Yangiliklar

Oʼzbekistonda ilk bora qishloq xoʼjaligi sohasida tijoratlashtirishga tayyor boʼlgan ilmiy ishlanmalar koʼrgazmasi oʼtkazilmoqda

16 sentyabrь kuni Innovatsion rivojlanish vazirligi binosida Oʼzbekistonda ilk bora qishloq xoʼjaligi sohasida tijoratlashtirishga tayyor boʼlgan ilmiy ishlanmalar koʼrgazmasi ochildi. Uch kun davom etadigan koʼrgazmada yurtimizdagi ilmiy-tadqiqot institutlari, ilmiy va innovatsion markazlari tomonidan 200 taga yaqin qishloq xoʼjaligi sohasidagi ilmiy ishlanmalar namoyish etiladi.

Koʼrgazmani tashkil etishdan asosiy maqsad vazirlikning yangi binosida muloqotlar maydonini tashkil etish, ishlab chiqarish va ilm-fan oʼrtasidagi mavjud jarlik oʼrtasida koʼprik yasashdir. Bu maydon olimlar tomonidan yaratilgan yangi ishlanmalarni taqdim etish bilan bir qatorda ulardagi kamchiliklarni bartaraf etish uchun ham imkoniyatdir. Koʼrgazma talabga mos ravishda vazirlik tomonidan istiqbolli loyihalarga moliyaviy mablagʼ ajratish, intellektual mulkni himoya qilishda yordam koʼrsatish, ilmiy ishlanmaning bozor talablariga javob beradigan prototipini ishlab chiqarish, tarmoqqa tayyor mahsulotni yetkazib berish choralarini koʼrishga koʼmak beradi.

Tadbirda «Olim-tarmoq», «olim-ishlab chiqaruvchi» oʼrtasida muloqotni oʼrnatib, ular oʼrtasidagi muammolarni zudlik bilan hal qilinishi koʼzda tutilgan. Hozirda xususiy tadbirkorlar, klaster rahbarlari, fermerlar va olimlar oʼrtasida muloqotning kamligi bois qishloq xoʼjaligida qator muammolar yechilmay turgani kuzatilmoqda. Mazkur koʼrgazma uni yechishga qaratilgan.