Yangiliklar

Sirdaryo biznes-akseleratori binosining qurilishi yakunlandi

13 avgust kuni Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Аbdurahmonov Sirdaryo viloyatida yangi barpo etilgan «Sirdaryo biznes-akselerator» binosiga tashrif qilib, u yerdagi qurilish va pardozlash ishlarining yakuniy bosqichi bilan tanishdi.

Hozirgi kunda yoshlarning individual xususiyatlarini hisobga olgan holda ularda mustaqil tadqiqotchilik va tadbirkorlik faoliyati koʼnikmalarini shakllantirish, rivojlantirish, shuningdek, innovatsion ishlanmalarni ragʼbatlantirish muhim ahamiyat kasb etgan. Buning uchun yoshlarda biznes gʼoyalarini shakllantirish, ularni amalga oshirish va yuritish qoidalarini oʼrgatish, samarali biznes rejalarni ishlab chiqish koʼnikmalarini shakllantirish talab etiladi.

Muassasaning asosiy vazifalari ham aynan shu maqsadga yoʼnaltirilgan – zamonaviy axborot va innovatsion texnologiyalar boʼyicha oʼquv kurslarini tashkil etishdir. Bunda yuqori malakali mutaxassislarni jalb qilish hamda taʼlim jarayoniga zamonaviy axborot va innovatsion-pedagogik texnologiyalarni keng joriy etish etilishi koʼzda tutilgan. Shuningdek, biznes-akselerator Sirdaryo viloyatida kichik tadbirkorlik subʼektlarini tashkil etishga koʼmaklashish, ularga marketing bilimlarini oʼrgatish hamda kichik tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda venchur fondlarini jalb qilishda amaliy yordam beradi.

Yosh tadbirkorlarning oʼz biznesini samarali yoʼlga qoʼyishi qoʼshimcha ish oʼrinlarini yaratishga xizmat qiladi. Ular tomonidan yuqori texnologik mahsulotlar ishlab chiqarish, xizmatlar koʼrsatish uzluksizligini taʼminlash esa daromadlarning oshishiga, demakki aholi farovonligiga sabab boʼladi. Shu maqsadda ilmiy, ilmiy-tadqiqot, taʼlim va ishlab chiqarish tashkilotlarini oʼzaro integratsiyasiga koʼmaklashish muhimdir.

Ibrohim Аbdurahmonov biznes akseleratorning pardozlash ishlari yakunlangani munosabati bilan binoga innovatsion mini texnologiyalarni olib kirish boʼyicha koʼrsatmalar berdi. Bu ishlar Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish va novatorlik gʼoyalarini qoʼllab-quvvatlash jamgʼarmasi mablagʼlari hisobidan amalga oshirilishini taʼkidladi.