Yangiliklar

Innovatsiya vazirligi huzurida Yoshlar akademiyasi tashkil etiladi

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Yoshlarni ilm-fan sohasiga jalb etish va ilmiy-ijodiy faoliyatini qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi hujjat loyihasi joylashtirildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi va Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi huzurida 1378 nafar yosh olimlar, doktorantlar va talabalarni birlashtirgan Yosh olimlar kengashlari faoliyat yuritmoqda. Yoshlar ittifoqi huzurida tashkil etilgan Yosh olimlar assotsiatsiyasining 151 nafar yosh tadqiqotchi va talaba aʼzolaridan 38 nafari ilmiy darajaga egadir.

Shu bilan bir qatorda, ilmiy-tadqiqot faoliyatiga iqtidorli yoshlarni jalb etish natijalari tahlili, mazkur sohada qator tizimli muammolar va kamchiliklar mavjudligini koʻrsatdi. Jumladan:

mamlakatimizda ilm-fan va taʼlim sohalarini rivojlantirish doirasida chuqur ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish uchun yosh malakali mutaxassislarni tanlab olishda yosh olimlar va iqtidorli yoshlarning umumiy maʼlumotlar bazasi yaratilmagani jiddiy qiyinchiliklar tugʻdirmoqda;

yoshlar orasidan davlat mukofotlari laureatlari, respublika va xalqaro olimpiadalar gʻoliblari bilan tizimli ishlar olib borilmay, ularga faqat qimmatbaho mukofotlar hamda taʼlim jarayonida belgilangan ayrim imtiyozlar berish bilan cheklanib qolinmoqda;

iqtidorli yoshlar va yosh olimlarni taniqli olimlar rahbarligida ilmiy-tadqiqot faoliyatida birlashtiruvchi va ilmiy maktablarni rivojlantirishga xizmat qiluvchi yagona tizim mavjud emas. Vazirlik va idoralar huzurida tashkil etilgan Yosh olimlar kengashlari faoliyatini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash choralari ishlab chiqilmagan;

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasini doimiy aʼzolarini kadrlar zahirasi bilan toʻldirish masalasi keskinligicha qolmoqda, akademiklarni oʻrtacha yoshi hozirda 77 yoshni tashkil etadi.

Hujjatga koʻra iqtidorli yoshlarni ilmiy tadqiqotlar sohasiga jalb qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni tubdan jonlantirish, mamlakat ilm-fanining xalqaro miqyosdagi raqobatbardoshligini taʼminlashga qodir boʻlgan yosh ilmiy kadrlar korpusini shakllantirishga zamin yaratish, mavjud ilmiy maktablar salohiyatini yanada mustahkamlash hamda usutuvor yoʻnalishlar boʻyicha yangi maktablar yaratish choralarini amalga oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Fanlar Akademiyasi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi va Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqining:

Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzurida Yoshlar akademiyasi (keyingi oʻrinlarda – Yoshlar akademiyasi)ni tashkil etish;

Yoshlar akademiyasining raisligini Oʻzbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vazirining ilmiy darajaga ega oʻrinbosarlaridan biriga yuklatish toʻgʻrisidagi takliflarga rozilik berilishi mumkin.

Belgilandiki, Yoshlar akademiyasining vazifalari:

vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari, ilmiy-tadqiqot va taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda yoshlarni ijodiy va intellektual barkamol etib tarbiyalashga qaratilgan amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish;

maktab va litsey oʻquvchilari, oliy taʼlim muassasalari talabalari va ilmiy darajaga ega yosh olimlar bilan maqsadli ishlashni tashkil etish;

iqtidorli va ilmiy-tadqiqotlarni bajarish qobiliyatiga ega yoshlarni aniqlash, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, yosh olimlarni tayyorlash boʻyicha tizimli ishlarni amalga oshirish;

yoshlarning ilmiy-tadqiqot ishlarini muvofiqlashtirish, ular uchun turli darajalardagi simpozium, konferensiya, davra suhbatlari kabi ilmiy va ilmiy-amaliy tadbirlarni oʻtkazish;

yoshlarning ilmiy koʻnikmalarini shakllantirish jarayoniga xorijiy olim va mutaxassislarni keng jalb qilish, ular ishtirokida seminar-trening va mahorat darslari kabi oʻquv mashgʻulotlarini oʻtkazish;

iqtidorli va ilmiy-tadqiqot faoliyatiga layoqatli yoshlar boʻyicha yagona maʼlumotlar bankini shakllantirish va muntazam ravishda yangilab borish;

ilmiy va innovatsion startap akselerator va biznes-inkubatorlarni tashkil etish asosida yoshlarni tadbirkorlik faoliyatiga tayyorlash va ularni kasbga yoʻnaltirish choralarini ishlab chiqish.

Yoshlar akademiyasida iqtidorli yoshlar va yosh olimlar bilan ishlash:

umumtaʼlim maktablari va akademik litseylar oʻquvchilaridan davlat mukofotlari sohiblari va fan olimpiadalari gʻoliblarini “Yosh bilimdonlar klubiga”;

oliy taʼlim muassasalari talabalaridan davlat mukofotlari laureatlari, davlat stipendiyalari sovrindorlari hamda fan olimpiadalari gʻoliblarini “Boʻlajak olimlar klubiga”;

40 yoshgacha boʻlgan ilmiy daraja egalarini “Boʻlajak akademiklar klubi”ga aʼzolikka qabul qilgan holda, ularning ilmiy-ijodiy salohiyatini roʻyobga chiqarish, har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirishga yoʻnaltirilgan maqsadli tadbirlarni amalga oshirish asosida tashkil etiladi.

Yoshlar akademiyasi doirasida oʻzining faolligi, erishgan yutuqlari salmogʻi, iqtidori, ilmiy salohiyati bilan alohida ajralib turgan, ilmiy tadqiqotlar olib borishga ishtiyoqi baland yoshlarni munosib taqdirlash uchun “Yosh erudit”, “Akademik shogirdi” va “Yosh akademik” koʻkrak nishonlari taʼsis etiladi.

“Yosh erudit” koʻkrak nishoni “Yosh bilimdonlar klubi”ning saralab olingan aʼzolariga eng kam ish haqining uch barobar miqdoridagi;

“Akademik shogirdi” koʻkrak nishoni “Boʻlajak olimlar klubi”ning saralab olingan aʼzolariga eng kam ish haqining besh barobari miqdoridagi;

“Yosh akademik” koʻkrak nishoni “Boʻlajak akademiklar klubi”ning saralab olingan aʼzolariga eng kam ish haqining oʻn barobari miqdoridagi bir martalik pul mukofotlari bilan birga tantanali ravishda topshiriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligida yuridik shaxs maqomisiz Yoshlar akademiyasining Iqtidorli yoshlarning ilmiy intilishlarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda Jamgʻarma) tashkil etiladi.