Yangiliklar

Qozogʼistonning Oʼzbekistondagi elchisi ZF-UZ-VAC2001 vaktsinasi bilan emlandi

1 mart kuni Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Аbdurahmonov Qozogʼistonning Oʼzbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Darxan Satibaldini qabul qildi. Tomonlar Oʼzbekistonda koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash boʼyicha amalga oshirilayotgan ishlar va bu borada hamkorlikni kuchaytirish masalasini muhokama qildilar.

Vazir I. Аbdurahmonov Oʼzbekiston-Xitoy hamkorligida amalga oshirilayotgan ZF-UZ-VAC2001 vaktsinasining sinov jarayonlari haqida maʼlumot berdi. Xususan, Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilgʼor texnologiyalar markazi, Sogʼliqni saqlash vazirligi huzuridagi Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti va Xitoy farmkompaniyasi bilan uch tomonlama memorandum doirasidagi III faza sinovlarida mazkur vaktsinaning xavfsizligi yuqori baholanganini qayd etdi.

Bugungi kunga kelib 6836 nafar koʼngilli vaktsinaning 1-dozasi, 4453 nafar koʼngilli vaktsinaning 2-dozasi va 283 nafar koʼngilli 3-doza bilan emlandi. Ushbu sinovda qatnashgan fuqarolarning 6 nafaridagina ozroq nojoʼya taʼsir – allergik reaktsiya kuzatildi. Bu 0,01 foiz boʼlib, vaktsinaning xavfsizligidan dalolat beradi.

Oʼz navbatida Ilgʼor texnologiyalar markazi direktori oʼrinbosari Dilbar Dolimova ZF-UZ-VAC2001 rekombinant vaktsina ekani tushuntirib, emlash jarayonida inson organizmiga koronavirusning tojining bir boʼlagi kiritilishi haqida gapirdi.

– Bu usul nojoʼya taʼsirlarni oldini olishga xizmat qiladi, negaki unda faqatgina virusning tashqi oqsili ishlatiladi, – dedi D. Dolimova. – ZF-UZ-VAC2001 ni oddiy muzlatkichda 2-8 daraja haroratda saqlash mumkinligi ham mazkur vaktsinaning ijobiy tomonidir.

Darxan Satibaldi Oʼzbekiston va Xitoy davlatlari hamkorligida yaratilgan ZF-UZ-VAC2001 yangi rekombinant vaktsina sinovlari muvaffaqiyatli oʼtayotgani bilan qutladi. Shuningdek, ushbu vaktsina borasida Qozogʼiston ommaviy axborot vositalarida ham materiallar berilayotgani haqida gapirdi. Elchi janoblari Oʼzbekiston-Xitoy vaktsinasini Qozogʼistonga ham yetkazish masalasini muhokama qilish boʼyicha taklif tayyorlashini bildirdi.

Suhbat yakunlangach, Qozogʼiston elchisi Darxan Satibaldi va ikki nafar Qozogʼiston elchixonasi xodimlari ZF-UZ-VAC2001 vaktsinaning 1-dozasi bilan emlandilar.