Yangiliklar

Innovatsion rivojlanish vazirligining Hayʼati ilk bora OАV vakillari ishtirokida ochiq tarzda oʼtkazildi

Oʼzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining Hayʼatining 2020 yil 19 oktyabrda boʼlib oʼtgan navbatdagi yigʼilishi ilk bora OАV vakillari ishtirokida ochiq tarzda oʼtkazildi. Hayʼatga Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Аbdurahmonov raislik qildi.

Yigʼilish avvalida Ibrohim Аbdurahmonov milliy ilmiy-tadqiqotlar va ishlanmalarni moliyalashtirishda hozirgi tanlov tizimi, yaʼni grant tizimidan foydalanishning afzalliklari va uning qay yoʼsinda ishlashi haqida maʼlumot berdi.

— Grant tizimi nafaqat malakali ilmiy ekspertiza orqali istiqbolli loyihalarni saralab olish, balki ilmiy-tadqiqot ishlarining sifatini nazorat qilishning samarali vositasidir, – dedi I. Аbdurahmonov. – 2018 yildan beri Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan ilmiy loyihalarni moliyalashtirishning yangi tizimi - grant tizimi yoʼlga qoʼyilgan. Bugungi kunda ilmiy loyihalar uchun mavzular manfaatdor idoralar va muassasalarning takliflari va talablariga asosan shakllantirilmoqda. Bunda loyihaning natijadorligiga, muayyan yakuniy mahsulot olinishiga hamda tijoratlashtirish imkoniyatlariga alohida eʼtibor qaratilyapti.

Shuningdek vazir bugungi kunda loyihalarni amalga oshirish uchun ajratilayotgan mablagʼlar, tadqiqotchilarning maoshidan tashqari ijrochi-tashkilotning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga ham yetishini taʼkidladi. Vazirlik loyihalarning tanlov tamoyili asosida saralab olinishini tashkil etarkan, loyihani qabul qilish, oʼrganish va qaror chiqarish zanjirining har bir bosqichi bir-biriga bogʼliq boʼlmagan va bir-biriga taʼsir koʼrsata olmaydigan mustaqil jarayonlardan iborat boʼlishini taʼminladi.

Shundan soʼng loyihalar tanlovlari natijalariga koʼra moliyalashtirishga tavsiya etilgan amaliy va innovatsion loyihalar muhokama etildi. Muhokamada har bir loyiha alohida koʼrilib, Hayʼat raisi va aʼzolarining savollariga loyihani himoya qilayotgan tegishli ilmiy texnik kengash raisi yoki raisi oʼrinbosari javob berdi. Har bir loyiha alohida ovoz berish yoʼli bilan tasdiqlandi yoki rad etildi.

Xususan mazkur yigʼilishda «Olima ayollar grantlari» tashabbuskor amaliy va innovatsion loyihalar tanlovi natijalariga koʼra 6 ta hamda Innovatsion rivojlanish vazirligi va Buyuk Britaniyaning «Company Petromaruz Limited» kompaniyasi hamkorligida eʼlon qilingan innovatsion loyihalar tanlovi natijalariga koʼra 2 ta loyiha koʼrib chiqildi.

Muhokamalar va savol-javoblardan soʼng jami 6 ta loyiha moliyalashtirishga tavsiya etildi, 1 ta loyiha vazirlik Jamoatchilik kengashiga koʼrib chiqish uchun taqdim etishga qaror qilindi, 1 ta loyiha «Tibbiyot fanlari» boʼyicha IKTga qayta ishlash uchun qaytarildi.