Vazirlik haqida

Ilgʻor xorijiy tajriba, jahon fanining zamonaviy yutuqlari, innovatsion gʻoyalar, ishlanmalar va texnologiyalar asosida iqtisodiyotning barcha tarmoqlari va ijtimoiy sohani jadal innovatsion rivojlantirishni taʼminlash maqsadida, shuningdek, 2017 — 2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 29 noyabrdagi №PF-5264 son “Oʻzbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vazirligini tashkil etish toʻgʻrisida”gi Farmoni hamda 2017 yil 30 noyabrdagi №PQ-3416 son Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi Qarori ga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tashkil etildi.

Vazirlik

  • Oʻzbekiston Respublikasini innovatsion va ilmiy-texnik rivojlantirish sohasida jamiyat va davlat hayotini har tomonlama rivojlantirishga, mamlakatning intellektual va texnologik salohiyatini oshirishga qaratilgan yagona davlat siyosatini amalga oshiradi;
  • innovatsion faoliyatni uning samaradorligi indikatorlari asosida baholaydi, ilgʻor texnologiyalarni birinchi darajada joriy etish talab qilinadigan tegishli tarmoq va sohalarni rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlarini belgilaydi;
  • innovatsion gʻoyalar, ishlanmalar va texnologiyalarni joriy etish masalalari boʻyicha davlat boshqaruvi organlari, ilmiy-tadqiqot va axborot-tahlil muassasalari hamda boshqa tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtiradi;
  • ilmiy-tadqiqot, taʼlim va boshqa muassasalar tomonidan amalga oshiriladigan davlat ilmiy-texnikaviy dasturlari va loyihalarining yagona buyurtmachisi hisoblanadi;

Vazirlik vazifalari

  • mamlakatni rivojlantirishning uzoq muddatli ssenariylarini hisobga olgan holda innovatsiyalarni ishlab chiqish hamda davlat va jamiyat qurilishiga joriy etish, shuningdek, jamiyat va davlat taraqqiyotini taʼminlovchi ilmiy tadqiqotlar va ilgʻor texnologiyalarning ustuvor va istiqbolli yoʻnalishlarini rivojlantirish strategiyasini belgilash;
  • tez oʻzgaruvchan jahon konʼyunkturasini hisobga olgan holda iqtisodiyotning jadal rivojlanishini taʼminlash boʻyicha strategik va oldindan rejalashtirish;
  • aholi hayot darajasi va sifatini yaxshilash, uning farovonligini oshirishni taʼminlash boʻyicha davlat organlari va tashkilotlari faoliyatini har tomonlama tahlil qilish va prognoz qilish, shuningdek, mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatining barqaror oʻsishi uchun zarur shart-sharoitlarni taʼminlay oladigan fan va innovatsiyalarni rivojlantirishning zamonaviy infratuzilmasini shakllantirish;
  • qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish va intensiv rivojlantirishga yoʻnaltirilgan innovatsiyalarni joriy etish;
  • ijtimoiy rivojlanishga, shu jumladan taʼlim va sogʻliqni saqlash tizimiga innovatsiyalarni joriy etish;
  • atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish tizimiga innovatsiyalarni joriy etish;
  • davlat ilmiy-texnik va innovatsion siyosatining ustuvor yoʻnalishlarini belgilash hamda grant asosida fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarning davlat ilmiy-texnikaviy dasturlarini tasdiqlash;
  • mamlakatni rivojlantirishning uzoq muddatli ssenariylarini hisobga olgan holda nou-xaularni ishlab chiqish, innovatsion faoliyat va raqobatbardosh ilmiy-texnika mahsulotlari bozorini kengaytirishga yoʻnaltirilgan zamonaviy texnologiyalarni joriy etish;
  • innovatsion gʻoyalar, ishlanmalar va texnologiyalarni joriy etish boʻyicha xalqaro hamkorlikni rivojlantirish hamda normativ-huquqiy bazani takomillashtirish.