Davlat ilmiy dasturlari

ILMIY FАOLIYATGА OID DАVLАT DАSTURLАRI

Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan ilmiy-tadqiqot ishlariga davlat buyurtmasi mexanizmi joriy etildi, dolzarb tematik mavzular boʼyicha muntazam ravishda tanlovlarni eʼlon qilib borish amaliyoti tatbiq etildi. Vazirlik tomonidan muntazam ravishda tashkil etilayotgan tanlovlar doirasida shakllantirilgan hamda iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohadagi dolzarb muammolarning ilmiy yechimini taʼminlashga qaratilgan amaliy va innovatsion loyihalar davlat buyurtmasi sifatida bajarilmoqda.

Ushbu yoʼnalishdagi ishlar Vazirlar Mahkamasining “Ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatni rivojlantirishning normativ-huquqiy bazasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida” 2020 yil 9 martdagi 133-son qarori bilan tasdiqlangan “Ilmiy-tadqiqot ishlariga davlat buyurtmasi toʼgʼrisida”gi nizomga muvofiq tashkil etilmoqda.

Bunda eʼlon qilingan har bir tematik mavzu yoʼnalishini aniq yakuniy mahsulotga qaratish va loyiha doirasida ajratilgan mablagʼlarni chuqur ilmiy izlanishlar olib borishga, shuningdek ish haqidan tashqari asbob-uskunalar, xom-ashyolar hamda boshqa zarur materiallar xarid qilish va natijada yuqori qiymatga ega, tijoratlashtirish imkoniyati yuqori boʼlgan yangi texnologiyalar (ishlanmalar, mahsulotlar) yaratilishini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Shu asosda har bir ilmiy loyiha doirasida nufuzli ilmiy maktablar va zamonaviy ilmiy asbob-uskunalardan iborat infratuzilma yaratilmoqda.

Vazirlik huzuridagi ilmiy-texnik kengashlar tomonidan loyihalarning xolis va haqqoniy ekspertizasini oʼtkazish va bunda shaffoflikni taʼminlash masalalari doimiy nazoratga olindi. Ilmiy-texnik kengashlar tarkibini muntazam rotatsiya qilish amaliyoti joriy etilib, ekspertiza jarayonida salbiy holatlar aniqlanganda masʼul ekspert-olimlarni muayyan muddatga ilmiy-texnik ekspertizadan chetlashtirish, ayrim hollarda ilmiy-texnik loyihalarda ijrochi sifatida ishtirok etish huquqidan maxrum etish qabi qatʼiy choralar koʼrilmoqda.

Ilmiy faoliyatni tartibga sotishga oid normativ-huquqiy hujjatlarda quyidagilar belgilab qoʼyilgan:

Oʼzbekiston Respublikasining “Ilm-fan va ilmiy faoliyat toʼgʼrisida”gi Qonunining 6-moddasiga asosan Innovatsion rivojlanish vazirligi ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasidagi loyihalar tanlovini oʼtkazadi va ularni moliyalashtiradi, shuningdek ilmiy loyihalar boʼyicha davlat buyurtmalarini shakllantiradi, davlat roʼyxatini yuritadi, bajarilishini monitoring qiladi;

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 29 noyabrdagi PF-5264-son Farmoniga muvofiq Innovatsion rivojlanish vazirligi ilmiy-tadqiqot, taʼlim va boshqa muassasalar tomonidan amalga oshiriladigan ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari va loyihalarining yagona buyurtmachisi hisoblanadi;

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 7 maydagi PQ-3698-son qarorining 6-bandiga asosan Innovatsion rivojlanish vazirligi grantlar asosida amalga oshirilayotgan fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarning tizimli monitoringini amalga oshiradi;

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 14 iyuldagi PQ-3855-son qaroriga asosan davlat byudjeti mablagʼlari hisobidan moliyalashtiriladigan fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarni bajarish doirasida muassasalar tomonidan yaratilgan ilmiy va ilmiy-texnikaviy faoliyat natijalari, texnik loyihalar yakunlanganidan va (yoki) ular belgilangan tartibda roʼyxatdan oʼtkazilganidan keyin tijoratlashtirilishi shart.

 

I. Ilmiy-tadqiqot ishlariga davlat buyurtmasi talablariga muvofiq ilmiy loyihalar mavzularini shakllantirish boʼyicha.
Ilmiy-tadqiqot ishlariga davlat buyurtmasi talablariga muvofiq tematik mavzularni shakllantirishda quyidagilarga alohida eʼtibor qaratilmoqda:

taklif etilayotgan mavzu doirasida ilgari grant asosida loyiha bajarilgan boʼlsa – uning natijalari (ilmiy asoslari), tavsiya etilayotgan mavzu doirasida bajarilishi rejalashtirilgan ilmiy loyihadan farqli jihatlari aniq bayon etilganligi;

tavsiya etilayotgan mavzu doirasida bajarilishi rejalashtirilgan ilmiy loyiha yakunida qoʼlga kiritiladigan muhim ilmiy natija – mahsulot, yangi ishlanma, texnologiyaning aniq tavsifi bayon etilganligi;

ilmiy loyiha yakunida qoʼlga kiritiladigan muhim ilmiy natija – mahsulot, yangi ishlanma, texnologiyaga qaysi tarmoqda (sohada) qancha talab/extiyoj mavjudligi aniq raqamlarda koʼrsatilishi (shu texnologiya asosida mahsulot/xizmat ishlab chiqarilsa yiliga/oyiga qancha talab/extiyoj mavjud (raqamlarda asoslangan tahlillar keltirilishi zarur);

ilmiy loyiha yakunida qoʼlga kiritiladigan muhim ilmiy natija – yangi ishlanma, mahsulot, texnologiya uning xorijiy/mavjud analoglari bilan taqqoslangan holda qiyosiy ustunligi raqamlar bilan solishtirilishi, tahlil qilinishi, agar shu kabi mahsulotlar import qilinayotgan boʼlsa import oʼrnini qoplash va kelgusida ushbu texnologiya asosida mahalliy xom-ashyo asosida mahsulot ishlab chiqarishni tashkil etish istiqbollarining chuqur tahlil qilinganligi;

ilmiy loyiha yakunida yaratiladigan  yangi ishlanma (texnologiya) asosida mahsulot/xizmat ishlab chiqarishning resurs/xom-ashyo bazasi va zarur infratuzilmaning (ilmiy laboratoriya, kelgusida seriyalab ishlab chiqarish uchun ishlab chiqarish bazasi) mavjudligi asoslab berilganligi;

mavzu doirasida bajariladigan loyihani amalga oshirish (yangi ilmiy ishlanmani yaratish) uchun sarflanadigan yillik mehnatga haq toʼlash xarajatlari (shu jumladan, xizmat safari xarajatlari), ilmiy tadqiqot uchun zarur boʼlgan asbob-uskunalarni xarid qilish xarajatlari, shuningdek zarur reagentlar, reaktivlar va butlovchi qismlarni sotib olish xarajatlaridan kelib chiqib yillik moliyalashtirish hajmi miqdori asoslab berilganligi;

taklif etilayotgan mavzuning manfaatdor tarmoq (xoʼjalik boshqaruvi organi) bilan kelishilganligi (agar kelishilgan boʼlsa) toʼgʼrisidagi maʼlumotlar (xat sanasi, raqami, nusxasi) keltirilganligi.

II. Ilmiy loyihalarning dastlabki texnik ekspertizasini tashkil etish boʼyicha.
Ilmiy loyihalarning dastlabki texnik ekspertizasiga quyidagilarni nazarda tutuvchi yangi tartib kiritildi:

Fan va ilmiy-texnik tadqiqotlarni rivojlantirish boshqarmasi tomonidan tanlovga taqdim etilgan har bir ilmiy loyihaning tanlov shartlariga muvofiq unda tadqiqot dizaynining asoslanganligi (amalga oshiriladigan ilmiy-tadqiqot ishlarining usullari va metodologiyasi qisqa va loʼnda keltirilishi), moliyaviy hisob-kitoblarning toʼgʼri shakllantirilganligi, bunda sarflanadigan yillik mehnatga haq toʼlash xarajatlari (shu jumladan, xizmat safari xarajatlari), ilmiy-tadqiqot uchun zarur boʼlgan asbob-uskunalarni xarid qilish xarajatlari, shuningdek zarur reagentlar, reaktivlar va butlovchi qismlarni sotib olish xarajatlarining loyiha maqsad va vazifalariga mosligi koʼrib chiqiladi;

dastlabki texnik ekspertiza jaryonida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish uchun uch ish kunidan kam boʼlmagan muddat belgilanadi;

agar loyiha taqdim etgan tashkilot (muassasa) aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etgan holda qayta ishlangan ilmiy loyihani uch kun  muddatda taqdim etmasa, loyiha koʼrib chiqish jarayonidan olib tashlanadi va ilmiy ekspertizadan oʼtkazilmaydi. Mazkur holatda loyiha hujjatlari uni taqdim etgan tashkilotga (muassasa) qaytarib yuborilmaydi hamda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda vazirlikda saqlanadi. 

 

III. Ilmiy-texnik kengashlarda loyihalarning ilmiy ekspertizasini tashkil etish boʼyicha.

Ilmiy ekspertiza quyidagi yangi printsiplar asosida tashkil etiladi:
bundan buyon ilmiy-texnik kengashlarda vazirlik tomonidan ilmiy ekspertizadan oʼtkazish uchun taqdim etilgan loyihalarning barchasi (ularning 2 nafar ekspert tomonidan ekspertiza natijalariga koʼra qoʼyilgan ballarning miqdoridan qatʼiy nazar) tegishli ilmiy-texnik kengashlarda ochiq muhokamadan (taqdimot) oʼtkaziladi;

moliyalashtirishga tavsiya etilmagan loyihalarning rahbarlariga tegishli ilmiy-texnik kengashlar majlisining yakunida asoslangan tushuntirishlar beriladi (mavjud eʼtirozlar muhokama etiladi) va moliyalashtirishga tavsiya etilmaganligining sabablari (ekspertiza va ochiq muhokama natijalari)  ilmiy-texnik kengash bayonida qayd etiladi; 

loyihalarni birlashtirib, yagona loyiha sifatida moliyalashtirishga tavsiya etishda ularning maqsad va vazifalari oʼzaro bir-birini toʼldirishi va yakuniy yagona natijani taʼminlashiga eʼtibor qaratiladi, moliyaviy hisob-kitoblar qayta koʼrib chiqiladi, bunda loyihalar ushbu talablarga javob bermasa, zoʼrma-zoʼraki birlashtirishga yoʼl qoʼyilmaydi;

agar koʼrib chiqilayotgan loyihada ilmiy-texnik kengash (ITK) raisi, oʼrinbosari yoki ilmiy kotibi loyiha rahbari yoki ijrochi sifatida ishtirok etayotgan boʼlsa, ushbu shaxslar ITK yigʼilishi muhokamasida qatnashmasligi, bu esa bayonda alohida qayd etilishi lozim;

bir yoʼnalish (mavzu)dagi 2 ta loyihani aynan bir mustaqil ekspert tomonidan koʼrilishi oʼrniga 2 nafar boshqa-boshqa ekspertlar tomonidan ekspertiza qilinishiga, shuningdek aynan bir mavzudagi loyihalarni turli yondashuv bilan baholanishiga yoʼl qoʼyilmaydi.

 

IV. Ilmiy-tadqiqot ishlariga davlat buyurtmasi talablariga muvofiq bajrilayotgan ilmiy loyihalarning monitoringini tashkil etish boʼyicha.
Oʼzbekiston Respublikasi Davlat  byudjeti mablagʼlari hisobidan ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida bajarilayotgan barcha turdagi ilmiy loyihalarning bajarilishi (olingan muhim ilmiy natijalar va ularning kalendarь rejaga hamda loyiha hujjatlariga mosligi, ajratilgan moliyaviy mablagʼlarning maqsadli sarflanayotganligi va h.k.) mazkur loyihalarning bajarilishiga bir yil yil toʼlgandan soʼng keyingi oyning yakuniga qadar ijrochi tashkilotga joyiga chiqqan holda (zarur hollarda onlayn tarzda) monitoring qilib boriladi.

Monitoring jarayonida quyidagilarga alohida eʼtibor qaratiladi:

ilmiy-tadqiqot ishlarining loyiha boʼyicha imzolangan shartnoma va uning kalendarь rejasiga asosan bajarilishi holati;

ijrochi tashkilot tomonidan ilmiy loyihaning bajarilishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratib berilganligi;

ajratilgan moliyaviy mablagʼning maqsadli sarflanayotganligini taqdim etilgan hujjatlar hamda masʼul shaxslar tomonidan tayyorlangan taqdimotlar asosida oʼrganish va tahlil qilish asosida ilmiy loyihalarni bajarish jarayonida ilmiy-tadqiqot olib borish uchun yangi va zamonaviy yuqori texnologik asbob-uskunalar bilan jihozlangan ilmiy laboratoriyalar tashkil etilganligi (ajratilgan mablagʼning kamida 40 foizini moddiy-texnik bazaga toʼgʼri yoʼnaltirilganligi);

ilmiy loyihalarning bajarilishida doktorantlar va yosh olimlarning ishtiroki, ularni yetakchi mahalliy va xorijiy ilmiy markazlarda qisqa muddatli ilmiy stajirovkalarga yuborish ishlarining holati;

ilmiy loyihalar natijalari boʼyicha yetakchi xorijiy jurnallarda maqolalar chop etish boʼyicha erishilgan natijalar va ularning mavjud salohiyatga nisbatan qiyosiy tahlili;

har bir loyiha doirasida qoʼlga kiritiladigan yakuniy natija(lar) va u(lar)ning tijoratlashtirish imkoniyatlari tahlili;

har bir loyiha kesimida mavjud muammo va kamchiliklarni oʼrganish asosida ularni bartaraf etish yoki belgilangan tartibda tegishli choralar koʼrish yuzasidan takliflar ishlab chiqish.

Ilmiy faoliyaga oid davlat dasturlari doirasida loyihalar bajarilayotgan tashkilotlar – ilmiy-tadqiqot va oliy taʼlim muassasalarining ilm-fan boʼyicha oʼrinbosarlari hamda ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʼyicha prorektorlari vazirlik monitoring guruhiga lavozimi boʼyicha aʼzo hisoblanadi va monitoring guruhi rahbarining koʼrsatmasiga koʼra oʼrganish jarayoniga bevosita jalb etiladi.

 

V. Ilmiy-tadqiqot ishlariga davlat buyurtmasini shakllantirishga oid vaqtinchalik elektron platformani ishga tushirish boʼyicha.
Quyidagilar maʼlumot uchun qabul qilinsin:

Oʼzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʼlari hisobidan moliyalashtiriladigan davlat ilmiy dasturlarining yagona intellektual (fundamental, amaliy va innovatsion loyihalarni (tematik, maqsadli, tashabbuskor) shakllantirish, tanlab olish, ekspertizadan oʼtkazish, hisobotini yuritish, monitoring qilish, baholash, kelgusida joriy qilish va tijoratlashtirish uchun ilmiy ishlanmalarni tavsiya qilishni oʼz ichiga olgan) elektron platformasini joriy yilning 1-yarim yilligi yakuniga qadar yaratish boʼyicha raqamlatirilgan dasturiy mahsulot ishlab chiqishga qoʼyilgan talablar asosida Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan tanlov eʼlon qilinganligi va hozirgi kunda ijrochi tashkilotlardan takliflar qabul qilinayotganligi;

Fan va ilmiy-texnik tadqiqotlarni rivojlantirish boshqarmasi (Sh.Otajonov) tomonidan dasturchi mutaxassislarni jalb etgan holda www.grant.mininnovation.uz – loyihalar tanlovlari uchun ilmiy loyihalar mavzulari boʼyicha xujjatlarni (takliflarni) taqdim etish/qabul qilish, eʼlon qilingan tanlovlarga loyihalarni qabul qilish, tanlovlarga taqdim etilgan loyihalaning koʼrib chiqish (ilmiy-texnik ekspertizasi) natijalari toʼgʼrisida maʼlumotlarni berish (Tracking)ni yagona platformada jamlovchi vaqtinchalik elektron platforma ishlab chiqilganligi;

Ilmiy-texnika axboroti markaziga (А.Tsoy) www.fan-portal.uz veb-portaliga shu kunga qadar kiritilgan barcha maʼlumotlarni alohida maʼlumotlar bazasi sifatida saqlash, tahlil qilish va undan kelgusida foydalanish yuzasidan amaliy choralar koʼrish vazifasi yuklatilganligi.