun shart-sharoitlar yaratilib, “Olim-tadbirkor-investor” platformasi doirasida 227 ta ilmiy ishlanmalar tijoratlashtirilib, umumiy qiymati 123,0 mlrd soʻmlik innovatsion mahsulotlar ishlab chiqarildi.

Viloyatlarimizdagi 13 ta tumanlar tanlab olinib, ular maqsadli ravishda innovatsion hududlarga aylantirilmoqda. Oʻzbekistonda xalqimiz bugun oʻz hayotlarida innovatsiyalarni his qilishlariga katta urgʻu berilmoqda. Har bir hududda kamida 10 milliard soʻmlik ilmiy-hajmdor yangi innovatsion ishlanmalar tijoratlashtirilib, “innovatsiya-yangi ishchi oʻrini», “innovatsiya yangi avlod tadbirkorligi” tamoyili amalga oshirilmoqda. Maqsad har bir innovatsion hududda innovatsion ishlanmalarni joriy qilish orqali kamida 300 ta yangi ishchi oʻrin yaratishdir. Bu birinchi marta Oʻzbekiston tajribasi sifatida mamlakatda amalga oshirilmoqda.

Koronavirus pandemiyasi davrida ham Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilm-fanni qoʻllab quvvatlanishi va olimlarga sharoit yaratilish tufayli ilmiy tadqiqotlar yangi bosqichga koʻtarildi.

“COVID-19» infeksiyasiga qarshi 6 turdagi yangi mahalliy vaksinalar yaratildi va klinik oldi sinovlariga yetkazildi, ikkita mahalliy vaksina Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tomonidan nomzod vaksina sifatida roʻyxatdan oʻtkazildi, hozirgi kunda hayvonlarda laboratoriya sinovlari oʻtkazilmoqda.

Tijoratlashtirilgan “Rutan” preparati “COVID-19»ni davolash protokoliga kiritildi, SARS-CoV-2 infeksiyasini aniqlovchi test-diagnostikumlar yaratilib oyiga 500 ming dona toʻplam ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi.

Shuningdek, Xitoylik hamkorlar bilan hammualliflikda SARS-CoV-2 infeksiyasiga qarshi yangi vaksina – “ZF-UZ-VAC2001» yaratildi, tijoratlashtirish natijasida 20,5 mln dozada vaksinalar ishlab chiqarilib, aholiga emlanish uchun yetkazib berildi. Oʻzbekistonda Jurabek Laboratories korxonasi bazasida muntazam ravishda kamida oyiga 10 mln doza yangi rekombinant vaksina ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi.

Eng muhimi, Shavkat Mirziyoyevning uzoqni koʻrib olib borgan ichki va tashqi siyosatlari tufayli hozirgi kunda butun dunyoda vaksina taqchil boʻlayotgan bir paytda mamlakatimiz bugungi kunda vaksinalar bilan toʻliq jihatdan taʼminlangan.Natijada mamlakatimiz vaksinalarni ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻygan dunyodagi 10 ta mamlakatlar qatoriga kirdi.

Oʻzbekistonda tarqalgan koronavirusning 250 dan ortiq namunalari genomlari toʻliq DNK ketma-ketligi aniqlanib, birinchi 112 ta namunasi maʼlumotlarini dunyo GISAID maʼlumotlar bazasiga joylash natijasida Oʻzbekiston oʻz hududida tarqalgan koronavirus variantlari genomini toʻliq oʻqigan 50 ta davlatlar qatoridan joy oldi.

Prezidentning islohotlarining yangi bosqichi sifatida mamlakatda biotexnologiya tarmogʻiga asos solindi. Ekspertlar fikricha, 2025-yilga kelib, jahonda biotexnologiya mahsulotlari bozori qiymati 2 trln. AQSH dollariga yetishi kutilmoqda. Biotexnologiya sanoatida investitsiyalarning joriy oʻsishi esa 32 foizni tashkil etadi.

Hozirda tibbiyot va farmatsevtika sohalarida DNK va hujayraviy texnologiyalar, genetik tahlillar, yangi biomateriallar va biopolimerlar olish texnologiyalarini yaratish ustida ishlar boshlandi, noyob biotexnologik preparatlarni ishlab chiqarishning toʻliq sikli hozirgi kunda shakllanmoqda. Bu dastlabki qadamlar keyingi yillarda yanada rivojlanib katta yutuqlarga aylanadi.