Yangiliklar

Pierre Fauchard akademiyasiga yangi aʼzolar qabul qilindi


Tibbiyotning barcha sohalari kabi stomatologiya sohasi ham yildan yilga rivojlanib bormoqda. Oʻzbekistonlik olimlar ham xorijlik hamkasblari bilan hamkorlik qilish orqali qoʻshma grant loyihalarida ishtirok etish va natijada respublikamizga tashqi grant, texnik koʻmak dasturlarini keng jalb qilish boʻyicha salmoqli ishlarni olib borishmoqda.

Yaqinda Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan qoʻllab quvvatlangan Toshkent davlat stomatologiya instituti ishlab chiqqan grant loyihasi xalqaro Borrow jamgʻarmasi tanlovida gʻolib deb topilgan edi.

Mazkur ishlarning qamrovini kengaytirish, xorijlik olimlar va amaliyotchi stomatolog shifokorlar bilan hamkorlikni oshirish, sohaga innovatsion texnologiyalarni keng joriy qilishni kuchaytirish maqsadida turli xalqaro jamgʻarmalar, tashkilotlar bilan aloqalar kuchaytirilmoqda.

Joriy yilning 21-noyabr kuni Innovatsion rivojlanish vazirligida shtab kvartirasi AQSHda joylashgan Pierre Fauchard akademiyasining Oʻzbekiston boʻlimiga yangi aʼzolarni qabul qilish marosimi boʻlib oʻtdi. Shifokor-stomatologlar Sarvar Qayumov va Nuriddin Qosimovga aʼzolik sertifikatlari va medalyonlar tantanali ravishda topshirildi.
Pierre Fauchard akademiyasi 1936-yilda AQSH da tashkil etilgan stomatologiya tashkiloti boʻlib, mazkur akademiya “zamonaviy stomatologiyaning otasi”, deb tan olingan Fransiyalik Pierre Fauchard (1678-1761) sharafiga nomlangan. Tashkilot butun dunyo boʻylab aʼzolarining professionallik, halollik va axloq qoidalariga doimiy eʼtibor qaratib, munosib oʻrnak sifatida oʻzini tutishi, stomatologiyani eng yuqori darajaga koʻtarishi, taniqli ishlari, ilmiy izlanishlari, xizmatlari va jamoat ishlaridagi faolligi, stomatologik sogʻliqni saqlash dasturlarida, taʼlimda yetakchilik qilishini qoʻllab quvvatlaydi va ragʻbatlantirib boradi. 2018-yilda B.Xudanov tashkilotning Oʻzbekiston boʻlimi raisi etib tayinlangan edi.

Tashkil qilingan tadbirda Pierre Fauchard akademiyasining prezidenti Dr. Terry Brewick, vitse prezidenti Dr.Armyl Banez, ijrochi direktor Loralie Lowder, saylangan prezident Dr.Jerry Dushkin, Osiyo mamlakatlari boʻyicha rais Mirna Banez, Oʻzbekiston boʻlimi raisi Baxtinur Xudanov va tashkilotning boshqaruvi aʼzolari ishtirok etishdi.

Dr. Terry Brewick tashkilotning jahon boʻylab amalga oshirayotgan ishlari, uning turli grantlar orqali amaliy ishlarni moliyalashtirib, ragʻbatlantirib borayotgani haqida maʼlumotlar berdi. Undan soʻng esa B.Xudanov Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan va rejadagi ishlarga toʻxtalib oʻtdi.