Dolzarb xabarlar

“Qadring baland boʻlsin, ona tilim” tanlovida ishtirok eting!

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Maʼnaviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti, Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda Oʻzbek tilini rivojlantirish jamgʻarmasi tomonidan ilmiy tashkilotlar, oliy va oʻrta-maxsus taʼlim muassasalari oʻrtasida oʻzbek tilini targʻib qiluvchi ijodiy izlanishlarni ragʻbatlantirish va ommalashtirishga karatilgan “Qadring baland boʻlsin, ona tilim” tanlovini eʼlon qiladi.

Tanlov Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 21-oktyabrdagi PF-5850-son Farmoni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Oʻzbek tilini rivojlantirish jamgʻarmasining faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida” 2020-yil 10-fevraldagi 73-son qarorida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida tashkil etildi.

Tanlovda oʻzbek tilining lugʻat boyligini oshiruvchi lingvistik, sohaviy-terminologik, izohli lugʻatlar yaratish, davlat tilida sohaviy ish yuritish hujjatlarining yagona elektron namunalarini ishlab chiqish va ulardan foydalanish uchun onlayn dasturlar yaratish, dasturiy mahsulotlarning oʻzbekcha ilovalari va elektron lugʻat dasturlarini yaratish, xorijliklar uchun oʻzbek tilini oʻrgatuvchi dastur va darsliklar yaratishda ilgʻor natijalarga erishgan oliy va oʻrta-maxsus taʼlim muassasalari, innovatsion texnoparklar, mustaqil ilmiy izlanuvchilar va dasturchilar, qiziquvchilar qatnashishi mumkin.


Tanlovga quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha ilmiy-amaliy ishlar qabul qilinadi:

- oʻzbek tilining lugʻat boyligini oshiruvchi lingvistik, sohaviy-terminologik, qomusiy lugʻatlar yaratishni ragʻbatlantirish;

- davlat tilida sohaviy ish yuritish hujjatlarining yagona elektron namunalarini ishlab chiqish va ulardan foydalanish uchun onlayn dasturlar ishlab chiqilishini ragʻbatlantirish;

- dasturiy mahsulotlarning oʻzbekcha ilovalari va elektron lugʻat dasturlarini yaratish;

- xorijliklar uchun oʻzbek tilini oʻrgatuvchi dasturlar, darsliklar, oʻquv qoʻllanmalari yaratish;


Tanlovga taqdim etiladigan ilmiy loyihalar til-tanlov@mininnovation.uz elektron pochtasi orqali joriy yilning 31-iyuliga qadar faqat elektron shaklda qabul qilinadi.

Tanlovga taqdim etiladigan ilmiy loyihalar, ishlanmalar quyidagi hujjat ijrochi tashkilotning rahbari tomonidan imzolangan yoʻllanma xati birga taqdim etilishi lozim.

Tanlovga belgilangan mavzu va yoʻnalishlarga mos keladigan soʻnggi ikki yil ichida yaratilgan (nashr etilgan/patentlangan) lugʻatlar, elektron dasturlar, amaliy qoʻllanmalar taqdim etilishi mumkin.

Tanlovga taqdim etilgan dasturiy mahsulotlarga ulardan foydalanish boʻyicha yoʻriqnoma ham ilova qilinishi lozim.

Elektron shaklda taqdim etilmagan ilmiy-amaliy ishlar tanlovda ishtirok etmaydi.

Ilmiy-amaliy loyihalar quyidagi mezonlar asosida baholanadi:

– tadqiqotning ilmiy-amaliy yangiligi, dasturiy mahsulotning mazmuniy va texnik mukammalligi;

– mavzuga mosligi va dolzarbligi. Ilmiy tadqiqot va dasturiy mahsulotning tanlov mavzusiga hamda tanlov oldiga qoʻyilgan maqsad va vazifalarga mos kelishi;

– gʻoyaning oʻziga xosligi. Dasturiy mahsulot foydalanish uchun qulay boʻlishi va avval yaratilgan boshqa dasturiy mahsulotlarni aynan takrorlamasligi;

– amaliy qoʻllanmalarning qulay va soddaligi, zamonaviy pedagogik yutuqlardan foydalanilganligi”.