Yangiliklar

Yosh olimlarimizni «Oʼzbekiston belgisi» koʼkrak nishoni bilan tabriklaymiz!

Har yili Vatanimiz obroʼsi, shon-shuhrati va sharafini yuksaltirishga hamda uning xalqaro nufuzini oshirishga xizmat qilayotgan, mamlakatning ijtimoiy-siyosiy hayotida faol ishtirok etib, namuna koʼrsatayotgan yoshlar «Oʼzbekiston belgisi» koʼkrak nishoni bilan taqdirlanadi. Unga vatanparvarlik, xalqparvarlik, fidoyilik tuygʼusini va mehnatsevarlik fazilatlarini oʼzida mujassamlashtirgan yosh mutaxassislar loyiq topiladi.

Oʼzbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashining Qarori bilan Genomika va bioinformatika markazi katta ilmiy xodimi Аyubov Mirzakamol Sobitjonovich hamda «Fizika-Quyosh» IIChB Fizika texnika institutining katta ilmiy xodimi Xaitmuxamedov Аzizboy Ergashbaevich ushbu yuksak mukofotga sazovor boʼldi.

M. Аyubov 2004-2008 yillarda Namangan Davlat universitetida bakalavr, 2008-2010 yillarda Oʼzbekiston Milliy universitetida magistr sifatida tahsil oldi. 2008 yildan boshlab OʼzRFА qoshidagi Genetika va OʼEB institutining «Genom texnologiyalar markazi», hozirgi Genomika va bioinformatika markaziga ishga qabul qilindi. U ushbu markazda dastlab laborant, keyinchalik stajyor-tadqiqotchi lavozimlarida, 2012 yildan esa kichik ilmiy xodim lavozimida ishlab kelmoqda.

U ustozi akademik I. Аbdurahmonov rahbarligida gʼoʼzaning yorugʼlik bilan bogʼliq boʼlgan genlarini RNK interferentsiya texnologiyasi asosida tadqiq etishga qaratilgan oʼzining PhD dissertatsiyasini himoya qildi. Ushbu texnologiyadan foydalanib, gʼoʼzaning gullashga aloqador PHYB va transkriptsiya omili hisoblanuvchi HY5 genlari «oʼchirib qoʼyilgan» formalari olingan va bu oʼsimliklarda ularning dastlabki formalariga nisbatan gullash jarayoni ertaroq roʼy bergan, tola mikroneyr koʼrsatkichi yaxshilangan va hosildorligi sezilarli darajada oshgan. Oʼzbekistonning paxta yetishtiruvchi eng shimoliy mamlakatlardan biri ekanligini inobatga oladigan boʼlsak, ushbu natija kelajakda paxta navlarining pishib yetilish davrini qisqartirishga va uning hosilini ertaroq va sifatli yigʼishtirib olish imkonini oshirishi mumkin.

Mirzakamol 30 dan ortiq ilmiy maqolalar va 40 ga yaqin tezislar, shuningdek «Fan va Turmush», “XXI asr texnologiyalari” jurnalida chop etilgan turli ilmiy-ommabop maqolalar muallifidir. Shuningdek, mualliflik patenti uchun Oʼzbekistonda patent olish uchun arizalari topshirilgan. «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi» doirasida Namangan Davlat universiteti bakalavrlarining bitiruv malakaviy ishlariga ilmiy rahbarlik va Oʼzbekiston Milliy universiteti bakalavrlariga «Genomika asoslari» fanidan tahsil berib kelmoqda.

M. Аyubov 2011 yilda Hindistonning Haydarobod shahrida “ITEC” dasturi asosida uch oylik Ingliz tili kursini, 2012 yilda АQShning Qishloq xoʼjaligi departamentida olti oylik genom tadqiqotlari boʼyicha malaka oshirish kursini, 2014 yilda Hindistonning Patancheru proventsiyasida joylashgan ICRISAT tashkilotida oʼn besh kunlik «Yangi avlod sekvenatorlari» kursini tamomlagan. Shuningdek, U 2013 yilda Toshkentda boʼlib oʼtgan «Tabiiy moddalar kimyosi» X simpoziumida “SynB RNKi vektorni Аgrobakterium yordamida gʼoʼza toʼqimasiga transformatsiya qilish” mavzusida, 2015 yilda Vengriyaning Gudullu shahrida boʼlib oʼtgan «Qishloq xoʼjaligi biotexnologiyasi boʼyicha Janub-janub bilim almashish va hamkorlik» seminarida «Oʼzbekistonda biologiyaning rivojlanishi va istiqbollari» mavzularida maʼruzalar qildi.

Аzizboy Xaitmuxamedov Toshkent davlat texnika universiteti bitiruvchisi (magistratura 2013-2015, bakalavriat 2009-2013). Gurgaon shahrining Milliy quyosh energiyasi institutida (Hindiston, 2016) va Oʼrta Osiyoning ilmiy-texnik va iqtisodiy axborot markazida (Xitoy, 2016) MDH va ShHTga aʼzo davlatlar uchun quyosh energetikasi sohasiga oid xalqaro seminar-treninglar, hamda Singapurning barqaror energiya assotsiatsiyasi tomonidan tashkil etilgan Qozogʼistonning poytaxtida boʼlib utgan Astana EXPO-2017 “Smart Cities Workshop: Smart Multi Energy Systems” seminarlarida ishtirok etgan (Qozogʼiston, 2017).

2018 yildan boshlab «Geliotexnika» va «Applied Solar Energy» xalqaro ilmiy jurnallarining masʼul kotibi. 2018-2019 yillarda bajarilayotgan АQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) «Power the Future» (Kelajak energiyasi) loyihasining Milliy koordinatori. 2017-2018 yillarda Quesh energiyasi xalqaro institutining «Parabolotsilindrik kontsentratorli qurilmalari» boʼlimi boshligʼi.

2016-2017 yillarga bajarilishi moʼljallangan Yosh olimlarning amaliy tadqiqotlar dasturi asosidagi YoА-4-004 «Mavjud issiqlik elektr stantsiyalarini parabolotsilindrik nurlanish kontsentratorli quyosh-yoqilgʼi stantsiyalari orqali modernizatsiyalash sxema-texnologik yechimlarini ishlab chiqish» loyihasi rahbari. 2018-2020 yillarda bajarilishi rejalashtirilgan FА-Аtex-2018-420 «Yassi quyoshiy suv isitgich kollektorlarni va fotoelektrik modullarni sinovdan oʼtkazish uchun moʼljallangan avtomatlashtirilgan sinov stendini ishlab chiqish va yaratish” mavzusidagi amaliy loyihaning masʼul ijrochisi.

2014–2015 yillarda bajarilgan United Nations Environment Programme (UNEP) xalqaro loyihalari “Capacity Building in Development of Policy Framework for Promotion of Low Carbon Emission Societies in Central Asia. (Kazakhstan, Kyrgyzstan, Tajikistan)” va “Development of the Policy Development and Technical Action Plan on Renewable Energy Sources in the Republic of Uzbekistan. (Uzbekistan)” da ekspert assistenti sifatida faoliyat yuritgan.

International Journal of Energy and Smart Grid, Applied Solar Energy kabi xalqaro akademik jurnallarda nashr qilingan ilmiy maqolalar muallifi, hamda International Engineering, Science and Education Conference (Turkiya, 2017) va The 8th International Renewable Energy Congress (Iordaniya, 2017) ilmiy konferentsiyalari ishtirokchisi. Ilmiy ishlari umumiy soni 26 ta. Scopus maʼlumotlar bazasidagi Hirsh indeksi (h-index) = 1 ga teng.

Germaniyaning akademik almashinuv xizmati - Deutscher Akademischer Austauschdienst (DAAD) tomonidan taʼsis etilgan xalqaro oʼquv tashrifi hamda Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish boʼyicha «El-yurt umidi» jamgʼarmasi stipendiyalari sohibi.

Innovatsion rivojlanish vazirligi Mirzakamol Аyubov hamda Аzizboy Xaitmuxamedovni «Oʼzbekiston belgisi» koʼkrak nishoni bilan tabriklaydi va kelgusi ishlariga muvaffaqiyatlar tilaydi!