Yangiliklar

Ilmiy-tadqiqot loyihalari va startaplar qanday moliyalashtiriladi?

Ilmiy-tadqiqot va innovatsiya faoliyatini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari yanada kuchaytirildi. Bu Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 9 martdagi qarorida nazarda tutilgan.

Hujjatga ko‘ra ilmiy-tadqiqot ishlari bo‘yicha davlat buyurtmasi, startap loyihalarini tanlash va moliyalashtirish tartibi hamda Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi ilmiy-texnik kengashlar to‘g‘risidagi Nizomlar tasdiqlandi.

Innovatsion rivojlanish vazirligi ilmiy-tadqiqot ishlariga davlat buyurtmalarini shakllantirish va amalga oshirish uchun mas'uldir. Fundamental, amaliy va innovasion loyihalar shaklida bajariladigan ishlarni moliyalashtirish yo‘nalishi, predmeti va hajmini belgilaydi. Loyihalarni tanlash tanlov asosida yoki tanlovdan tashqari, muqobil loyiha takliflari bo‘lmagan taqdirda amalga oshiriladi.

Tanlov e'loni Innovasion rivojlanish vazirligining rasmiy veb-saytiga joylashtirilib, arizalarni ro‘yxatga olish va taqdim etish shartlari ko‘rsatiladi. Loyihaning har bir turi (fundamental, amaliy yoki innovasion) aniq talablarga javob berishi kerak. Hamma uchun umumiy shart — ilmiy jamoaning o‘rtacha yoshi ish boshlangan vaqtda 45 yoshdan oshmagan bo‘lishi kerak.

Arizalarni qabul qilish muddatidan 15 kun ichida belgilangan talablarga muvofiqligini tekshirish uchun barcha taqdim etilgan loyihalar dastlabki texnik ekspertizadan o‘tkaziladi. Agar natijalar ijobiy bo‘lsa, ular ilmiy ekspertizaga yuboriladi. Uni ilmiy-texnik kengashlar muayyan mezonlar bo‘yicha baho berish yo‘li bilan amalga oshiradi. G‘oliblar moliyalashtirish uchun tavsiya etiladi va Vazirlik kengashi bu haqida tegishli qaror qabul qiladi.

Davlat buyurtmasi vazirlik bilan loyiha bajaruvchisi – tegishli tashkilot o‘rtasida shartnoma tuzish yo‘li bilan shakllantiriladi.

Startaplar Innovatsion rivojlanish va novatorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi orqali moliyalashtiriladi. Vazirlik yiliga kamida ikki marta ishtirok etish shartlari, mavzular va loyihalar uchun muddatlar ko‘rsatilgan holda startap tanlovini e'lon qiladi. E'lon vazirlikning rasmiy saytida va zarur hollarda boshqa ommaviy axborot vositalarida joylashtiriladi.

Tanlovda tashkiliy-huquqiy shakllari va idoraviy bo‘ysunishidan qat'iy nazar barcha ilmiy-tadqiqot muassasalari va oliy o‘quv yurtlari, tajriba-konstruktorlik tashkilotlari, innovasiya markazlari, shuningdek, xususiy kompaniya va jismoniy shaxslar ishtirok etishi mumkin.

Startap loyihalari uch bosqichli ekspertizadan o‘tkaziladi:

texnik – loyihalarning tanlov shartlariga javob berishini tekshirish uchun dastlabki bosqichda amalga oshiriladi;

moliya-iqtisodiy – bunda ekspertizadan muvaffaqiyatli o‘tgan loyihalarning moliyaviy va iqtisodiy tomondan mukamalligi tekshiriladi;

ilmiy-texnik kengash ekspertizasi. Ushbu bosqichda Kengash ilmiy daraja yoki tadbirkorlik tajribasiga ega ikki nafar mustaqil ekspertni tayinlaydi. Ular loyihalarni o‘rganadi va tasdiqlangan mezon hamda metodologiya bo‘yicha 100 ballik tizimda baholaydilar. Mutaxassislar tomonidan chiqarilgan xulosa Ilmiy-texnik kengash tomonidan muhokama qilish uchun ochiqdir.

Ekspertiza xulosa natijalari Kollegiya loyihani moliyalashtirish bo‘yicha qaror qabul qilishi uchun vazirlikka yuboriladi.