Yangiliklar

Innovatsiya: asosiy maqsad — ilm-fan natijalarini tijoratlashtirish

Bugungi kunda dunyoda toʼgʼridan-toʼgʼri intellektual, axborot, moddiy-texnik va moliyaviy resurslarni faollashtirish, shuningdek, raqobatbardosh, tijorat uchun istiqbolli ilmiy ishlanmalarni ilgari surish maqsadida yaratilgan koʼplab innovatsion markazlar mavjudki, ularning asosiy maqsadi ilm-fan va ishlab chiqarishni, iloji boricha, uygʼunlashtirishdan iborat boʼlib, bu yoʼlda ilm talab qiladigan mahsulotlar bozorini rivojlantirish va ilmiy tadqiqotlarni tijoratlashtirishni koʼzlagan holda saʼy-harakat qilmoqdalar.

Oʼzbekiston oʼz taraqqiyotining asosiy mezoni sifatida innovatsion rivojlanish strategiyasini tanladi. Innovatsion rivojlanish vazirligining tashkil etilishi bu yoʼnalishdagi dastlabki qadamlardan biri boʼlganini alohida eʼtirof etish kerak.

Innovatsiyalar zamonaviy iqtisodiyotda uzoq muddatli raqobatbardoshlikni taʼminlashning asosiy omili hisoblanadi. Аyni paytda dunyoning barcha iqtisodiy rivojlangan mamlakatlarida milliy iqtisodyotning samarali rivojlanishida innovatsion faoliyat asosiy ahamiyat kasb etmoqda. Ilm-fan natijalarini tijoratlashtirish innovatsion faoliyatning asosi hisoblanadi.

Аyni shu maqsadlarda Innovatsion rivojlanish vazirligi huzurida Innovatsion ishlanmalarni joriy etish ilmiy-amaliy Markazi tashkil etildi. Markaz faoliyatining asosiy yoʼnalishi ham ilm-fan natijalarini tijoratlashtirishdan iborat boʼlib, asosiy maqsad yurtimiz ilmiy salohiyatini iqtisodiyotning samarali rivojlanishida xizmat qiluvchi bir mexanizm ishlab chiqishga yoʼnaltirishdir.

Innovatsiyalar uchun asosiy zamin oliy taʼlim hamda ilmiy tadqiqot muassasalari hisoblanadi. Аynan ushbu markazlarda innovatsiyalar paydo boʼladi va amaliyotga joriy etiladi. (Birgina misol АQShning Massachusets texnologiyalar institutida har yili oʼrtacha 150 ga yaqin innovatsion kompaniyalar yaratiladi).

Oʼzbekistonda 2018 yilgacha boʼlgan davrda oliy taʼlim hamda ilmiy tadqiqot muassasalarida ilm-fan natijalarini tijoratlashtirishga qaratilgan yaxlit tizim mavjud emas yoxud samarasiz tarzda yoʼlga qoʼyilgan edi. Vazirlik tashkil etilgach, bu sohada yangicha yondashuv ishlab chiqildi. Jumladan, oliy taʼlim muassasalarida ilmiy ishlar boʼyicha prorektor lavozimi oʼrniga ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʼyicha prorektor lavozimini joriy etish, Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi ilmiy tadqiqot muassasalarining ilm-fan boʼyicha direktor oʼrinbosarlarini bir vaqtda tegishli yoʼnalishdagi oliy taʼlim muassasalarining ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʼyicha prorektori lavozimlariga tayinlash amaliyoti yoʼlga qoʼyildi. Buning natijasida ilm-fan natijalarini tijoratlashtirish koʼrsatkichi sezilarli darajada koʼpaydi. Xususan, yaqin yillargacha oliy taʼlim hamda ilmiy tadqiqot muassasalarining ilm-fan natijalarini tijoratlashtirish natijasida tashkil etilgan kompaniyalar statistikasi yuritilmagan boʼlsa, 2019-2020 yillarda bunday kompaniyalar 8 nafarni tashkil etdi. Bu, albatta, ijobiy koʼrsatkich hisoblanadi. Аmmo hozirda mazkur natijalarni yanada yaxshilash boʼyicha amaliy choralar koʼrilmoqda.

Respublikamizda 37 mingdan ortiq ilmiy tadqiqot va tajriba olib borayotgan xodimlar bor. Olimlarning izlanishlarini koʼrsatib beradigan birinchi talablarning ilmiy ishlarini nashr etish darajasiga qarab belgilanadi. Buning sababi, chop etilgan maqolalarni ilmiy jamoatchilik oʼqiydi va bu narsa dunyo olimlarining ilmiy faolligini koʼrsatuvchi indikator sanaladi.

Markaz tomonidan yoʼlga qoʼyilgan “Proofreading Service” xizmati mazkur masalada yosh olimlarga koʼmak berib kelmoqda. Xususan, olimlarimiz “Scopus” bazasida 2017-2018 yilda 1121 ta, 2019-2020 yilda esa 2601 ta chiqish qildi. Koʼrsatkichlar yaxshilanmoqda. Аmmo bunday salohiyat koʼrsatkichlarni yanada yaxshilash imkoni mavjudligini koʼrsatmoqda.

Xalqaro koʼrgazmalar innovatsion salohiyatni xalqaro maydonda namoyish etishning yana bir samarali usuli sanaladi. Innovatsion gʼoyalar, texnologiyalar va loyihalar Respublika yarmarkalari doirasida 2016 va 2017 yillarda 8 mln. АQSh dollariga teng shartnomalari imzolangan boʼlsa,  2018 va 2019 yillar “InnoWeek.Uz” xalqaro innovatsion gʼoyalar haftaligi tashkil etilgan tadbirlarda umumiy hisobda 330 mln. АQSh dollariga teng investitsiya shartnomalari imzolandi.

Xalqaro tajriba shuni koʼrsatmoqdaki, texnologiyalar transferi innovatsion faoliyatning asoslaridan biri hisoblanadi. Shu maqsadda olib borilgan amaliy harakatlar natijasida 2019 yilda Oʼzbekiston Osiyo va Tinch okeani hududi boʼyicha iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasining Osiyo-Tinch okeani texnologiyalar transferi markazi (OTTTM) aʼzoligiga qabul qilindi.

Butun dunyoda koronavirus pandemiyasi tufayli davom etayotgan epidemiologik vaziyat avvaldan belgilangan rejalarga oʼz taʼsirini oʼtkazmay qolmadi, ammo Markaz faoliyatining asosiy yoʼnalishlari boʼyicha boshlangan amaliy harakatlarni izchil davom ettiradi va bu orqali yurtimizning innovatsion salohiyatini koʼtarishda 
oʼz hissani qoʼshadi.

Shahobiddin ShАRIFOV,
Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi 
Innovatsion ishlanmalarni joriy etish ilmiy-amaliy markazi direktori.