Yangiliklar

Innovatsion rivojlanish vaziri boshchiligida yana bir karvon Sirdaryoga yo‘l oldi

O‘zbek xalqining birdamligi, bir maqsad yo‘lida tezkor jipslasha olishi iqtidori namoyon bo‘lib turgan, xalq o‘z davlati bilan bahamjihat harakat qilayotgan bir paytda yana bir sinovga duch kelindi. Kutilmaganda Sirdaryo viloyatidagi Sardoba suv omborida favqulodda vaziyat yuz berdi.
Shu og‘ir damlarda respublikamiz fuqarolari Sirdaryo xalqiga yordam qo‘lini cho‘zishga oshiqdi. Innovatsion rivojlanish vazirligida ham shtab tashkil etilib, “Sirdaryoga yordam” shiori ostida xayriya aksiyasi e'lon qilindi.
Maxsus hisob raqamiga ixtiyoriy 53,2 mln. so‘m pul mablag‘lari yig‘ildi. Birinchi karvon bilan og‘ir sharoitga tushib qolgan yurtdoshlarimizga 3,8 ming. kg. turli oziq-ovqat, 3,5 ming dona turli kiyim kechak va 1,3 ming dona gigiena va tozalash mahsulotlari Guliston shahrida tashkil etilgan markazlashgan omborxonaga vazirlik xodimlari va jamoatchilik a'zolari ishtirokida yetkazildi.
Bugun, 16 may kuni esa Sirdaryo viloyati hokimligi tomonidan ma'lum qilingan fuqarolarning ehtiyojidan kelib chiqib, zaruratga ko‘ra maishiy texnikalar xarid qilindi. Og‘ir sharoitga tushib qolgan yurtdoshlarimizga televizor, minipech kabi maishiy texnikalardan iborat sovg‘alar hamda yangi kiyim-kechaklar ortilgan navbatdagi karvon Innovatsion rivojlanish vaziri boshchiligida Sirdaryo viloyatiga yo‘l oldi.
Ushbu ezgu ishga vazirlik jamoasi, uning tarkibidagi tuzilmalar xodimlari, vazirlik huzuridagi Ilmiy-texnik kengashlar a'zolari, olimlar va tadbirkorlar, “Yashnobod” texnoparki rezidentlari, vazirlik huzuridagi “Yoshlar akademiyasi” a'zolari va startapchi yoshlar o‘z hissalarini qo‘shdilar.