Yangiliklar

Oybek Norinboev: “Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga oʼtish zarur!”

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida «Oʼzbekiston Respublikasida audit, buxgalteriya hisobini rivojlantirish va MHXSni qoʼllashning dolzarb masalalari» mavzusida Respublika onlayn ilmiy amaliy anjumani oʼtkazildi.

Tadbirni Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori Kongratbay Sharipov ochib, anjumanda koʼriladigan masalalar, jumladan Oʼzbekistonda buxgalteriya hisobi va auditni xalqaro standartlar asosida tashkil etishning ustuvor masalalari, xoʼjalik yurituvchi subʼektlarda soliqlar hisobi va hisobotini takomillashtirish yoʼnalishlari, davlat sektorida byudjet hisobi, ichki nazorat va audit tizimini takomillashtirish orqali moliyaviy intizomni mustahkamlash, tijorat banklarida buxgalteriya hisobi va auditni tashkil etishning dolzarb masalalari hamda raqamli iqtisodiyot sharoitida xoʼjalik yurituvchi subʼektlar faoliyati samaradorlik koʼrsatkichlarini tahlil qilish uslubiyotini takomillashtirish boʼyicha ishtirokchilarni tanishtirib oʼtdi.

Ushbu nufuzli tadbirda Oʼzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vaziri oʼrinbosari Oybek Norinboev oʼzining tabrik soʼzi bilan ishtirok etdi va mavzu doirasida oʼzining fikrlarini bildirdi.

Xususan, O.Norinboev Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 fevraldagi «Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga oʼtishning qoʼshimcha chora-tadbirlari toʼgʼrisida»gi PQ-4611-sonli Qarorining ahamiyati va bugungi kundagi milliy hisobchilikning anʼanaviy tizimdan bosqichma-bosqich voz kechish hamda Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari (MHXS)ga oʼtishning zarurligi xususida toʼxtaldi.

Shuningdek, O.Norinboev iqtisodiyotning globallashuvi sharoitida turli mamlakatlarda sifatli, taqqoslanadigan va ishonchli hamda uygʼun axborotlarni shakllantirishda yagona yondashuv hisoblanadigan Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga oʼtilishi xorijiy investorlarni zarur axborot bilan taʼminlash va xalqaro moliya bozorlariga kirish imkoniyatlarini kengaytirishga, buxgalteriya hisobi va audit sohalari mutaxassislarini xalqaro standartlar boʼyicha tayyorlashni yanada yaxshilanishiga xizmat qilishini taʼkidladi.

Bundan tashqari, Oʼzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Buxgalteriya hisobi va audit uslubiyoti boshqarmasi boshqarma boshligʼi X.А.Ortiqov «Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga oʼtish» mavzusida, Oʼzbekiston Respublikasi buxgalterlar va auditorlar milliy assotsiatsiyasi raisi, i.f.d., professor M.M.Toʼlaxoʼjaeva “Oʼzbekistonda jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish hamda terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasida iqtisodiy xavfsizlikni monitoringining auditi va moliyalashtirishning tashkiliy asoslari” mavzusida, Oʼzbekiston Аuditorlar Palatasi Kengash raisi, iqtisodiyot fanlari doktori N.F.Karimov «Oʼzbekiston Respublikasida xalqaro audit standartlarini joriy qilish masalalari» mavzusida hamda Rossiya Federatsiyasi UFА davlat neftь-texnika universiteti Korporotiv moliya va hisob texnologiyasi kafedrasi katta oʼqituvchisi, iqtisodiyot fanlari nomzodi Yevgeniy Shamonin «Iqtisodiyotni global raqamlashtirish: rejalar, haqiqat va istiqbollar, Rossiya Federatsiyasi soliq tizimi misolida» mavzusida maʼruzalar qilishdi.