Yangiliklar

Harbiy soha – katta taʼlim va tarbiya dargohidir

Davlatimiz rahbarining mamlakat hayotidagi muhim voqea - Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil topganining 29 yilligi va Vatan himoyachilari kuni arafasida Qurolli Kuchlar Akademiyasiga tashrifi mobaynida keyingi yillarda mamlakat mudofaa qobiliyatini yana-da oshirish borasida amalga oshirilgan ishlar, Qurolli Kuchlarni rivojlantirish yoʻlidagi saʼy-harakatlar va ularning natijalari haqida soʻz bordi. Prezident nutqida “Milliy tiklanishdan milliy yuksalish sari” gʻoyasi atrofidagi toʻlaqonli yangilanish va tub oʻzgarishlar, mamlakatni mutlaqo yangi shiddat va koʻlamda ravnaq toptirish hamda harbiy sohada qilingan ishlar sarhisobi bilan birga, istiqbolda amalga oshirilishi lozim boʻlgan vazifalar va ustuvor maqsadlar belgilab berildi.

Shak-shubhasiz, Prezidentimizning Oʻzbekiston Respublikasini 2017-2021-yillarda rivojlantirish boʻyicha Harakatlar strategiyasi asosida, mamlakat hayotining boshqa jabhalari bilan bir qatorda, harbiy sohaning eng muhim yoʻnalishlari boʻyicha zamon talablariga mos qarorlar qabul qilindi. Amalga oshirilgan tizimli va kompleks chora-tadbirlar natijasida qisqa davr ichida milliy armiyamizning jangovar shayligi va umuman mamlakatning mudofaa qobiliyati oshdi. Yigʻilishda davlatimiz rahbari Qurolli Kuchlarni rivojlantirish va mamlakat mudofaa qobiliyatini yana-da mustahkamlash hamda bu borada zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va ilgʻor innovatsiyalarni keng tatbiq etish masalalariga alohida toʻxtalib oʻtildi.

Jumladan, barcha darajadagi qoʻmondonlik va boshqaruv organlari faoliyatini takomillashtirish, qoʻshinlarda avtomatlashtirilgan boshqaruv vositalari va komplekslarni joriy qilish orqali ularning hamkorlikdagi operativ va jangovar tayyorgarlik darajasini oshirish, shuningdek, axborot va kiberxavfsizlikni taʼminlash istiqboldagi dolzarb vazifalardan boʻlib qolishi taʼkidlandi.

Bundan taxminan bir yil avval Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi hamda Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan “Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti negizida harbiy soha uchun innovatsion gʻoyalar izlash, ishlanma va texnologiyalarni amalga oshirish dasturi” tasdiqlangan boʻlib, mazkur dastur doirasida qator ishlar amalga oshirilmoqda. 2020-yilda maxsus yoʻnalishda jami 4,3 mlrd soʻm hajmdagi 3 ta ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish boshlangan. Mazkur yoʻnalishdagi ilmiy ishlarga ajratilgan mazkur mablagʻ 2019-yilda shu sohaga sarflangan mablagʻdan 11 baravar kattaligi diqqatga sazovordir.

Bugungi kunda global axborot makonidagi qarama-qarshilik, inson, ayniqsa yosh avlodning ongi va qalbi uchun kurashning kuchayishi sharoitida harbiy-vatanparvarlik tarbiyasining roli va ahamiyati ortib bormoqda. Shuning uchun davlatimiz rahbari tomonidan aholining va birinchi navbatda yoshlarning harbiy-vatanparvarlik tarbiyasi tizimini takomillashtirish, ularni mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayoniga jalb qilish, intellektual va ijodiy salohiyatni namoyon qilishga sharoit yaratish yuzasidan koʻrsatmalar berildi.

Shu oʻrinda Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti ilmga chanqoq talabalari talabalarining Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Yoshlar akademiyasiga aʼzo ekanligi quvonarlidir. Bugungi kunda boʻlajak yurtimiz posbonlari vazirligimiz tomonidan yoshlar uchun tashkil etilayotgan tanlovlar, koʻrgazmalarda faol ishtirok etib kelmoqdalar. Yoshlar akademiyasi tomonidan 2020-yil 1–15-dekabr kunlari tashkil etilgan “TechnoWays” texnologik rivojlanish marafonida Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy institutining 5 nafar iqtidorli talabalari oʻzlarining 5 ta loyihalari bilan qatnashdilar. Marafonning yakuniy bosqichida harbiy institut talabasi Oybek Dexqonov tomonidan yaratilgan “Tibbiy maʼlumotlarni oʻlchov dastgohi” 30 mln soʻm miqdorida ragʻbatlantirildi.

Innovatsion rivojlanish vazirligining maxsus yoʻnalishdagi ilmiy-texnik kengashi tomonidan mudofaa va harbiy sanoatda qator ilmiy-tadqiqot loyihalari amalga oshirilib kelinmoqda. Vazirlik tomonidan maxsus yoʻnalishdagi moliyalashtirish hajmi 10,978 mlrd. soʻm boʻlgan jami 12 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Vazirlikning Maxsus yoʻnalishdagi ilmiy-texnik kengashi tomonidan 2020-yilda qoʻshimcha ravishda umumiy moliyalashtirish hajmi 10,95 mlrd. soʻmga teng boʻlgan 11 ta ilmiy-tadqiqot loyihalar mavzulari eʼlon qilingan.

Hozirda Toshkent shahrining Olmazor tumanida “Istambul” texnoparkining filiali ochilishi ustida ishlar olib borilmoqda. Ushbu loyiha mudofaa sohasiga yangi texnologiyalarni olib kirish, ilmiy tadqiqotlar amalga oshirishni ham nazarda tutadi. Oʻzbekiston–Turkiya hamkorlik munosabatlarini rivojlantirish qoʻshma dasturlarini tashkil etish, tajriba almashish va malaka oshirish uchun mustahkam platforma yaratishga imkon beradi.

Mamlakat mudofaa tizimi, harbiy taʼlim va harbiy soha – mamlakat osoyishtaligini taʼminlashning eng muhim tizimi boʻlishi bilan birga, juda katta taʼlim va tarbiya dargohidir. Ushbu muassasalarning xalqqa yaqinlashuvi natijasida vatanparvarlik va fidoyilik tuygʻulari, yurtni sevish va ardoqlash, sadoqat va matonat koʻnikmalari va tushunchalari shakllanib, mustahkamlanib boradi. Yoshlarimiz oʻz vatanining boʻlgʻusi qahramonlaridirlar. Shu sababli davlat rahbari ayni mavzuga alohida diqqat qaratdi. Mamlakat aholisini va yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning fuqarolik pozitsiyasini kuchaytirish bilan bogʻliq ishlarni “Jasur jangchi – yoshlar uchun namuna” shiori ostida yana-da jadallashtirish, harbiy okruglar qoʻmondonliklariga kamida 10 tadan maktabni otaliqqa olish hamda harbiy qism komandirlari tomonidan ularda vatanparvarlik va harbiy shon-sharaf darslarini yoʻlga qoʻyish vazifasi qoʻyildi.

Shuningdek, davlatimiz rahbari “oʻz farzandlarida yuksak vatanparvarlik ruhini kamol toptira olmagan davlat, qanday qudratli qurolga ega boʻlmasin, mudofaa qobiliyatini mustahkamlay olmaydi”, deya taʼkidlab oʻtdi. Prezidentimizning ushbu soʻzlarining mazmun-mohiyati keyingi toʻrt yil mobaynida yoshlarga oid davlat siyosati doirasida davom ettirilayotgan yuksak eʼtibor, koʻmak va keng ommalashgan “besh tashabbus” jarayoni bilan uzviy bogʻliq, albatta.

Prezidentimizning Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 29 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan bayram tabrigida bilan tariximizda birinchi marta oʻz mohiyatiga koʻra noyob tizim – harbiy-maʼmuriy sektorlar tashkil etilganini aytib oʻtdilar. Bunday ish usuli joylardagi davlat hokimiyati organlarini mamlakatimiz mudofaa qudratini mustahkamlashga faol jalb etish uchun imkon berdi. “Armiya va xalq – bir tanu bir jondir” degan ulugʻ gʻoyani amalda taʼminlashga davlat organlari ham oʻz hissaslarini qoʻshishishiga imkon yaratildi.

Oʻtgan yili Innovatsion rivojlanish va Mudofaa vazirliklari hamkorlikda “Askarga maktub” pilot loyihasi amalga oshirildi. Chirchiq oliy tank qoʻmondon-muhandislik bilim yurti muddatli xizmatchilari bilan “Askarga maktub” boshlangan loyiha Oʻzbekiston yosh fuqarolarida faol hayotiy pozitsiyani shakllantirish, ularda Vatanga muhabbat, uning tarixiy merosiga hurmat, millat manfaatlarini himoya qilish, uning xavfsizligiga gʻamxoʻrlik qilish kabi maʼnaviy-axloqiy fazilatlarni shakllantirish va rivojlantirish, shuningdek, yoshlarda harbiy xizmatni oʻtash borasida ijobiy fikrni uygʻotishga qaratilgan. Vatanparvarlik fazilatlarini shakllantirish maqsadida yoshlar oʻrtasida harbiy-vatanparvarlik taʼlimining yangi, nostandart usullari paydo boʻlishi uchun shart-sharoitlar yaratish loyihaning vazifalaridan sanaladi. Shuningdek, harbiy kasblar nufuzini oshirish, aksiya ishtirokchilarining ijodiy qobiliyatlarini oshkor qilishga qaratilgan mazkur loyiha yoshlarda Vatanga xizmat qilayotgan harbiylarni izzat-hurmat qilishga chorlaydi. Loyihada yaqinlari milliy armiyada xizmat qilayotgan yoshlar — maktab oʻquvchilari, talabalar, shuningdek, taʼlim muassasalari va harbiy qismlardagi taʼlim jarayoni ishtirokchilari — oʻqituvchilar, harbiy instruktorlar, psixologlar, askar va ofitserlar ishtirok etdilar.

Harbiy kadrlarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish hamda harbiy ilmni rivojlantirish borasida Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni tomonidan zamonaviy harbiy bilimlarni va milliy harbiy sanʼat tarixini chuqur oʻrganib, qoʻshinlarning tayyorgarlik usul va uslublarini yana-da takomillashtirish vazifasi qoʻyildi. Bunda harbiy taʼlim tizimida boshlangan islohotlarni uzviy davom ettirish, oliy harbiy bilim yurtlari, litsey va kollejlar, jumladan, “Temurbeklar maktabi” harbiy akademik litseylari faoliyatini takomillashtirish, ularda taʼlim olayotgan oʻquvchilar qalbida milliy ruh, ona-Vatanga mehr va sadoqat, adolat tuygʻusini har tomonlama kuchaytirish, buyuk ajdodlarimiz, jumladan, Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Shohruh Mirzo, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi sarkardalarimizning boy harbiy sanʼatidan keng foydalanish muhimligi alohida taʼkidlab oʻtildi. Maʼlumki, nomlari tilga olib oʻtilgan ulugʻ ajdodlarimizning harbiy mahorati oʻta chuqur bilim, taktika, strategiya, vaziyatni toʻgʻri baholash va rejalashtirish kabi qobiliyatlarni oʻzida mujassam etgani bilan ajralib turadi. Shohrux Mirzo va Zahiriddin Muhammad Bobur joriy etgan “tebratma” va “toʻlgʻama” usullari harbiy sanʼatlar tarixiga alohida nom bilan kirgani buning yorqin isbotidir.

Prezidentimizning mamlakatimiz poytaxtida barpo etilgan “Gʻalaba bogʻi” va “Shon-sharaf” muzeyi majmuasini harbiy xizmatchilar, yurtimiz aholisi, ayniqsa, yoshlar uchun harbiy tarixni va buyuk ajdodlarimiz qahramonligini oʻrganish ilmiy markaziga aylantirish taklifini barcha qizgʻin kutib oldi. Yuqorida nomlari zikr qilib oʻtilgan ulugʻ sarkardalarimizning nomlari qatorida, ular bilan yonma-yon safda turgan fidoyi, sadoqatli va jasur qoʻmondonlarning, botir lashkarboshilarning el-yurt uchun koʻrsatgan qahramonliklarining solnomalari yaratilishi shonli tariximizni tiklash, kishilarimizga va yoshlarimizga anglatish, kelajak avlodga asrab-avaylab yetkazib berish kabi vazifalarni oʻz ichiga oladi, albatta.

Ibrohim Abdurahmonov,

Innovatsion rivojlanish vaziri, akademik