Yangiliklar

Xotin-qizlarning ilm-fandagi ishtiroki qanday?

Yurtimizda xotin-qizlarni ilmiy faoliyatga keng jalb qilish, ularning zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarga asoslangan dasturiy ishlanmalari, innovatsion gʻoyalari, ixtirochilik va ratsionalizatorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Oʻtgan yili 31 099 nafar ilmiy xodimlar ilmiy-tadqiqot va tajriba konstruktorlik faoliyati bilan shugʻullangan boʻlsa, ularning 39,6 foizini ayollar tashkil etgan. Xususan, 12 127 nafar ayollarning 16,4 foizi davlat sektorida, 10,2 foizi tadbirkorlik sektorida, 73,0 foizi oliy taʼlim sektorida, 0,2 foizi xususiy notijorat sektorda faoliyat koʻrsatmoqda. Ularning 49,6 foizi Toshkent shahrida, 50,4 foizi hududlarda faoliyat koʻrsatmoqda.

Ilmiy faoliyat bilan shugʻullanayotgan ayollarning 3 568 nafari ilmiy darajaga ega boʻlib, ularning 707 nafari fan doktori, 2 412 nafari fan nomzodi va 449 nafari PhD ilmiy darajasiga ega xodimlar hisoblanadi.

Hozirgi kunda ilmiy-tadqiqot va tajriba konstruktorlik faoliyati bilan shugʻullangan ayollarning 3 157 nafari tabiiy fanlar sohasida (262 nafar fan doktori, 650 nafar fan nomzodi, 90 nafar PhD), 1 643 nafari texnika fanlari sohasida, 2 176 nafari tibbiyot fanlari sohasida, 607 nafari qishloq xoʻjaligi fanlari sohasida, 2 006 nafari ijtimoiy fanlar sohasida, 3 395 nafari gumanitar fanlar sohasida faoliyat koʻrsatmoqda.

Xotin-qizlarning ilm-fan va ilmiy faoliyatdagi oʻrnini oshirish va ularning innovatsion gʻoyalarini, ixtirochilik va ratsionalizatorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash yuzasidan tegishli choralar koʻrilmoqda. Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan ilmiy loyihalarni bajarish va yangi ishlanmalarni yaratishda olima ayollarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga alohida ahamiyat qaratilmoqda.

Masalan, ilmiy loyihalarda ishtirok etish boʻyicha 2020-yilda yakunlangan 1 021 ta ilmiy loyihaning 204 tasi (52 ta fundamental, 152 ta amaliy), yaʼni 19,9 foizi olima ayollar rahbarligida bajarilgan. Ushbu loyihalar doirasida olima ayollar tomonidan Scopus, Web of Science indeksatsiyalangan maʼlumotlar bazalaridagi ilmiy jurnallarda 546 ta, mahalliy ilmiy jurnallarda 2 044 ta ilmiy maqola nashr etilgan hamda 74 ta intellektual mulk obyektlari (patentlar) roʻyxatga olingan.

Hozirgi kunda ilmiy-tadqiqot ishlariga davlat buyurtmasi talablariga muvofiq umumiy yillik moliyaviy hajmi 45,4 mlrd soʻmlik 82 ta ilmiy loyihalar olima ayollar tomonidan bajarilmoqda (27,8 mlrd soʻmlik 57 amaliy, 16,9 mlrd soʻmlik 25 ta innovatsion loyihalar).

Amalga oshirilayotgan ilmiy loyihalarda 696 nafar ayollar ishtirok etib, ular tomonidan loyihalar doirasida tijoratlashtirish salohiyati yuqori boʻlgan yangi ishlanmalar yaratilmoqda.

Respublikamizda xotin-qizlarni ilm-fanga keng jalb qilish, fan-taʼlim va iqtisodiyotning turli tarmoq va sohalarida ilmiy faoliyat bilan shugʻullanayotgan xotin-qizlarning yangi gʻoya va ishlanmalarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish maqsadida Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida 2020-yil 12-martda ayollar uchun alohida tanlov – “Olima ayollar grantlari” tashabbuskor amaliy va innovatsion loyihalar tanlovi eʼlon qilindi.

Tanlovga respublikadagi ilmiy faoliyat subyektlarida faoliyat koʻrsatuvchi olima ayollar tomonidan jami 111 ta ilmiy loyiha taqdim etildi. Dastlabki texnik ekspertiza natijalariga koʻra, 44 ta loyihaga ijobiy xulosa berilib, ilmiy ekspertizadan oʻtkazish uchun tegishli ilmiy-texnik kengashlarda koʻrib chiqish uchun taqdim etildi. Ilmiy ekspertiza natijalariga koʻra umumiy hajmi 10,5 mlrd. soʻmlik 9 ta loyiha moliyalashtirildi.

2021-yil 5-martda loyihalar tanlovining 40-turi doirasida “Olima ayollar grantlari” tashabbuskor amaliy va innovatsion loyihalar tanlovi eʼlon qilindi. Hozirgi kunda tanlovga taqdim etilgan 214 ta loyiha belgilangan tartibda ekspertizadan oʻtkazilmoqda.

Hozirgi kunda 2 483 nafar xotin-qizlar oliy taʼlimdan keyingi taʼlim tizimida ilmiy-tadqiqot ishlari bilan shugʻullanmoqda. Xususan, ularning 1 195 nafari tayanch doktoranturada, 83 nafari doktoranturada, nafari falsafa doktori (PhD) mustaqil izlanuvchilikda, nafari fan doktori (DSc) mustaqil izlanuvchilikda, 122 nafari stajyor-tadqiqotchilikda ilmiy faoliyat bilan shugʻullanmoqda.

Xotin-qizlarning zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarga asoslangan dasturiy ishlanmalarini, shuningdek olima ayollar tomonidan yaratilgan yangi ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish va ularning startap tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan tashkil etilgan tijoratlashtirishgacha boʻlgan amaliy loyihalar tanlovida 5 nafar xotin-qizlar gʻoliblikni qoʻlga kiritib, ularning loyihalariga bugungi kunda jami 1,89 mlrd soʻm mablagʻ ajratilib, moliyalashtirildi.

Shuningdek, olima ayollar tomonidan 2020-yilda yakunlangan ilmiy loyihalar doirasida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarga asoslangan 4 ta ishlanmalari bugungi kunda tijoratlashtirishga tayyorlanmoqda.

2019-2021-yillar mobaynida vazirlikka xotin-qizlarning innovatsion ishlanmalari va startap loyihalarini amalga oshirish boʻyicha kelib tushgan murojaatlarning 10 tasi tegishli soha mutaxassislari va ekspertlar tomonidan tanlab olinib, amaliyotda joriy etish hamda moliyalashtirish uchun qabul qilingan.
Ushbu loyihalarni moliyalashtirish uchun Innovatsion rivojlanish va novatorlik gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan 9,4 mlrd. soʻm ajratildi.

2020-yilda Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan oʻtkazilgan tanlov natijalariga koʻra 45 nafar yosh olimalar gʻolib deb topilgan boʻlib, karantin cheklovlari toʻliq olib tashlanganidan soʻng ularni Rossiya, Belarus, Qozogʻiston, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Germaniya, Ispaniya, Turkiya, Avstriya, Janubiy Koreya, Germaniya, Latviya kabi davlatlarga ilmiy stajirovkalarga yuborish rejalashtirilgan.

Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilgʻor texnologiyalar markazida qizlar uchun oʻtkaziladigan eng yirik xalqaro texnologik tanlovi Technovation Girl dasturi ishga tushirildi va muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. 1-iyun kuni Innovatsion rivojlanish vazirligida navbatdagi Technovation Girls Uzbekistan xalqaro texnologik tanlovining final tadbiri oʻtkazildi.

2020-yilda Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Yoshlar akademiyasi tomonidan taqdirlanganlar orasida yosh olima ayollar ham bor.

“LOGOS” afaziyani tiklashga moʻljallangan oʻzbek tilida birinchi milliy dasturi asoschisi Rasulova Munisa eng yaxshi 20 ta startap loyihalar tanlovida gʻolib deb topildi hamda loyihasini rivojlantirish uchun 75 mln soʻm grantni qoʻlga kiritdi. “Antifriz GA-39” loyihasi asoschisi Turdimurodova Maftuna eng yaxshi 20 ta startap loyihalar tanlovida gʻolib deb topilgan hamda loyihasini rivojlantirish uchun 50 mln soʻm grant yutib oldi. “Innoweek” xalqaro innovatsion gʻoyalar haftaligida Navoiy viloyatidan Abjalova Manzura Abdurashetovna, Surxondaryo viloyatidan Xolboyeva Aziza Ixtiyarovna, Toshkent viloyatidan Shenmatova Iroda Baxtiyor qizi “Innovatsion gʻoyalar yetakchisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi. 2021-yilda “Qishloq xoʻjaligida yoshlarning innovatsion loyihalari” tanlovida Charos Anvarbekova “Intensiv tokzor va koʻchatzorlar barpo etish texnologiyasi” loyihasi bilan qatnashib, 50 mln soʻmlik grantni qoʻlga kiritdi.