Yangiliklar

14 yanvar — Vatan himoyachilari kuni!

Hurmatli yurtdoshlar!

Mamlakatimiz hayotidagi muhim sana – Oʼzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil topganining 29 yilligi va Vatan himoyachilari kuni muborak boʼlsin!

Bugungi kunda global axborot makonidagi qarama-qarshilik, inson, ayniqsa yosh avlodning ongi va qalbi uchun kurashning kuchayishi sharoitida harbiy-vatanparvarlik tarbiyasining roli va ahamiyati ortib bormoqda. Shuning uchun davlatimiz rahbari tomonidan aholining va birinchi navbatda yoshlarning harbiy-vatanparvarlik tarbiyasi tizimini takomillashtirish, ularni mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayoniga jalb qilish, intellektual va ijodiy salohiyatni namoyon qilishga sharoit yaratish yuzasidan koʼrsatmalar berildi.

Shu oʼrinda boʼlajak yurtimiz posbonlari vazirligimiz tomonidan yoshlar uchun tashkil etilayotgan tanlovlar, koʼrgazmalarda faol ishtirok etib kelayotganlariga alohida urgʼu bermoqchiman. Yoshlar akademiyasi tomonidan tashkil etilayotgan “TechnoWays” texnologik rivojlanish marafonida harbiy sohadagi loyihalar ham taqdim etildi, ular sovrinli oʼrinlarni egallab, oʼz bilim va iqtidorlarni namoyon etdilar.

Innovatsion rivojlanish vazirligining maxsus yoʼnalishdagi ilmiy-texnik kengashi tomonidan mudofaa va harbiy sanoatda qator ilmiy-tadqiqot loyihalari amalga oshirilib kelinmoqda. Vazirlik tomonidan maxsus yoʼnalishdagi moliyalashtirish hajmi 10,978 mlrd. soʼm boʼlgan jami 12 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Vazirlikning Maxsus yoʼnalishdagi ilmiy-texnik kengashi tomonidan 2020 yilda qoʼshimcha ravishda umumiy moliyalashtirish hajmi 10,95 mlrd. soʼmga teng boʼlgan 11 ta ilmiy-tadqiqot loyihalar mavzulari eʼlon qilingan.

Mamlakat mudofaa tizimi, harbiy taʼlim va harbiy soha – mamlakat osoyishtaligini taʼminlashning eng muhim tizimi boʼlishi bilan birga, juda katta taʼlim va tarbiya dargohidir. Ushbu muassasalarning xalqqa yaqinlashuvi natijasida vatanparvarlik va fidoyilik tuygʼulari, yurtni sevish va ardoqlash, sadoqat va matonat koʼnikmalari va tushunchalari shakllanib, mustahkamlanib bormoqda.

Vatanimiz himoyasiga oʼz hissasini qoʼshayotgan barcha yurtdoshlarimizni, yurtimizning boʼlgʼusi qahramonlari – yoshlarimizni bayram bilan tabriklayman!

Ibrohim Аbdurahmonov,

Innovatsion rivojlanish vaziri, akademik