Yangiliklar

Fuqarolar murojaatlari tanqidiy tahlil qilindi

24 iyul kun Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov aholi murojaatlari bilan ishlash masalasiga qaratilgan yig‘ilish o‘tkazdi Yig‘ilishda vazirlik mas’ul xodimlari, vazirlik quyi tashkilotlari rahbarlari qatnashdilar. Unda 23 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini yangicha tahlil qilish chora-tadbirlari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida ko‘rilgan masalalar muhokama qilindi, berilgan topshiriqlarni amalga oshirish mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Mazkur yig‘ilishda Innovatsion rivojlanish vazirligida 2021 yilning I yarim yilligida vazirlikka kelib tushgan murojaatlarning tanqidiy tahlili muhokama qilindi. Ta’kidlash joizki, vazirlikka 2021 yilning o‘tgan birinchi yarim yilligida jismoniy va yuridik shaxslardan jami 636 ta murojaat kelib tushgan. Murojaatlarning 122 tasi Prezident virtual qabulxonasi orqali va 514 tasi to‘g‘ridan to‘g‘ri vazirlikka murojaat shaklida yoki boshqa idora va tashkilotlar orqali kelib tushgan.

Kelib tushgan murojaatlarning 584 tasi jismoniy shaxslardan, 52 tasi yuridik shaxslardan kelib tushgan murojaatlardir.

Murojaatlarning 105 tasi yozma, 285 tasi og‘zaki, 246 tasi elektron murojaatlardir.

Kelib tushgan murojaatlarning 593 tasi (ya’ni 93 %) vazirlik apparatida ko‘rib chiqilib, 43 tasi (7 %) taalluqliligi bo‘yicha boshqa idora va tashkilotlarga yuborilgan.

Vazirlikda ko‘rib chiqilgan murojaatlarning 460 tasi (78 %) qanoatlantirilgan, 133 ta (22 %) murojaat bo‘yicha tushuntirish berilgan.

Vazirlikka kelib tushgan 593 ta murojaatlarning 256 tasi (43%) ya’ni eng ko‘p qismi Toshkent shahri ulushiga to‘g‘ri kelsa, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardan 334 ta, boshqa davlatlardan 5 ta murojaat kelib tushgan.

Respublika hududlarida ilm-fan namoyondalari, olimlar, tadqiqotchilar va yoshlar bilan 4 marotaba sayyor uchrashuvlar o‘tkazilib, ularda ko‘tarilgan qator masalalar ijobiy hal etib kelinmoqda.

O‘z navbatida vazirlikda fuqarolar murojaatini ko‘rib chiqish ishlarini yanada kengaytirish, aholiga qulaylik yaratisha maqsadida Innovatsion rivojlanish vazirligi rahbariyati tomonidan murojaatchilarni haftada 2 marta qabul qilishi zarurligi qayd etildi. Bunda bugungi kundagi epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib hamda murojaatchilarning vazirlikka kelish uchun ketadigan vaqtlari tejash maqsadida fuqarolar videokonferensiya aloqa shaklida tashkil etish ham yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, hozirda vazirlik saytida maxsus dialog oynasi ham tashkil etilgan bo‘lib, unda fuqarolar o‘z savollariga bevosita javob olish imkoniyatga egalar. Vazirlikning rahbariyati, boshqarma boshliqlari, tizim tashkiloti rahbarlari va hududiy boshqarma boshliqlari tomonidan sayyor qabullarda murojaatchilarni qabul qilish ishlariga alohida e’tibor qaratish zarurligi, viloyatlardagi ixtirochilar, innovatorlar va ilm ahli bilan doimiy muloqotni yo‘lga qo‘yish zarurligi qayd etildi.