Yangiliklar

Bobur Oqilxonov: “Oʻzbek dasturchilari dunyodagi eng zoʻr dasturchilardan qolishmaydi...”

29-may kuni Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi va Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Yoshlar qanoti hamkorligida “Vatandosh bilan suhbat” loyihasi navbatdagi soni oʻtkazildi. Loyihaning navbatdagi mehmoni AQSHda axborot texnologiyalari boʻyicha koʻplab yoshlar orasida mashhur vatandoshimiz Bobur Oqilxonov oʻz tajribasi, faoliyati haqida oʻrtoqlashdi, yoshlarning savollariga javob berdi.

Uchrashuvda Respublikamizning turli hududlaridan Zoom dasturi orqali 100 dan ziyod yoshlar ishtirok etdilar. Yoshlar parlamenti aʼzolari esa loyiha mehmoniga xorijiy mamlakatda turib vatandoshlarimiz Oʻzbekiston va undagi yoshlar ravnaqi uchun nimalar qilishayotganligi boʻyicha savol berdilar. Bobur Oqilxonov oʻzining misolida yoshlarni AKTga oʻqitish uchun Talabalar shaharchasida Oqilxonov akademiyasini tashkil etgani va unda hozir koʻplab yoshlar oʻzlarining AKT sohasidagi bilimlarini oshirishayotganligini taʼkidlab oʻtdi. Shuningdek, u axborot texnologiyalarida faoliyat yuritayotgan yetuk mutaxassislarining qaysi davlatda yashashidan qatʼi nazar yirik milliy yoki xalqaro loyihalarda ishtirok etishlari mumkinligi haqida soʻzladi.

– Men IT boʻyicha xalqaro miqyosda tan olingan mutaxassisi sifatida oʻzimizning oʻzbekistonlik dasturchi yigit-qizlarimizning bilimlari uncha-muncha shu sohada tan olingan davlatlardagi mutaxassilardan kam emas, hatto yuqoriligini aytib oʻtmoqchiman, – deydi B. Oqilxonov. – Men , odatda, loyihalarimga mutaxassislarni avval Oʻzbekistondan izlayman, topolmasam, keyin boshqa davlatlardan qidiraman. Bizning mutaxassislarning bilimi koʻp va chuqur, lekin ularda ingliz tili boʻyicha bilimlar va oʻzini namoyon etish xususiyati yetishmaydi. Bir soʻz bilan aytganda, kamtarinligimiz va uyatchanligimiz oʻzimizda bor iqtidorni namoyish etishga toʻsqinlik qiladi. Dunyoda “hindlar eng zoʻr dasturchi” degan tushuncha bor. Ammo men bu fikrga qoʻshilmayman. Oʻzbek yigitlari ulardan kuchli – buni men shu sohada ancha yil ishlagan odam sifatida aytyapman.

Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Yoshlar qanoti tomonidan yoshlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish maqsadida “Vatandosh bilan suhbat” loyihasi yoʻlga qoʻyilgan. Loyihaning asosiy maqsadi xorijda turli sohalarda yutuqlarga erishgan vatandoshlarimiz bilan yoshlarning ochiq motivatsion uchrashuvlarini “ZOOM” platformasi orqali tashkil etish va loyihaga Yoshlar parlamenti aʼzolari hamda faol yoshlarni keng jalb qilishdan iboratdir.

Loyihaning avvalgi sonlarida Yoshlar parlamenti aʼzolari va faol yoshlar Kanadaning energiyani qayta ishlash boʻyicha “Sky power” tashkiloti rahbarlaridan biri Hamza Tursunov, Germaniya xalqaro loyihalar bilan ishlash markazining “Oʻrta Osiyoda suv resurslari” loyihasi rahbari Abror Gafurov, AQSHda blogerlik bilan shugʻullanayotgan aktyor, jurnalist va huquqshunos Otabek Mahkamov, Germaniyaning Shtutdgard universitetini tamomlagan va hozirda Berlindagi nufuzli maktablardan birida dars berayotgan pedagog Kamoliddin Bediyev hamda Yaponiyaning Nagoya universiteti professori Alisher Umirdinov bilan ochiq muloqotlarda koʻplab qiziqarli uchrashuvlar boʻlib oʻtgan edi.

Uchrashuv qizgʻin muhokamalar bilan oʻtdi va yoshlar nafaqat AKT sohasi boʻyicha savollarga javob olishda, balki koʻplab boshqa mavzularda ham ochiq muloqotga kirishib, fikr almashdilar.

Bobur Oqilxonov bilan uchrashuvni HAVOLA orqali tomosha qiling.