Yangiliklar

Innovatsion rivojlanish vazirligiga Tatariston Respublikasi delegatsiyasi tashrif buyurdi

23-iyul kuni Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligiga Tatariston Respublikasi delegatsiyasi tashrif buyurdi. Delegatsiya aʼzolari Tataristonning yetuk kompaniyalari vakillari, xususan, Innopolis texnoparki bosh direktori oʻrinbosari V. Galeyev, Qozon shahridagi IT park direktori A. Borisov, “TatITneft” direktori R. Shakirov, “BARS grup” AJ direktori oʻrinbosari I. Batыrov va Qozon shahridagi “Tinkoff” tijorat bankining mintaqaviy direktori I. Katыkovdan iborat boʻlib, mehmonlar Innovatsion rivojlanish vazirligi faoliyati, koʻrgazmalar zali hamda Innovatsiyalarni joriy qilish va texnologiyalar transferi milliy ofisi laboratoriyalari bilan tanishishdilar.

Tor doiradagi uchrashuvda Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov Innopolis texnoparki bosh direktori oʻrinbosari V. Galeyev va Innopolis shahridagi IT-park direktori A. Borisovni qabul qildi. Vazir Tatariston bilan hamkorlikni yana-da rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratayotganini taʼkidladi.

Innopolis rezidenti - “Bipium” kompaniyasi bilan axborot texnologiyalari sohasida loyiha amalga oshirilayotganligi taʼkidlab oʻtildi. Oʻz navbatida V. Galeyev Oʻzbekistonning innovatsion rivojlanish sohasida erishgan yutuqlarini koʻzdan kechirib, mazkur sohada Oʻzbekistonning tajribasiga yuqori baho berdi.

Tashrif soʻngida delegatsiya aʼzolari poytaxtimizning Olmazor tumanida barpo etilayotgan Texnopark majmuasi bilan tanishdilar.