Yangiliklar

Hindistonlik professor Innovasion rivojlanish vazirligining faxriy elchisi etib tayinlandi

Innovasion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov Hindistonning “Nath Bio-Genes (I)” kompaniyasi vakili Dr. Kulkarniga O‘zbekiston Respublikasi Innovasion rivojlanish vazirligining Hindistondagi fahriy elchisi sertifikatini topshirdi.

Dr. Venkatesh N. Kulkarni vazir bilan uchrashuvga qadar Toshkentdagi ilmiy-tadqiqot muassasalari, Samarqand, Buxoro shaharlaridagi agroklasterlar, agrar yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan tashkilot va korxonalarga tashrif buyurib, O‘zbekistonning urug‘chilik sohasidagi imkoniyatlari bilan tanishdi. Uchrashuv davomida 2020 yili paxta urug‘chiligi ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma korxona hamda tuproq analizi laboratoriyasini tashkil etish kerakligi aytib o‘tildi.

Ta'kidlash joizki, joriy yilning bahorida Hindistonda bo‘lib o‘tgan “Jo‘shqin Gujarat-2019” Xalqaro investision sammit doirasida imzolangan hujjatlardan kelib chiqqan holda, Innovasion rivojlanish vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Andijon viloyati hokimligi tomonidan Xindiston urugchilik kompaniyalari bilan hamkorlikda yuqori texnologiyali zamonaviy urug‘chilik klaster korxonalari tashkil etilmoqda. Ayni paytda Hindistonning "Kalash seeds" kompaniyasi bilan to‘rt tomonlama Anglashuv memorandumi imzolanib, biznes reja va shartnoma tuzish masalalari yuzasidan ishlar olib borilmoqda.

Mazkur klasterda yurtimiz urug‘chiligi rivojlangan paxta, bug‘doy kabi strategik muhim o‘simliklarning sifatli, hududiy iqlim va tuproq sharoitlariga mos urug‘lari bilan bir qatorda sabzavot urug‘larini yetishtirish ham yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, mazkur loyiha doirasida oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash borasida ilmiy izlanishlar ham olib boriladi. Zamonaviy texnologiyalarni qo‘llagan holda sifatli urug‘larni yetishtirish, ularning o‘zgarib borayotgan iqlim sharoitlariga moslashtirilgan, kasalliklarga chidamli, sifatli navlarini yaratish oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlashning bosh mezonlaridan biridir.

Shu o‘rinda urug‘chilik sohasida 40 yildan beri yetakchilik qilib, Hindiston qishloq xo‘jaligining rivojlanishiga salmoqli hissa qo‘shib kelayotgan Hindiston kompaniyalarining tajribasi, ular foydalanayotgan texnologiyalarning yurtimizda joriy etilishi sifatsiz, hosildorligi past, tegishli tuproq-iqlim sharoitlariga mos kelmaydigan, kasallik va zararkunandalarga bardoshlilik darajasi past bo‘lgan o‘simliklarning tarqalishini oldini oladi. Sifatsiz urug‘ ekib, mehnat va xarajatlarning ko‘kka sovurilishiga barham beriladi. Hindistonning ichki bozoriga va xorijiy davlatlarga turdagi urug‘lik mahsulotlarini yetishtirib berayotgan kompaniyalar bilan hamkorlik natijalari respublikamiz urug‘chilik sohasini yangi bosqichga olib chiqishi kutilmoqda.