Dolzarb xabarlar

Olimlarga yuqori reytingga ega ilmiy jurnallarda maqola chop etishga koʻmak beramiz!

Innovatsion rivojlanish vazirligi olimlarning ilmiy maqolalarini yuqori reytinga ega ilmiy jurnallarda chop etishga koʻmaklashish maqsadida “Proofreading Service” xizmatini taqdim etadi.

Proofreading – bu olimlar tomonidan tayyorlangan ilmiy maqola matnini yuqori reytingga ega boʻlgan jurnallar talablariga muvofiq tahrir qilish, yozma ingliz tili matnini yaxshilash, orfografik va grammatik xatolarni bartaraf etish, belgilangan texnik talablarga moslashtirish xizmati.

Ushbu xizmatdan Oʻzbekiston Respublikasida faoliyat yuritayotgan barcha tashkilotlarda mehnat qilayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari yoki fuqaroligi boʻlmagan olim va mutaxassislar bepul foydalanishlari mumkin.

Ilmiy maqolalar ilmiy maqola chop etilishi rejalashtirilayotgan yuqori reytingga ega ilmiy jurnal(lar)ning texnik talablariga mos tarzda rasmiylashtirilgan holda Innovatsion rivojlanish vazirligiga Microsoft Word (.doc yoki .docx) formatida ingliz tilida taqdim etilishi lozim.

Maqolada uning muallifining F.I.Sh., ish joyi va lavozimi, telefon raqami va elektron pochta manzili koʻrsatilishi lozim.

Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan barcha talablarga muvofiq qabul qilingan ilmiy maqola(lar) bir oy muddatda “Proofreading Service” xizmatini koʻrsatuvchi xalqaro tashkilotlarga yuboriladi.

“Proofreading Service” xizmatini koʻrsatuvchi xalqaro tashkilotlar tomonidan qabul qilinib, koʻrib chiqilgan ilmiy maqolalar toʻgʻrisida ularning mualliflariga maqola topshirilgan muddatdan boshlab ikki oy muddatda elektron pochta orqali maʼlum qilinadi.

“Proofreading Service” xizmatini koʻrsatuvchi xalqaro tashkilotlar xarajatlari Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan Innovatsion rivojlanish va novatorlik gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplanadi.

Innovatsion rivojlanish vazirligi “Proofreading Service” xizmatini koʻrsatish rad etilgan maqolalarning mualliflariga alohida maʼlumot taqdim etish majburiyatini olmaydi.

Qabul qilingan ilmiy maqola(lar) uning mualliflariga qaytarilmasligini maʼlum qilamiz.