Yangiliklar

Scopus maʼlumotlar bazasidan chiqarilgan jurnallarda Oʼzbekiston olimlarining nechta maqolasi chop etilgan?

Joriy yilning iyunь oyida Elsevier ilmiy nashriyot uyi Scopus maʼlumotlar bazasidan chiqarib tashlangan jurnallarning yangi roʼyxatini eʼlon qildi (manba: https://ua.publ.science/ru/blog/vtoroye-isklyucheniye-zhurnalov-so-scopus). Bu 2020 yil davomida shunday roʼyxatlarning ikkinchisi boʼlib, birinchisi mart oyida eʼlon qilingandi. Bu safar dunyodagi eng yirik toʼrtta ilmiy nashriyot uylarining biri boʼlgan Elsevier sifat tamoyillarga javob bera olmagan va Scopus bilan hamkorlik shartlarini bajara olmagan jurnallarni jamoatchilik eʼtiboriga havola etdi.

Shu munosabat bilan Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilmiy-texnik axborot markaziScopus maʼlumotlar bazasidan 2020 yil iyunь oyida chiqarib tashlangan 2017-2018 yillar davomida yurtimiz olimlarining jurnallardagi maqolalari tahlilini qildi.

2017-2018 yillarda mahalliy olimlar tomonidan jami 1,121 ta maqola chop etildi (2017 yilda – 590 ta, 2018 yilda – 531 ta). Ulardan faqat 10 ta maqola maʼlumotlar bazasidan chiqarilgan jurnallarda chop etilgan (2017 yilda – 3 ta va 2018 yilda 7 ta). Bu 1 foizdan ham kam boʼlib, aslida yaxshi koʼrsatkich hisoblanadi. Oʼz navbatida 2019-2020 yillardagi nashrlar kelgusi yil tekshirilishi maqsadga muvofiq ekanini taʼkidlash joiz.

Scopus – bu taqriz qilinayotgan adabiyotlar: ilmiy jurnallar, kitoblar, va konferentsiya materiallarida berilgan havolalar haqidagi qisqacha tavsif va maʼlumotlarni oʼz ichiga olgan eng yirik maʼlumotlar bazalaridan biridir. Scopus ilm-fan, texnika, tibbiyot, sotsiologiya, sanʼat va gumanitar fanlarning turli sohalarida dunyo tadqiqot natijalari haqida keng qamrovli maʼlumotlar berib, tadqiqotlarni kuzatish, tahlil qilish va vizuallashtirish uchun intellektual vositalarni taklif etadi.

Scopus maʼlumotlar bazasiga kirish uchun noshir elektron ariza toʼldirib, tegishli soʼrovnoma yuborishi kerak. Dunyoning turli sohalaridan 30 nafarga yaqin olimlar va kutubxonachilardan iborat Maslahat qoʼmitasi tomonidan taklifga ijobiy baho berilsa, nashr havola qilinuvchi nashrlar roʼyxatiga kiritiladi. Аgar rad javobi olingan boʼlsa, takroriy ariza bir yildan soʼng yuborilishi mumkin.

Bu maʼlumotlar bazasi tomonidan indekslanadigan nashrlar orasida boʼlishning yagona yoʼli emas. Xalqaro xizmat ekspertlari, ularning fikriga koʼra qoʼmita tomonidan koʼrib chiqishga loyiq boʼlgan maqolalarni mustaqil ravishda taqdim etish huquqiga ega.

Tanlovdan oʼtish uchun nashr muayyan mezonlarga javob berishi kerak, jumladan, chop etish muntazamligi (yiliga kamida bir marta), ingliz tilidagi maqolalarning toʼliq nashr etilishi, materiallarni yuqori sifatda taqdim etish, tadqiqotlarning ommaviyligi, ommabopligi, ishonchliligi, ingliz tiliga tarjimasi bilan oʼz veb-saytining mavjudligi, obunachilar soni (nashriyotchilarga barcha talablar va tavsiyalar nashriyot veb-saytida joylashtirilgan).

Deyarli har doim, ekspertlar kengashi ISSN, retsenziyalar, maqolalarda foydalanilgan adabiyotlar roʼyxatlari, maqolalarga ingliz tilidagi izohlar va oʼz internet-manbasi boʼlmagan taqdirda arizalarni rad etadi. Oxirgisi yuqori texnik va tarkibiy darajada bajarilgan boʼlishi kerak.

Elsevier, shuningdek, vaqti-vaqti bilan Scopus maʼlumotlar bazasidan chiqarib tashlangan jurnallar roʼyxatini eʼlon qiladi. Аgar chiqarib tashlangan jurnalda chop etilgan maqola Scopus maʼlumotlar bazasiga tushib boʼlgan boʼlsa, u oʼsha yerda indekslanishni davom ettiradi. Аmmo maʼlumotlar bazasidan chiqarib tashlangan nashrda chop etilishini kutayotgan ishlar endi Scopusda indekslanmaydi. Buning oqibatida esa olim oʼz vaqti, resursi va pulini yoʼqotadi. U oʼziga mos jurnalni topish va ikkinchi marta ham kuyib qolmaslik uchun yana sarf-xarajat qilishiga toʼgʼri keladi.

Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilmiy-texnik axborot markazi respublikamiz olimlarining maqolalarni xalqaro ilmiy nashrlarda eʼlon qilish boʼyicha faolligi monitoringini muntazam ravishda olib boradi.