Yangiliklar

Innovatsion rivojlanish vazirligining ishchi guruhi Fargʻona viloyati umumtaʼlim maktablarini oʻrganmoqda

Innovatsion rivojlanish vazirligining ishchi guruhi tomonidan Fargʻona viloyati Dangʻara tumanida mavjud 41 ta umumtaʼlim maktablari oʻrganilmoqda. Maktablarda mavjud muammolar yuzasidan Xalq taʼlimi vazirligi va yuqori turuvchi organlarga muammolarni yechimi yuzasidan taklif va tavsiyalar berilmoqda.

Innovatsion rivojlanish vazirining birinchi oʻrinbosari Sharof Rajabboyev va Dangʻara tumani hokimi S.Aminjonov tumandagi maktablarda “Hokim soati”, “Tadbirkor va bankirlar sabogʻi” mavzularida oʻquvchilar bilan uchrashuvlar oʻtkazdi.

Oʻqituvchilar malakasini oshirish boʻyicha Dangʻara tumanining 3 ta maktabida (4, 30, 14-sonli) Qoʻqon pedagogika institutining katta pedagogik tajribaga ega boʻlgan professor-oʻqituvchilari tomonidan oʻzbek tili va adabiyoti, ingliz tili, tarix fanlaridan oʻquv-mashgʻulot seminarlari oʻtkazildi. Mazkur darslar OTMlardan biriktirilgan professor-oʻqituvchilar tomonidan yangi pedagogik texnologiyalar va innovatsion uslublardan foydalanilgan tarzda tashkil etildi.

Vazirlik xodimlari tomonidan tumanning barcha maktablaridan matematika, fizika, kimyo va biologiya faniga qiziquvchi 10, 11-sinf oʻquvchilaridan iborat guruh shakllantirilib, Toshkent tibbiyot akademiyasining Fargʻona filialiga, Fargʻona politexnika institutiga, TATUning Fargʻonadagi filiallariga taʼlim muassasalari bilan yaqindan tanishtirish maqsadida sayohat uyushtirildi. Oliy taʼlim muassasalariga sayohatni tashkil etish ishlari Innovatsion rivojlanish vazirligining Davlat va jamiyat qurilishiga innovatsiyalarni joriy etish boshqarmasi bilan Fargʻona viloyatidagi barcha OTMlar prorektorlari hamda direktor oʻrinbosarlari hamkorligida amalga oshirilmoqda.

Mazkur sayohatlarni davomiyligini taʼminlash maqsadida OTM professor-oʻqituvchilari tomonidan har oyda kamida 2-marta qoʻshma dars mashgʻulotlarini oʻtkazish yuzasidan tuman xalq taʼlimi boʻlimi, OTM prorektorlari va vazirlikning xodimlari tomonidan dars jadvallari shakllantirildi.

Bundan tashqari, tumandagi iqtidorli yoshlar bilan sayyor uchrashuvlar oʻtkazilib, ularning roʻyxati shakllantirilib borilmoqda. Mazkur xizmat safarida amalga oshirilayotgan amaliy ishlar tumandagi maktab oʻqituvchilari va oʻquvchilarining ilm-fanga, bilim olishga intilishlarini oshishiga xizmat qilmoqda.