Vazirlik faoliyati

        1. “Nurafshon” intellektual transport tizimi (ITT) loyihasi.

  1. Toshkent shahrida sinov tarzida “Aqlli svetoforlar” oʻrnatiladi.

    Loyiha boʻyicha sinov ishlarini Nurafshon koʻchasi va Labzak koʻchasi bilan kesishgan chorahadan boshlab Beruniy koʻchasi bilan kesishgan chorahagacha amalga oshirish, shu bilan birga Oqtepa aylana yoʻligacha davom ettirish choralari koʻrilmoqda.

Tavsiya qilingan va hozircha tasdiqlanmagan “Aqlli svetofor”larni oʻrnatish sinov ishlari rejasi

 

Ushbu shahar transport infratuzilmasiga texnologiyalarni tatbiq etish sinov loyihasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan Toshkent transport departamenti, Ichki ishlar bosh boshqarmasi Davlat harakat xavfsizligi inspeksiyasi hamda mahalliy ABL-SOFT dasturiy taʼminotini ishlab chiquvchilar va trafikni nazorat qilish boshqarmasi vakillari bilan uchrashuvda muhokama qilindi.

Hozirgi vaqtda loyihaning texnik koʻrsatkichlari ishlab chiqilmoqda. Loyiha shu bilan eʼtiborliki, u 100 foiz milliy tayyorlangan boʻlib, mahalliy xodimlar va mutaxassislar tomonidan amalga oshiriladi. Shu bilan birga, konsultatsiya va xalqaro tajribani oʻrganish doirasida xorijiy ekspertlar jalb qilinishi istisno etilmaydi.

Bundan tashqari, jamoat transportining qulayligi, avtobuslar intervallari, avtobus bekatlari uchun bepul Wi-Fi va mobil qurilmalar uchun zaryadlovchi stansiyalarni qurish, ixtisoslashtirilgan institutlarni hamkorlikka jalb qilish, “Aqlli svetofor”larni joriy etish va koʻplab masalalar boʻyicha kelishuvlarga erishildi.

 

 2. Davlat temir yoʻl transport infratuzilmasi innovatsiyalarga muhtoj.

 

Tashkil etilgan Forsayt-sessiyada temir yoʻl infratuzilmasini innovatsion rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

Ishtirokchilar tomonidan temir yoʻl infratuzilmasi boʻyicha innovatsion loyihalar ishlab chiqish va jahon bozoriga chiqish usullari, talabalarning innovatsion startap loyihalari bilan tanishuvlar toʻgʻrisida gapirildi, shu bilan birga Toshkent temir yoʻl transporti muhandislari institutida innovatsion ekotizim yaratish taklifi muhokama qilindi.

Toshkent temir yoʻl transporti muhandislari instituti qoshida 3 ta ilmiy laboratoriya va 51 ta oʻquv laboratoriyaning faoliyati bilan birga ularning samaradorligi uchun boshqa manbalar bilan bir qatorda yetarli axborot taʼminotiga ehtiyoj zarur boʻlib, buning uchun xorijiy ilgʻor ilmiy-tadqiqot institutlari yoki sanoat korxonalarining ilmiy laboratoriyalarida amaliyot oʻtash muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Bugungi kungacha institutning 481 nafar talabasi Rossiya oliy oʻquv yurtlariga bakalavr, magistr va doktorantlik yoʻnalishlariga oʻqishga yuborilgan boʻlib, ulardan 248 nafari oʻqishni muvaffaqiyatli bitirib qaytib kelishgan.

Rossiya oliy oʻquv yurtlarining qariyb 30 nafar bitiruvchisi Toshkent temir yoʻl transporti muhandislari institutida, qolganlari esa mamlakatimiz temir yoʻllarida faoliyat olib borishmoqda.

Forsayt-sessiyasida institut talabalarining innovatsion gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati va Toshkent temir yoʻl muhandislari instituti hamkorligida Innovatsiya markazi/akselerator yaratish taklifi bildirildi.

Innovatsiya markazini xalqaro grantlar, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ mablagʻlari, mahalliy grantlar hamda ishlanmalarni tijoriylashtirishdan olingan mablagʻlar hisobiga moliyalashtirish yuzasidan kelishuvga erishildi.

 

3. Innovatsion rivojlanish vazirligi va UZCARD kompaniyasi avtomobillarni blokcheyn tizimi orqali roʻyxatga va hisobga olish tizimi yaratilishini muhokama qilishmoqda.

Avtomobil transporti xavfsizligini taʼminlashning innovatsion usullarini joriy etish loyihasi. 

Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tashabbusi bilan 2019 yil 27 fevral kuni Uzcard kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Uchrashuvda Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan taklif qilingan, hamkorlikda amalga oshirilishi rejalashtirilgan gʻoyalar kompaniya vakillari oʻrtasida qiziqish oʻygʻotdi.

Shu jumladan, avtomobil transporti xavfsizligini taʼminlashning innovatsion usullarini joriy etish, yaʼni anʼanaviy avtotransport va gaz ballon uskunali transportlarni roʻyxatga va hisobga olishning yagona elektron tizimini (blokcheyn texnologiyasidan foydalanish hisobiga) yaratish loyihasi taqdim etildi.

Oʻz navbatida Uzcard kompaniyasi vakillari taklif etilgan loyihani amalga oshirishda dasturiy taʼminotni ishlab chiqish yuzasidan hamkorlik qilishga tayyor ekanliklarini bildirishdi, buning uchun asosiy buyurtmachini aniqlash va uning talablari asosida taklif qilinayotgan loyiha uchun texnik vazifalarni tayyorlash shartlari maʼlum qilindi.

Mazkur davra suhbatida tezkor rivojlanayotgan elektromobillar sohasi uchun yoʻl-transport infratuzilmasini takomillashtirish, foydali ekotizim yaratish va uni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Muzokaralar yakunida transport infratuzilmasini rivojlantirish, sohada samarali ekotizim yaratish hamda transport sohasi xavfsizligini taʼminlash toʻgʻrisidagi masalalar yuzasidan ikki tomonlama hamkorlik qilish boʻyicha kelishuvga erishildi.

 

4. Aqlli bekatlar.

Termiz shahrida “Aqlli bekatlar” soni 10 ga yetkazildi.

 

Bepul Wi-Fi tizimi va onlayn-tablo bilan jihozlangan birinchi ushbu bekatlar 2018 yilning avgust oyi oxirida ochilgan edi.

“Yoshlar” telekanalida ham Termiz shahridagi tadbirkor Alimjon Saparov Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining koʻmagida oʻtgan yil avgust oyining oxirida shahardagi birinchi “Aqlli bekat”ni ochganligi va keyinchalik yana toʻqqizta bekatni ishga tushirganligi toʻgʻrisida maʼlumot berildi.

Saparov mahalliy bankdan olingan yillik 14 foizli imtiyozli kredit xarajatlarini “Aqlli bekat”lar faoliyatidan olinadigan foyda (shu jumladan reklama) hisobidan qoplashini rejalashtirgan. Loyihaning yarmi davlat tomonidan moliyalashtirilmoqda.

“Xar bir bekatda yorugʻlikni va elektr tarmogʻini USB avtonom elektr energiya orqali taʼminlaydigan quyosh panellari mavjud.”

Bekatlarda konditsioner, onlayn-tablo, favqulodda vaziyatlar uchun aloqa paneli, atrof-muhit monitoringi sensori, bepul Wi-Fi, video kuzatuv hamda telefonlarni zaryadlash imkoniyatlari mavjud.

Tadbirkor Saparov tomonidan 2019 yilning yakunigacha yana shunday 20 ta “Aqlli bekat”lar oʻrnatilishi rejalashtirilmoqda.