Yangiliklar

ZF-UZ-VAC-2001 vaksinasi avgust oyidan yurtimizda ishlab chiqariladi

O‘zbekiston Respublikasi hududida koronavirusga qarshi vaksinalarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish yuzasidan muzokara o‘tkazish maqsadida 2021 yilning 24 iyul sanasida Innovatsion rivojlanish vazirligi binosida uchrashuv tashkil etildi. Mazkur tadbirda mezbon sifatida Innovatsion rivojlanish vaziri I. Abdurahmonov, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori S. Kariyev va “Jurabek Laboratories” kompaniyasi vakillari ishtirok etdilar, shuningdek xitoy tomonidan “Anhui Zhifei Longcom Biopharmaceutical” kompaniyasi bosh muhandisi Van Chji Szyun, xorijiy mamlakatlarga eksport qilish bo‘limi direktori Chen Fan U hamda boshqa vakillar qatnashdilar.

Uchrashuv avvalida I.Abdurahmonov ikki tomonlama hamkorlikning o‘rnatilishi va rivojlanishi bosqichlari va ushbu harakatlarning hozirgi kundagi samarasi haqida gapirarkan, mazkur uchrashuv o‘ziga xos tarixiy ahamiyatga ega ekanini qayd etdi. Uchrashuvda ZF-UZ-VAC-2001 vaksinasining O‘zbekistonda ishlab chiqarish imkoniyatlari muhokama qilindi.

“Anhui Zhifei Longcom Biopharmaceutical” kompaniyasi vakillari O‘zbekistonning ZF-UZ-VAC-2001 vaksinasi klinik sinovlarini o‘tkazishda qo‘shgan hissasi va o‘zbek tomonining ochiq, shaffof ish olib borishini yuqori baholadi. Xitoylik hamkorlar mamlakatimizning farmatsevtik mahsulotlarni ishlab chiqarish salohiyati bilan dastlabki tanishuvlari natijasida koronavirusga qarshi vaksina ishlab chiqarishning infratuzilmaviy imkoniyatlariga yuqori baho berdilar. Kompaniyaning bosh muhandisi Van Chji Szyun O‘zbekistonning ishlab chiqarish quvvatlari mazkur vaksinani ishlab chiqarish talablariga to‘liq muvofiq ekanligini ta’kidladi.

Butun dunyoda, shu jumladan O‘zbekistonda COVID-19 virusining bugungi kunda tarqalish sur’atlarini inobatga olib, mamlakatimizda vaksina ishlab chiqarish uchun Xitoy tomonidan xom ashyo yetkazib berish muddatlari va hajmi borasida dastlabki kelishuvlarga erishildi. “Anhui Zhifei Longcom Biopharmaceutical” kompaniyasi bilan O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda va mintaqadagi o‘rnini inobatga olgan holda qisqa muddatlarda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha memorandum imzolanishiga kelishildi. Tomonlar O‘zbekistonda birinchi bosqichda oyiga 10 mln doza vaksina ishlab chiqarish va keyinchalik bu ko‘rsatkichni yiliga 200 mln dozaga qadar olib chiqish mumkinligi bo‘yicha fikr almashdilar.

Bundan tashqari, Xitoy tomoni bilan yaqin kelajakda vaksina ishlab chiqarish texnologiyasini transfer qilinishiga kelishildi. Shuningdek, yurtimiz olim va mutaxassislarining mazkur sohadagi malakalarini oshirish maqsadida Xitoy va O‘zbekistonda bir vaqtda o‘qitish ishlari boshlanadi.