Byudjet

“2021 yil 1 iyul holatiga Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi Qonun loyihasiga muvofiq Innovatsion rivojlanish vazirligiga ajratilayotgan byudjet mablagʻlari haqida ma’lumot

Innovatsion rivojlanish vazirligiga 2021 yilda Oʻzbekiston Respublikasining respublika byudjetidan ajratiladigan mablagʻlarning cheklangan miqdorlari 748,4 mlrd. soʻm belgilangan.

Shu jumladan:

Davlat ilmiy-texnik va innovatsion siyosatining ustuvor yoʻnalishlarini belgilash hamda grant asosida fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarning davlat ilmiy-texnikaviy dasturlarini moliyalashtirishga 514,2 mlrd. soʻm;

OTM yoki ITMda tayanch doktorantura, doktorantura yoki mustaqil izlanuvchilik shakllaridagi oliy oʻquv yurtidan keyingi ta’lim xarajatlariga 67,6 mlrd. soʻm;

Ilm-fan va ta’lim sohasidagi davlat tashkilotlarida ilmiy, ilmiy-pedagogik va mehnat faoliyati bilan shugʻullanuvchi ilmiy darajaga ega xodimlarga qoʻshimcha haq toʻlash bilan bogʻliq xarajatlarga 50,0 mlrd. soʻm;

Ilmiy-texnikaviy loyihalar, fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarning davlat ekspertizasini amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlarga 1,5 mlrd. soʻm;

Innovatsion rivojlanish va novatorlik gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari 100,0 mlrd. soʻm;

ob’ektlarni loyihalashtirish, qurish (rekonstruksiya qilish) va jihozlash uchun kapital qoʻyilmalar 4,0 mlrd. soʻm hamda joriy xarajatlarga 11,1 mlrd. soʻm.

  1. Ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari boʻyicha fundamental, amaliy tadqiqotlar hamda innovatsion loyihalarni moliyalashtirishga ajratilgan mablagʻlar toʻgʻrisida.

Ilgʻor xorijiy tajribalar asosida ilmiy-tadqiqot ishlariga davlat buyurtmasi mexanizmi joriy etildi. Yangi tartib sifatida, yakuniy mahsulot va moliyalashtirish hajmi aniq boʻlgan tematik loyihalarga davlat buyurtmasi muntazam ravishda e’lon qilinmoqda.

Innovatsion rivojlanish vazirligiga 2021 yilda Oʻzbekiston Respublikasining respublika byudjetidan davlat ilmiy-texnik va innovatsion siyosatining ustuvor yoʻnalishlarini belgilash hamda grant asosida fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarning davlat ilmiy-texnikaviy dasturlarini moliyalashtirishga 514,2 mlrd. soʻm ajratilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonlari va qarorlari hamda Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlarida belgilangan vazifalar ijrosi boʻyicha ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlariga ajratilgan mablagʻlarning taqsimlanishi quyidagicha belgilanmoqda:

Jumladan, moliyalashtirilishi 2021 yilga oʻtib boruvchi hamda
2021 yil 1 yanvardan moliyalashtiriladigan ilmiy va innovatsion loyihalar uchun 141,3 mlrd. soʻm, fundamental tadqiqotlar tanloviga koʻra moliyalashtiriladigan loyihalar uchun 77,0 mlrd. soʻm, dolzarb mavzular boʻyicha muntazam ravishda e’lon qilinayotgan tanlovga koʻra amaliy va innovatsion loyihalar uchun 132,7 mlrd. soʻm, pandemiya davrida tibbiyot fanlari boʻyicha tadqiqotlarni jadallashtirish uchun 30,0 mlrd. soʻm, ilmiy-tadqiqot loyihalarini tijoratlashtirish xarajatlari uchun 29,2 mlrd. soʻm, yoshlarning innovatsion va startap loyihalarini moliyalashtirishga 50,0 mlrd. soʻm hamda maqsadli loyihalarga ajratiladigan mablagʻlar 54,0 mlrd. soʻm.

Hozirgi kunda (01.07.2021y. holatiga) ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida vazirlikning tegishli Hay’at qarorlariga hamda buyruqlariga asosan yillik moliyalashtirish hajmi 291,9 mlrd. soʻmlik 517 ta loyihalar bajarilmoqda. Shu jumladan, oʻtgan yillardan 2021 yilga oʻtgan 220 ta loyihalarni moliyalashtirishga 141,3 mlrd. soʻm, 18 ta fundamental loyihalarga 10,5 mlrd. soʻm, 189 ta amaliy va innovatsion loyihalarga 89,8 mlrd. soʻm, 8 ta pandemiya davrida tibbiyot fanlari boʻyicha tadqiqot loyihalariga 9,9 mlrd. soʻm, 67 ta ilmiy-tadqiqot loyihalarini tijoratlashtirishga 31,3 mlrd. soʻm, 12 ta yoshlarning innovatsion va startap loyihalarini moliyalashtirishga qoʻshimcha 8,1 mlrd. soʻm, 3 ta maqsadli loyihalarga 1,2 mlrd. soʻm grand mablagʻlari moliyalashtirilgan.