Yangiliklar

Ohangaron Yoshlar texnoparki ochildi

2021 yil 17 fevral kuni Ohangaron shahridagi Toshkent viloyati Yoshlar texnoparkining ochilish marosimi boʼlib oʼtdi. Unda yoshlar, Innovatsion rivojlanish vazirligi va Toshkent viloyati hokimiyati masʼullari, koʼplab OАV vakillari ishtirok etdilar. Tadbirni Oʼzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vaziri oʼrinbosari Olimjon Toʼychiev va Toshkent viloyati hokimi v.b. Davron Hidoyatov ochib berdi.

– Ohangaron shahrida barpo etilgan Yoshlar texnoparki oʼquvchi va talabalarning, kasb oʼrganayotgan yoshlarimizning texnik yoʼnalishdagi loyihalarni qoʼllab-quvvatlash, yoshlarni muhandislik sohasiga qiziqishini oshirish, bor bilimlarini mustahkamlash va amaliyotga joriy etish maqsadida barpo etildi, – dedi O. Toʼychiev. – yoshlarning bu dargohda erishgan yutuqlari, amalga oshirgan loyihalari, gʼoyalarni mahsulotga aylantirish yoʼlidagi ishlarning bari Respublikamizning boshqa hududlarida ham ochilishi kerak boʼlgan Yoshlar texnoparkiga namuna buladi. Birinchi boʼlish qiyin va masʼuliyatli. Mana shu birinchilikni har jabhada saqlab qolishingizni, yaratilgan imkoniyatlardan foydalanib, jamiyatimiz, xalqimiz va vatanimiz uchun foydali ishlanmalar yaratishingizni tilab qolaman.

Hududlarda tashkil etilayotgan Yoshlar texnoparkining asosiy maqsadi yoshlarni intellektual, ilmiy, ijodiy salohiyatini oshirish, yoshlarning oʼz intellektual salohiyatini namoyon qilishi va ijtimoiy moslashuvi uchun zarur sharoitlar yaratish, ularni zamonaviy kasb-hunarga yoʼnaltirish hamda bandligini taʼminlash hisoblanadi. Hozirda Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan hududlardagi Yoshlar texnoparklari bosqichma-bosqich tashkil etilmoqda. Yoshlar texnoparklari hududlardagi yoshlarni innovatsion faoliyatga keng jalb qilish, ilm-fan, taʼlim va ishlab chiqarish integratsiyasini chuqurlashtirishga katta turtki boʼlishi hamda uning ijtimoiy va iqtisodiy salohiyatini oshirishi kutilmoqda.

Yoshlar texnoparklarining ilk qaldirgʼochi Toshkent viloyati Yoshlar texnoparki Ohangaron shahrida qurib bitkazildi. Innovatsion rivojlanish vazirligi mablagʼlari hisobidan zamonaviy laboratoriya uskunalari hamda texnikalari xarid qilindi. Ushbu texnoparkda yoshlar robototexnika va mexatronika, elektronika, 3D prototiplashtirish, 3D modellashtirish, dasturlash kabi kelajak kasblari boʼyicha taʼlim olishadi. Ushbu yoʼnalishlar boʼyicha oʼz loyihalarini ishlab chiqishadi, loyihalarning aktseleratsiya jarayonlarini amalga oshiradi hamda tijoratlashtiradi. Ohangaron shahridagi Yoshlar texnoparki Toshkent viloyati miqiyosida faoliyat yuritadi. Toshkent viloyatidagi shaharlar va qishloqlar bir-biridan anchayin uzoq masofada joylashgani uchun Innovatsion rivojlanish vazirligining “TexnoBus” mobil taʼlim platformasi viloyatning turli hududlarida yoshlarga zamonaviy yoʼnalishlarda taʼlim beradi hamda iqtidorli yoshlarni Toshkent viloyati Yoshlar texnoparkiga jalb etadi.

Toshkent viloyati Yoshlar texnoparki direktori Oybek Toʼychiev tadbir ishtirokchilarini texnoparkning kelgusi rejalari haqida gapirdi. Texnoparkka kelgan yoshlar oʼz takliflari, xohish va istaklarini izhor etdilar. Xususan yosh olimlarning xorijiy ilmiy nashrlarda maqolalarini chiqarish boʼyicha xarajatlarini qoplash, texnoparkda akademik ingliz tili kurslarini tashkil etish masalalari koʼtarildi va ularga ijobiy yechimlar topildi. Ohangaron shahar hokimi Yoshlar texnoparki aʼzolariga 10 ta zamonaviy noutbuk taqdim etdi.