Yangiliklar

Innovatsion rivojlanish vazirligi huzurida ilmiy-texnik axborot markazi tashkil etildi

Joriy yilning dekabr oyidan Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzurida Ilmiy-texnik axborot markazi oʻz faoliyatini boshladi.

Markazni tashkil etishdan maqsad — davlat ­ilmiy-texnik axborot tizimini takomillashtirishdir. Oʻz navbatida markazning dastlabki bosqichdagi asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

1.Ilmiy-texnik axborot bazalarini shakllantirish hamda ilmiy-innovatsion faoliyat samaradorligini har tomonlama tahlilini amalga oshirish;

2.Innovatsion rivojlanish boʻyicha yillik Milliy hisobot uchun materiallar tayyorlash;

3.Xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda moliyalashtirish uchun taqdim etilgan ilmiy-tadqiqot loyihalarini ilmiy-texnik ekspertizadan oʻtkazishning samarali mexanizmlarini ishlab chiqish;

4.Ilmiy-texnik axborot almashinuvida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish.

Markaz mamlakatimizning har yili Global innovatsiyalar indeksi (GII) reytingiga qoʻshilishi uchun zarur boʻlgan innovatsiya sohasiga oid maʼlumotlar va koʻrsatkichlarni tayyorlaydi.

Markaz ilmiy-innovatsion faoliyatni rivojlantirish borasida strategik va tezkor qarorlar qabul qilish jarayonlarini axborot taʼminotini amalga oshiradi.