Yangiliklar

SSV bosh nevrologi: «Dorilarni koʼr-koʼrona qabul qilmang!»

 

Hozirda nafaqat yurtimizda, balki butun dunyoda COVID-19 bilan kasallanganlar soni ortib bormoqda. Shu bilan bir qatorda ijtimoiy tarmoqlarda berilayotgan turli xil tavsiyalar xalqimizni chalgʼishiga sabab boʼlmoqda.

COVID-19 bilan ogʼriganlar va uni yengil kechirayotganlar uchun qilinishi kerak boʼlgan ishlar, ichiladigan dorilar boʼyicha rasmiy tavsiyalar ishlab chiqilgan. Lekin har bir shaxs alohida individ ekanligini unutmasligimiz lozim. Dorilarni koʼr-koʼrona, oʼzi bilganicha ichish yaxshi oqibatlarga olib kelmaydi.

Odamlar oʼzlaridan kechayotgan holatlarni — bu COVID-19 alomatlarimi, pnevmoniyaning boshlanishimi, ORVI yoki boshqa kasallik alomatimi — ajratib olishi qiyin kechyapti.Buning natijasida esa bilar-bilmasdan mahalliy dorivor oʼsimliklardan damlamalar va dori vositalari qabul qilinyapti. Masalan, «Xren oʼsimligi yaxshi ekan», «Zanjabil bilan odamlar tuzalibdi» qabilidagi gaplar koʼpaytgan boʼlib, ushbu tavsiyalar natijasi salbiy oqibatlar yuzaga kelyapti. Xren oʼsimligini davo deb hisoblagan fuqaro ushbu damlamani koʼp ichgani tufayli unda oshqozon yarasi kasalligi qoʼzgʼalib, qon ketish kuzatilgan. Shuning uchun biron nima qabul qilishdan avval shifokor bilan maslahatlashib, keyin qabul qilishni boshlaganligimiz maqbuldir. Chunki xar bir mahsulot — xoh u dori vositasi boʼlsin, xoh oziq-ovqat turi boʼlsin, uning oʼziga yarasha qoʼllaniladigan va qoʼllanilishi mumkin boʼlmagan holatlar mavjud.

Shuni taʼkidlash joizki, inson organizmidagi mikroelementlar, vitaminlar yetishmovchiligi qandaydir kasallik keltirib chiqarsa, ularning meʼyoridan ortib ketishi ham oʼz navbatida organizm uchun zarar hisoblanadi.

Bemorlar holatini kuzatishni yengillashtirish, ular bilan aloqani osonlashtirish va fuqarolarimiz oʼzlari uchun toʼgʼri tavsiyalarni olishlari uchun alьternativ usullarni qoʼllash imkoniyatidan foydalansa boʼladi. Masalan, telefon orqali soʼrab surishtirish, telegram, mesenjer va video konferents aloqa vositlaridan foydalanish maqsadga muvofiqdir.

Dono xalqimiz aytganidek: «Qosh qoʼyaman deb, koʼz chiqarib qoʼymang». Har bir notoʼgʼri tashxis va uning natijasida notoʼgʼri dorilar qabul qilishning oqibati yaxshilikka olib kelmaydi.

Yoqutxon Majidova

“Tibbiyot fanlari” boʼyicha Ilmiy-texnik kengash aʼzosi, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti “Nevrologiya, bolalar nevrologiyasi va tibbiyot genetikasi” kafedrasi mudiri, Oʼzbekiston Respublikasi SSV bosh nevrologi, t.f.d., professor