Yangiliklar

JICA Innovatsion rivojlanish vazirligi xodimlarini Yaponiyada malaka oshirishga taklif etdi

Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov JICA Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligining moliyaviy hamkorlik departamenti bosh direktori oʻrinbosari Xiroyuki Xayashini qabul qildi. Uchrashuv davomida vazir tashrif buyurgan yaponiyalik delegatsiya vakillarini Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda Yaponiya fan va texnologiyalar agentligi oʻrtasida Yaponiyada imzolangan hamkorlik Memorandumi boʻyicha hozirgi kunda olib borilayotgan ishlar boʻyicha maʼlumotlar bilan tanishtirdi.

Tomonlar Yaponiya hukumatining texnik koʻmak dasturi doirasida amalga oshiriladigan Kadrlarni tayyorlash boʻyicha stipendiyalar taqdim etish loyihasini muhokama qilib, bu boradagi hamkorlik istiqbollariga toʻxtaldilar. Mazkur dastur davlat idoralari vakillariga magistratura va doktoranturada muhandislik, arxitektura, biznes boshqaruvi, huquq, iqtisodiyot, moliya, qishloq va suv xoʻjaligi, sogʻliqni saqlash yoʻnalishlarida taʼlim olish uchun imkoniyat yaratadi. Oʻzbekiston davlat xizmatchilarining malakasini oshirish dasturi doirasida taʼlim jarayoni bilan bogʻliq barcha xarajatlar Yaponiya hukumati tomonidan qoplanib, uning qatnashchilari bir necha bosqichli tanlovdan oʻtishlari kerak boʻladi.

Bugungi kunda kadrlarni oʻqitish, xususan davlat organlaridagi xodimlarning malakasini oshirish dolzarb masala boʻlgani bois yapon tomonining mazkur dasturi vazirlik mutasaddilari tomonidan iliq kutib olindi. Innovatsion rivojlanish vazirligi va vazirlik qoshidagi tashkilotlar xodimlari orasida Yaponiyada taʼlim olish va malaka oshirish istagini bildirgan davlat xizmatchilarini ushbu dasturda qatnashish uchun jalb qilishga koʻmak berilishi qayd etildi.