Yangiliklar

Innovatsion rivojlanish vaziri vaksina olish jarayoni bilan tanishdi

11-yanvar kuni innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov Xitoyning Anhui Zhifei Loncom Biofarmaceutical kompaniyasida ishlab chiqarilgan ZF2001 rekombinant vaksinasining III faza klinik sinovlari amalga oshirilayotgan klinikalarga tashrif buyurdi. U yerda vazir vaksina olish uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Shuningdek, shu jarayonda ishtirok etayotgan ko‘ngillilar va xizmat ko‘rsatayotgan tibbiyot xodimlari bilan suhbatlashdi.

I. Abdurahmonov vaksina sinovlarida ishtirok etayotgan ko‘ngillilarga minnatdorchilik bildirarkan, mazkur ilmiy tadqiqot koronavirus pandemiyasini yengishga xizmat qilishiga ishonishini bildirdi.

Ta'kidlash joizki, 11.01.2021 y. holatiga koronavirusga qarshi ZF 2001 vaksinasining III faza sinovlari jarayonida emlangan fuqarolar soni jami 1653 kishini tashkil etdi. Ushbu III faza klinik sinov tasodifiy, ikki-tomonlama noma'lum, plasebo nazoratli xalqaro tartiblarga rioya etgan holda olib boriladi. Tasodifiy degan tushuncha vaksina yoki plasebo tasodifiy ravishda belgilanishi tushuniladi. Bu xuddi tangani tashlaganda 2 tomonda biri tushish ehtimoliga o‘xshaydi. Ushbu guruhlarga bo‘linish jarayonida inson omili ta'siri bo‘lmaydi.

Shu paytga qadar vaksinasiya sinovlarida ishtirok etganlarning sog‘lig‘ida salbiy holatlar kuzatilmadi. Jarayon reja bo‘yicha amalga oshirilmoqda.