Dolzarb xabarlar

Yosh olimlarni ilmiy stajirovkalarga yuborish bo‘yicha o‘tkazilgan tanlovning II chorak yakunlari natijalari

“Yosh olimlarni yetakchi xorijiy ilmiy tashkilotlarda (markazlar, universitetlar va boshqalar), shu jumladan ilmiy laboratoriyalarni jihozlash uchun sotib olinadigan yuqori texnologik asbob-uskunalarda ishlash metodikasini o‘zlashtirish uchun qisqa muddatli ilmiy stajirovkalarga yuborish maqsadida ularni tanlov asosida saralash tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga va Maxsus ekspertlar guruhining joriy yil 21 iyundagi 19-son, 26 iyundagi 20-son va 27 iyundagi 21-son yig‘ilish bayonlari yakuniy xulosalariga asosan ilmiy stajirovka dasturi taqdimotini o‘tkazgan 1-ilovada keltirilgan nomzodlar ro‘yxati rad etilganligini bildiradi.
Maxsus ekspert guruhining joriy yil 2 iyuldagi 22-son yig‘ilish bayoni umumlashtirilgan yakuniy xulosasiga asosan 2-ilovada keltirilgan nomzodlar ro‘yxati ma’qullandi hamda moliyalashtirish uchun tavsiya etildi.
O‘tkazilgan tanlov muhokamalari natijasiga ko‘ra Maxsus ekspert guruhi nomzodlar taqdimotini har tomonlama, qo‘yilayotgan masalaning dolzarbligi, natijadorligi, aniqligi, tadqiqotchining tajribasini ko‘rib chiqib, mazkur Nizom talablariga muvofiq saralash jarayoni davomida, ko‘pchilik holatlarda kuzatilayotgan kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida, qo‘shimcha tarzda Sizga, quyidagilarni tavsiya qiladi.
Shu jumladan:
ilmiy stajirovka o‘tashga ilmiy-tadqiqot va oliy ta’lim muassasalari tomonidan tavsiya etiladigan nomzodlar ilmiy stajirovka dasturining qabul qiluvchi tomon bilan birgalikda puxta ishlab chiqilgan
va asoslanganligi, qo‘yilayotgan masalaning maqsad va vazifalarining dolzarbligi, ilmiy yoki iqtisodiy samaradorligiga, aniqligiga, zamonaviy ilmiy metodologiyadan foydalanganligi hamda tadqiqotchining tajribasi kabi mezonlarga alohida e’tibor berilishi;
ilmiy stajirovka dasturlarini tasdiqlashda dasturlar har bir nomzod bo‘yicha alohida chuqur taxlil qilingan holda tayyorlanib, mavzulari bir birini takrorlamasligiga va ilmiy stajirovkaning ilmiy-tadqiqot va/yoki oliy ta’lim muassasasining yo‘nalishlari, ehtiyojlari va talablariga mosligiga rioya etilishi;
nomzodlarning xorijiy tillarni tasdiqlangan o‘z dasturlari doirasida ish faoliyatini amalga oshirishda zarur bo‘lgan darajada bilishi va qo‘llay olishiga nomzodni tavsiya qilgan ilmiy tadqiqot muassasasining ma’suliyatini oshirish;
ilmiy stajirovkaning davomiyligi bo‘yicha uzoq muddat belgilanishini asoslanganligi va zarur hollarda qisqartirilishi;
ilmiy stajirovka uchun talab etiladigan mablag‘lardan yashash xarajatlarini belgilashda Adliya vazirligida 2015 yil 19 noyabrda 2730-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan Nizomga asosan belgilangan me’yorlardan oshib ketmagan holda tasdiqlovchi xujjatlar asosida iqtisodiy tejamkorligi va stajirovka uchun muayyan avzalliklarga (masofasi yaqinligi, qulay transport qatnovi yoki va shu kabilar) egaligi, asoslangan takliflar asosida belgilanilishi maqsadga muvofiqdir.
Ma’lumot tariqasida, ta’kidlash lozimki, hozirgi kunda ilmiy kadrlar tayyorlash jarayonini jadal rivojlantirish va sifatini oshirish, iqtidorli yoshlarni ilm-fanga keng ko‘lamli jalb qilish, oliy ta’lim
va ilmiy muassasalarning ilmiy salohiyatini mustahkamlash va undan respublikaning innovatsion rivojlanishida samarali foydalanish masalalari alohida ahamiyat kasb etadi.
Yuqoridagilarni hamda yosh olimlarni ilmiy stajirovkalarga yuborish maqsadida tanlov o‘tkazish har chorakda tashkil etilishini inobatga olgan holda, navbatdagi tanlov jarayonlariga mazkur Nizomlar talabi bo‘yicha va tavsiyalarga mos holda barcha tegishli ma’lumot (hujjat)larni to‘liq, sifatli hamda belgilangan muddatlardan kechiktirmasdan taqdim etishingiz so‘raladi.

Tanlov yakuni natijalari Innovatsion rivojlanish vazirligining 2019 yil 5 iyuldagi 01-51/3658-son xati bilan ro‘yxat bo‘yicha vazirlik va idoralarga yo‘llangan.