Yangiliklar

Avtomobil transporti borasida Uzcard kompaniyasi bilan muzokaralar olib borilmoqda

27 fevral kuni Oʻzbekiston Respublikasi Innovsion rivojlanish vazirligi masʼul xodimlari Uzcard kompaniyasi vakillari bilan uchrashdilar. Vazirlik tomonidan hamkorlikda amalga oshirilishi mumkin boʻlgan loyihalar boʻyicha gʻoyalar taklif etildi.

Xususan, avtomobil trancportining xavfsizligini taʼminlovchi innovatsion usullarni joriy etish boʻyicha loyiha taqdim etildi. Mazkur loyihaga koʻra benzinda yuruvchi va gaz ballonli transport vositalarini roʻyxatdan oʻtkazish va hisobini yuritish yagona elektron tizimini (blokcheyn texnologiyasini qoʻllagan holda) yaratish nazarda tutilgan.

Oʻz navbatida Uzcard kompaniyasi vakillari taklif etilgan loyihaga texnik topshiriq tuzishga talab qoʻyadigan asosiy buyurtmachini aniqlangan taqdirda dasturiy taʼminotni ishlab chiqish boʻyicha hamkorlikka tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Shuningdek, uchrashuvda tez surʼatlarda rivojlanib borayotgan elektromobil sohasi uchun yoʻl-transport infratuzilmasini takomillashtirish, samarali ekotizimni yaratish va uni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Muhokamalar yakuniga koʻra tomonlar transport infratuzilmasini rivojlantirish, mazkur yoʻnalishdagi samarali ekotizimni yaratish, transport sohasida xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha hamkorlik haqida kelishdilar.